Koronavirusdan keyingi davr: qaysi mamlakat g‘olib chiqadi?
Hindistonlik sarmoyador, global strateg Ruchir Sharma koronavirus pandemiyasidan keyingi davr qaysi mamlakat uchun zafarli bo‘lishi haqida o‘z mulohazalarini bildirdi. Bu haqda «New York Times» yozmoqda.
Iqtisodiyoti yirik, koronavirus bilan kech to‘qnashgan, biroq hukumati favqulodda choralar ko‘rishga ulgurgan davlat. Mamlakat testlar bilan epidemiyani nazoratga olib, o‘limlar sonini kamaytirishni epladi. Virus tarqalishini jilovlagan bu mamlakat qisqa va aniq muddatli o‘zini ihotalash tartibini joriy etib, ishsizlikni olti foizlik chegarada ushlab qolishga erishdi. Evaziga jahon hamjamiyatining e’tirofi va mamlakat yetakchisi reytingi 40 dan 70 foizga o‘sishiga guvoh bo‘lyapmiz.
Bu yerda gap Angela Merkel boshchiligidagi Germaniya haqida ketyapti. Koronavirus inqirozi sharoitida mamlakat o‘zining eng kuchli va afzal jihatlarini ko‘rsatdi, bu shubhasiz, pandemiyadan keyingi davrda ham uning ulkan iqtisodiyoti gullab-yashnashiga ishonch uyg‘otadi, deydi Sharma.
Haqiqatan ham Germaniya pandemiyaga bas kela oldi: samarali boshqaruv, qarzlarning kamligi, a’lo iqtisodiyot, jahon savdosi ko‘rsatkichlari pasayib ketayotgan bir paytda sifatli nemis tovarlari Germaniya eksportini qutqarib qoldi, bulardan tashqari, hozirgacha AQSh va Xitoy kompaniyalari gegemonlik qilayotgan axborot texnologiyalari bozoriga bemalol kirib borish uchun ham mamlakat ulkan salohiyatga ega.
«Uzoq yillar Yevropa iqtisodiyotining boshqa a’zolaridan ham tejamkor iqtisodiyotni talab qilib kelgan Merkel xonimni «Shvablik uy bekasi» (tejamkor nemis obrazi — tahr.) deb ustidan ham kulishdi. Xo‘sh, qani o‘sha kulayotgan chehralar?», — dedi Ruchir Sharma.
Sarmoyador Germaniyaning keksayib borayotgan, konservativ jamiyat ekanligiga ham urg‘u berdi. Biroq, u juda sekin rivojlanyapti degan tanqidchilar haq emasligi isbotini topdi.
Pandemiya raqamlashtirish va deglobalizatsiya jarayonlarini tezlatib, jahon qarzlarini ko‘paytirib borishi barobarida Germaniya bu chorlovlarni xotirjam qabul qiladi, chunki muammolar yechimini topa oladigan hukumati bor, dedi Ruchir Sharma so‘zining yakunida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter