Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

«Koreyscha muhabbat»: Birlashgan Koreya federatsiyasi tashkil topadimi? (davomi)

«Koreyscha muhabbat»: Birlashgan Koreya federatsiyasi tashkil topadimi? (davomi)

Foto: «Bigasia»

(Maqolaning davomi. Boshlanishi ushbu havolada)

Birlashish: qanday iqtisodiy omillar bor?

Shimoliy va Janubiy Koreya, 1953-yilda tugagan urushdan so‘ng, keskin farqli taraqqiyot yo‘llaridan ketdi.

Shimol markazlashgan rejali iqtisodiyot sharoitida ihotalanish va tabiiy resurslarini qazib olishga e’tibor qaratdi. Natija kutilgandek bo‘lmadi. Shimol nainki janubdagi birodaridan ancha ortda qolib ketdi, Osiyodagi eng qashshoq mamlakatlar safida qolib ketdi.

Janub erkin bozor iqtisodiyotini o‘z ichiga olgan global bozor integratsiyasi va uning yuqori texnologik sohalarini kengaytirish yo‘lidan bordi va Osiyodagi 4-yirik iqtisodiyotga aylandi.

Albatta, tafovutda «katta og‘alar»ning hissasi beqiyos.

Yaponiya — ikki koreys davlatining birlashishi yo‘lidagi eng katta xavf va to‘siq

Koreyaning birlashuvi global iqtisodiyotda chuqur o‘zgarishlarga olib keladi. «Goldman Sachs Group, Inc» iqtisodiy tahlillar markazi hisobotiga ko‘ra, Birlashgan Koreya iqtisodiyoti hajmi va ta’siri bo‘yicha Germaniya yoki Yaponiyadan ustun bo‘lishi mumkin ekan. Bu esa Yaponiya iqtisodiyoti uchun qattiq zarba bo‘lishi turgan gap. AQShning «etagini tutgan» Yaponiya Birlashgan Koreyadan ortda qolishi uning qit’a bilan aloqalari qiyinlashuvini ham anglatadi.

Shimoliy Koreyaning iqtisodiy tizimi doimiy betartiblik holatida bo‘lsa-da, u Janubiy Koreyaga foydali qazilmalarini, katta va arzon ishchi kuchini taklif eta oladi. O‘z ulkan sanoatini ta’minlash uchun katta miqdordagi importga tayanadigan, mineral xom ashyoga tanqis Janubiy Koreya uchun bu ayni muddao bo‘lishi mumkin. Xom ashyoga ehtiyoj o‘z hududidan qoplanishi sanoatda xarajatlarni kamaytirib, yanada gurkirab rivojlanishiga asos ham bo‘ladi. «Goldman Sachs Group, Inc» iqtisodiy tahlillar markazining tahlillariga ko‘ra, «Birlashgan Koreya YaIM bo‘yicha dastlab Yaponiyani, 30-40 yil ichida Fransiya va Germaniya ortda qoldiradi. Erkin bozor iqtisodiyoti allaqachon shakllangan va samarali bo‘lgan mamlakat uchun arzon ishchi kuchi va xom ashyo bilan ta’minlash uzoq muddatli o‘sish va muvaffaqiyat uchun eng muqobil yechimdir».

Birlashish ehtimoli qanday?

Singapur sammitidagi (2018 y.) yadrosizlanish bo‘yicha muzokaralar kelgusida Koreyani birlashtirishni muhokama qilish mumkinligiga yo‘l ochib berdi. 2018-yilgi Yangi yil murojaatida Kim Chen In Koreyalar birlashishi mumkinligiga ishora qilgan. Uch oy o‘tgach, Panmunjomdagi sammitda Shimoliy va Janubiy Koreya rahbarlari yil oxirigacha ikkala Koreya o‘rtasida tinchlik o‘rnatish majburiyatini olgan bitimni imzoladilar. Bu umumiy ko‘rinishidan oddiy ko‘rinsa ham, aslida juda katta qadamlar edi.

2018-yildagi saylovlar Janubiy Koreyadagi saylovlardagi eng muhim o‘zgarishlardan biri deyishimiz mumkin. 2018-yil 13-iyun kuni Minjoo so‘llar partiyasi mamlakatning mer/gubernatorlik uchun o‘tkazilgan 17 o‘rindan faqatgina uchtasida yutqazdi, Milliy Assambleyadagi 12 ta o‘rindan 11 tasini yutdi. Bu prezident Mun Chje Inning shimol bilan yaxshi aloqalar uchun kurashgan partiyasi siyosiy qarorlariga ta’sirini kuchaytiradi. Umuman olganda, hozirda ikki davlat tepasida ham bir-biriga u darajda qarshi bo‘lmagan hukumatlarning mavjudligi tarixda uchraydigan noyob, oportunistik vaziyatdir. Birlashish mavhum va uzoq yillarga cho‘ziladigan jarayon, shunga qaramasdan, iqtisodchilar jahon iqtisodiyotini katta tebranishlarga shay turishga undashmoqda.

Konfederativ Koryo Respublikasi: Nemis modeli ishlaydimi?

Rossiya va AQShning jahon sahnasidagi yetakchilik rollari qadrsizlanishi ikki koreys xalqi uchun din, millat, til umumiyligi sababdan ham birlashish uchun yaxshi sharoit yaratib bermoqda. Savol tug‘iladi, «Yagona Koreya» qanday ko‘rinishga ega bo‘ladi?

Xo‘sh, koreya uchun «Nemis modeli» qay darajada ishlaydi?

G‘arb siyosatshunoslari kelajakdagi har qanday birlashma Shimoliy Koreya rejimining qulashi, Koreya Respublikasiga qo‘shilishi va «nemis modeli»ga amal qilishini taxmin qilmoqda. Birlashish emas, balki parchalanish orqali Shimoliy Koreya barbod bo‘ladi, degan tushunchalar ham bor. Ammo birlashish inqirozdan avval yuz bersa-chi?

Albatta, birlashish qanday tashkil etilishi va ishlashi kerakligi to‘g‘risida KXDR o‘z qarashlariga ega. Shimoliy Koreya ehtimoliy davlatni kommunizm g‘oyalari ostida birlashtirishni xohlashini taxmin qilish ham mumkin, ammo bu ikki davlatni birlashish fikridan ortga qaytaradigan holatdir. Ehtimoliy birlashma Xitoy tutgan yo‘ldan boradigan bo‘lsa, Janubiy Koreya ham kvazi-kapitalistik siyosatini tanlashi mumkin. Har holda kapitalizm va kommunizm to‘qnashsa, shunga o‘xshash hodisa yuz beradi.

Nima uchun Konfederativ Koryo Respublikasi?

1980-yilda Prezident Kim Ir Sen neytral federal respublikani yaratish siyosatini belgilab bergandi. Bu orqali har ikki tomon ham o‘z siyosiy tizimlari va hukumatlarini saqlab qolishlari, ammo umumiy federal parlament va hukumatga ega bo‘lishlari kerak edi. Keyinchalik bu Koryo Demokratik Konfederal Respublikasi (DCRK) deb nomlandi (Koryo Koreyaning an’anaviy nomi). O‘shandan beri ba’zi taqrizchilar «demokratik» qismni shovinistik kayfiyatni yuzaga keltirmaslik uchun tashlab, odatda Koryo Konfederativ Respublikasi (CRK) deb atashadi.

Taklif qilingan yana bir ssenariyga ko‘ra, Koreyaning iqtisodiy ittifoqi, ehtimoliy Yevropa Ittifoqiga o‘xshashdir. Bunda Kayesong qo‘shma sanoat majmuasi va Kumgang tog‘-turistik mintaqasi birgalikda boshqariladigan iqtisodiy zonalarga aylanadi.

«Koreyscha muhabbat»: Birlashgan Koryo federatsiyasi tashkil topadimi?

O‘tgan asr 90-yillaridan beri Janubiy Koreya hukumati Shimoliy Koreyaga naqd pul va moddiy yordam yetkazib berdi. Bu «koreyscha muhabbat»ning ilk ko‘rinishi edi, ehtimol.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shimolda hozir umumiy ahvol yomonlashmoqda. Kim Chen In ham tez-tez xastalanib qolmoqda. «Hozirda Pxenyanda sodir bo‘layotgan voqealar ikki davlatning oxiri yaqinlashishini bashorat qilmoqda», dedi «The Search for a Unified Korea» muallifi Gak Xvan.

Birlashgan Koreya mintaqada katta kuchga aylanadi. Qo‘shni davlatlarning bundan xavotiri yangi mamlakat uchun oson bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda. Biroq «koreyscha muhabbat» hammasidan ustun kelishi mumkin.

Buyuk hind shoiri Rabindranat Tagorning Koreya haqidagi qo‘shig‘i beixtiyor yodga tushadi:

«In the golden age of Asia,

Korea was one of its lamp bearers.

And that lamp is waiting to be lighted once again.

For illumination in the East»

«Osiyoning oltin asrida Koreya uni yoritguvchilardan biri edi. Sharq yana bir bor yorishishi uchun o‘sha yoritgichlar yana bir bor yonishini kutmoqdamiz».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring