Koronavirusga chalingan navbatdagi homilador ayol farzandli bo‘ldi. Tug‘ruq jarayoni 7 soat davom etdi
Avval xabar berganimizdek, yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar, jumladan, homilador, tug‘ruqdagi va tuqqan ayollarni davolashga alohida ahamiyat berilmoqda.
Bunda poytaxtimizdagi 3-sonli tug‘ruq majmuasi tibbiyot xodimlari alohida fidoyilik ko‘rsatishib, koronavirusga chalingan homilador ayollarni davolashda bor tajriba va bilimini ishga solishmoqda.
Ushbu tibbiyot muassasasida yana bir quvonchli voqea yuz berdi. Koronavirus infeksiyasi aniqlanib, ushbu tug‘ruq majmuasiga olib kelingan beshariqlik homilador ayol G. farzandli bo‘ldi. Jigar yetishmovchiligi bilan xastalangan 21 yoshli ayol joriy yil 19 may kuni Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridan charter reys orqali Toshkentga olib kelingan va karantinga olingan edi.
Unda homiladorlik birinchi yarmi yengil darajadagi toksikoz bilan kechgan. So‘nggi ikki hafta davomida esa oyog‘ida shishlar, nafas siqishi, xansirash, burun bitishi, tomoq qichishishi, ta’m va hid bilish sezgilarining yo‘qolishi, teri sarg‘ayishi boshlangan. Undan olingan tahlil natijalariga ko‘ra, ayolda koronavirus aniqlanib, mazkur 3-sonli tug‘ruq majmuasiga olib kelingach, birinchi navbatda, tahlillar olindi, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
Unda malakali shifokorlar, jumladan, akusher-ginekolog, epidemiolog, anesteziolog-reanimatolog, infeksionist-gepatolog, neonatolog kabi qator mutaxassislar ishtirok etib, zarur va tezkor davo muolajalari olib borildi.
Joriy yil 6 iyun kuni homilador ayolda tug‘ruq boshlanib, tug‘ruq jarayoni 7 soat davom etdi. Tug‘ruqning ikkinchi davrida ayolda nafas yetishmovchiligi, holsizlik, qon bosimini keskin ko‘tarilishi kabi belgilar kuchayib, jarayon namlangan kislorod berish ostida olib borildi. Shunga qaramay, tajribali shifokorlarimizning sa’y-harakatlari natijasida homilador ayol o‘g‘il farzandli bo‘ldi. Eng muhimi, tug‘ruqdan keyingi davrda ayolning hayotiga xavf soluvchi asoratlar kuzatilmadi.
Yanada quvonchlisi esa, chaqaloqdan koronavirusga olingan tahlil natijalari yosh murg‘akda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi.
Ayni paytda chaqaloqning holati qoniqarli bo‘lib, onasi bilan birga shifokorlarning tibbiy kuzatuvida bo‘lib turishibdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter