Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirus statistikasini yurituvchi institutni yoqib yuborishga urinishdi — Germaniya

Koronavirus statistikasini yurituvchi institutni yoqib yuborishga urinishdi — Germaniya

Robert Kox instituti binosi fasadi hodisadan so‘ng.

Foto: «Reuters»

Yakshanbaga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar Germaniya bo‘yicha koronavirus statistikasini yurituvchi Berlindagi Robert Kox instituti binosiga o‘t qo‘yishga uringan. «RIA Novosti» bu haqda Berlin politsiyasiga asoslanib xabar berdi.

«O‘tgan tunda Robert Kox instituti binosi fasadiga yonuvchi moddalar uloqtirib ketilgan», — deyiladi politsiya bergan ma’lumotda.

Aytilishicha, xavfsizlik xizmati xodimi mahalliy soat 2:40lar atrofida institut fasadiga yonuvchi shishalarni uloqtirgan shaxslarni payqab qolgan. Hodisa oqibatida deraza oynasi singan, hosil bo‘lgan yong‘inni vaqtida o‘chirishga ulgurishgan. Jabrlanganlar yo‘q.

Hujum ortida siyosiy maqsadlar yotgani istisno etilmayapti. Tergov bilan Berlin kriminal politsiyasi shug‘ullanmoqda.

Germaniya kansleri Angela Merkel shanba kungi bayonotida Germaniyada koronavirus pandemiyasi yil boshidagiga qaraganda tezroq tarqayotganini, oldinda og‘ir oylar turganini ta’kidlagandi. Merkel xonim o‘z videomurojaatida fuqarolarni safarlarni bekor qilish, uydan tashqaridagi uchrashuv va tadbirlarga bormaslikka chaqirgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring