«Koronavirus aniqlanmagan» qurbon shifokorlarga kasallik tarqatdi! SSV holatni yashirganmidi yoki test pand berdimi?
Shu yilning 31-may kuni Kitob tumanida koronavirus bilan kasallanganlik bo‘yicha gumonlanish holati qayd etilgan edi. O‘shanda tuman hududi qat’iy karantinga olinib, yopilgandi.
Oradan bir kun o‘tib, Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur hodisa yuzasidan rasmiy bayonot bergandi.
Kitoblik qurbon tarixi
Unga ko‘ra, gumonlanuvchi, 1963-yilda tug‘ilgan fuqaro N.O. Kitob tumanida yashagan. U 2020-yil 10-aprel kuni Qozog‘iston Respublikasiga ketgan (buni karantin davrida qanday uddalagani noma’lum!). Joriy yil 9-may kuni yurtimizga qaytib kelgan va Toshkent viloyatidagi Karantin markaziga tibbiy kuzatuvga olingan. Bir kun o‘tib, 10 may kuni esa Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi terapiya bo‘limiga pnevmoniya tashxisi bilan yotqizilgan.
O‘tkazilgan diagnostik taxlillardan so‘ng bemorda koronavirus aniqlanmagan(!). Bundan avval u jigar sirrozi tashxisi bilan davolangan.
Shu yilning 29 may kuni Kitob tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib kelingan. Koronavirus infeksiyasiga olingan tahlil unda gumon natijani (!) qayd etgani bois surtma namunalari 31 may kuni o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, maxsus laboratoriyaga yuborilgan. Shu kuni u o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan vafot etgan.
Shu yilning 31 may kuni yuborilgan surtma namunalarini takror tekshiruv natijalariga ko‘ra, marhum bemorda koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan(!).
«Demak, bir oy ichida o‘tkazilgan ikkinchi bor diagnostik tahlil ham N.O. koronavirusga chalinmaganligini (!) ko‘rsatgan. U yondosh kasalliklar tufayli vafot etganligi ma’lum bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, qat’iy sanitariya qoidalariga ko‘ra, karantinga olingan fuqarolar ma’lum muddat tibbiy kuzatuvda bo‘lishadi» — deyilgandi SSV bayonotida.
Qashqadaryoda koronavirus o‘chog‘i paydo bo‘ldi
Kecha, 16-iyun soat 23:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 165 nafarga oshdi! Sanoqli soatlarda buncha kasallik qayerdan chiqdi?
SSV xabarida aytildiki, shulardan 104 nafari Qashqadaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida aniqlangan. Bugun ma’lum bo‘lishicha, ushbu holatlarning bir qismi Kitobga to‘g‘ri keladi.
«Koronavirus aniqlanmagan» qurbon kasallik tarqatgan bo‘lib chiqdi
Bugun, 17-iyun kuni Kitob tumanida koronavirusga chalinganlik holati bo‘yicha bugungi vaziyat haqida rasmiy ma’lumot berildi.
Unga ko‘ra:
- Kitob tumanidan jami 73 nafar kishi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida karantinga olingan;
- Shulardan 5 nafar kishida avvalroq kasallik aniqlanib, tasdiqlangan;
- Karantinga olinganlar ichidan bugungi holatda yana 20 nafar kishida kasallik aniqlanib, tasdiqlandi;
- Hozirgi paytda jami kasallanganlar soni 25 nafarni tashkil etmoqda;
- Shulardan 17 nafari tibbiyot xodimlari, qolgan 9 nafar fuqaro, Toshkentdan og‘ir ahvolda Kitobga, ya’ni uyiga qaytib kelib, tez yordam mashinasi orqali tuman shoshilinch ravishda tibbiyot birlashmasiga keltirilgan,barcha tibbiy yordam choralari ko‘rilishiga qaramay, kasallikning og‘ir alomatlari tufayli vafot etgan bemor bilan muloqotda bo‘lgan (!) yaqinlaridir;
- Kasallik aniqlangan jami 25 nafar bemorlarning hozirda ahvoli yaxshi;
Ayni paytda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida karantinga olingan kishilardan tashqari, tumanda kasallik yuqtirganlik holati qayd etilgani yo‘q, deyiladi xabarda.
Kasallik yashirilganmidi yoki...
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus aniqlanmadi deb topilgan qurbon qanday qilib u bilan muloqotda bo‘lgan 17 nafari tibbiyot xodimi va 9 nafar yaqiniga kasallik yuqtirdi? O‘shanda shifoxonama-shifoxona ko‘chirilib, oxiri vafot etgan bemorning haqiqiy kasalligini vazirlik yashirgan edimi yoki O‘zbekistonda foydalanilayotgan testlar to‘g‘ri tashxis (ikki martalab o‘tkazilgani aytilgandi) qo‘yib berolmaydimi?
Bu hodisaning yaxshi va yomon sabog‘i bor. O‘shanda to‘g‘ri yo‘l tutilgani — qurbon bilan muloqotda bo‘lganlarning karantinga olingani bo‘lgan. Yomon jihati esa, bunday noaniqlik sabab o‘nlab insonlarga kasallik yuqqanidir. Yanayam xavotirlisi, bu mavhum holat yagonamidi? Yoki koronavirus aniqlanmadi deya javob berib yuborilganlar, boshqa kasallikdan vafot etdi deya uyiga qaytarilgan marhumlar yana bo‘lganmi?
Kuni kecha prezident o‘tkazgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, so‘nggi ikki haftada yuqish manbai noma’lum bo‘lib qolayotganlar soni Toshkent shahrida 57tani, Navoiy viloyatida 25, Toshkent viloyatida 22 va Qashqadaryo viloyatida 3tani tashkil etgan. Tasavvur qilyapsizmi, aholi orasidagi 100dan oshiq kishining kasallikni qayerdan yuqtirgani ma’lum emas! Kasallik alomati hali sezilmasdan (14 kungacha sezilmasligi mumkin) aholi orasida yurgan yana qanchalab insonlar borligini endi chamalab ko‘ravering. Ayrim ishxonalarga ishga qabul qilish uchun majburiy testdan o‘kazilgan fuqarolar orasidan ham kutilmaganda kasallik chiqib qolayotgani sababi shunda.
Endi vaziyatni yashirish ahvolni yanada og‘irlashtiradi
Shu kunlarda kasallik tarqalishi karantin kuchaytirilgan dastlabki davrga nisbatan ancha oshdi. Bugun ko‘chalar, bozorlar, oshxonalar odamlar bilan gavjum. Ishxonalar ochiq, jamoat transportlari qatnovi yo‘lga qo‘yilgan, karantin cheklovlari yumshatilib borilmoqda. O‘z-o‘zini izolyasiya qilish holati yo‘q. Odamlar ancha xotirjamlikka berilgan. Biz endi pandemiya sharoitiga ko‘nikib, ishimizni davom ettirishga majburmiz. Bunday holatda aniq va ochiq ma’lumotga har qachongidan ko‘proq ehtiyoj tug‘iladi.
Toshkentda 7-iyun kuni koronavirus yuqtirgan 195 bemorning 183 nafari — bitta muassasada ishlayotgan quruvchilar bo‘lgani haqida aytilgandi. Lekin ushbu kompaniya nomi oshkor qilinmadi va bu o‘sha kompaniyaning obro‘yiga zarar yetkazish mumkinligi bilan izohlandi.
Aytishlaricha, o‘sha qurilish kompaniyasi faoliyatini qurilish ob’yektlarida ham, sotuv ofislarida ham davom ettirayapti. Lekin aholi koronavirus o‘chog‘iga aylangan bu ob’yekt haqida xabardor emas.
Qaysidir idoradan bitta kasallik aniqlangani aniq aytilsayu, yuzlab odam virus yuqtirgan joy aytilmasa, g‘alatiroq emasmi?
Qayerda virus o‘chog‘i paydo bo‘ldi, qaysi hududda, qaysi ofisda kasallik tarqaldi, hammasidan xabardor bo‘lishimiz, shunga qarab ehtiyotimizni qilishimiz kerak bo‘ladi.
Katta ehtimolki, mamlakatimizda pandemiyaning ikkinchi to‘lqini endi boshlanadi. Avval boshida aholi orasida manbasi noma’lum sanoqli kasallik aniqlangan bo‘lsa, endi o‘nlab, yuzlab qayd etilmoqda. Xotirjamlikka berilmang. O‘zingizni, yaqinlaringizni ehtiyot qiling!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter