Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirus: Vazirlik aholini xavotirga tushmay, ogoh bo‘lishga chaqirdi

Koronavirus: Vazirlik aholini xavotirga tushmay, ogoh bo‘lishga chaqirdi

Foto: SSV matbuot xizmati

Bugun 28-fevral kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etdi. Bu haqda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi. 

Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi mutaxassislari bilan birga, tegishli vazirlik va idora mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Unda qayd etilganidek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, virus boshqa mamlakatlarda Xitoyning o‘ziga qaraganda tezroq tarqalmoqda. So‘nggi bir kun ichida Italiyada kasallanganlar soni uch barobarga ko‘paydi va hozirgi kunda 450 nafardan oshdi. Saudiya Arabistoni rasmiylari ehtiyot chorasi sifatida ziyoratchilarning mamlakatga kirishini vaqtincha taqiqlab qo‘ydi.

COVID-19 infeksiyasi bo‘yicha yuzaga kelgan bunday noxush vaziyat mazkur kasallikning yurtimizga chetdan kirib kelish xavfini oshirmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvar kuni “O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoyishi qabul qilinib, tizimli choralar amalga oshirilmoqda.

Anjumanda ta’kidlanganidek, ayni paytda mamlakatimizga yuqumli kasalliklar, jumladan, COVID-19 infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarida 53 ta sanitariya-karantin punktlari xalqaro talab va mezonlar asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda ushbu punktlarda boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati mas’ullari belgilangan standartlar bo‘yicha ish olib bormoqda. Yurtimizga koronavirusni aniqlash bo‘yicha zamonaviy test-sistemalari, shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalari, tibbiy texnika va tibbiy buyumlar zahirasi yaratilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatuvchi shtab tashkil qilingan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

Lekin bu xotirjam bo‘lishga asos bo‘la olmaydi, deyildi matbuot anjumanida. Shuning uchun ham kecha dastlab Sog‘liqni saqlash vazirligida, so‘ng Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir rahbarligida “Epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasi”ning navbatdagi yig‘ilishida ham bu borada kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalar belgilab berildi. Mamlakatimizdagi barcha havo va temir yo‘llarida tashkil qilingan sanitariya-karantin punktlari, hududlarda tuzilgan shtablar faoliyatini bugungi kun talabidan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqish, mehmonxonalar va korxonalar, mahalla, ichki ishlar organlari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ularga davlat tomonidan qo‘yilayotgan talab, tavsiyalarni o‘z vaqtida yetkazish, tibbiy-patronaj xizmatini yanada yaxshilash, maktabgacha ta’lim, o‘rta maktab, oliy o‘quv yurtlari va jamoat joylarida sanitariya talablariga rioya qilish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, epidemiya keng tarqalgan mamlakatlardan kelgan har bir fuqaroni to‘liq 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olish, birlamchi tibbiyot muassasalarining vrach va patronaj hamshiralari tomonidan gripp, O‘RI va o‘tkir pnevmoniya kasalliklarini erta aniqlash ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha vazifalar yana bir bor qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring