Koronavirusga uchragan bemorlarni davolayotgan shifokorlar almashdi
Bugun Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasining koronavirus infeksiyasiga qarshi qahramonlarcha kurashgan bir guruh tibbiyot xodimlari yuksak ehtirom bilan kuzatildi. Endilikda ular o‘rnida navbatdagi qahramon tibbiyot xodimlari faoliyat boshlashadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar tarqatdi.
Davlatimiz rahbari shifokorlar faoliyatiga yuqori baho berib: «Dunyo bo‘ylab, xususan, mamlakatimizda shifokorlarning o‘z kasbiga sadoqati, xalqimiz, ota-onalarimiz, farzandlarimiz sog‘lig‘i yo‘lida tunu kun qilayotgan mehnati barchamiz uchun jasorat namunasi bo‘lmoqda», deya o‘z hayoti va sog‘ligini garovga qo‘yib, pandemiya bilan kurashayotgan shifokorlar, hamshiralar, sanitar xodimlarga butun O‘zbekiston xalqi nomidan cheksiz minnatdorlik bildirgan edi.
Prezidentning «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorga ko‘ra, koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotda bo‘ladigan, bemorlar joylashtirilgan ob’yektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilangan.
Yana bir e’tiborli jihati, xalqimiz tomonidan tibbiyot xodimlari va koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda faol mehnat qilayotgan insonlarga dalda bo‘lishmoqda, imkon qadar qo‘llab-quvvatlashmoqda. Ushbu yuksak ehtirom koronavirus infeksiyasiga qarshi mardona kurashayotgan qahramon shifokorlarimiz uchun ulkan rag‘bat va kuch bo‘lishi shubhasiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter