Tirbandlikda qolmaydigan mashina, o‘zimizga mos tibbiy moslama va sun’iy yomg‘ir – Eco Expo qanday o‘tmoqda?

Tirbandliklar uchun qulay, parking uchun ko‘p joy talab qilmaydigan mashina qanaqa bo‘ladi? Bitta moslama orqali bo‘y, vazn, harorat, qondagi kislorod miqdori va boshqa tibbiy ko‘rsatkichlarni bilib olsa bo‘ladimi? Orol dengizidagi ekotizimni tiklash uchush sun’iy yomg‘ir yog‘dirish taklifiga nima deysiz? Ekologiya vazirligi tomonidan tashkil etilgan Eco Expo Central Asia 2025 xalqaro ko‘rgazmasida shunaqa qiziq narsalar ko‘rdikki, hammasini ham gapirishga vaqt va sahifa yetmay qolishi mumkin.
Misol uchun, ko‘rgazmada Oroldagi ekotizimni yaxshilash uchun sun’iy yomg‘ir yog‘dirish borasidagi mulohazalarni eshitdik. Tadbirda aytilishicha, tabiatni asrash uchun har qanday tashabbusni qo‘llash kerak. Sun’iy yomg‘ir yog‘dirish masalasini esa olimlar hal qilgani ma’qul, agar ular shuni lozim topishsa, balki qachondir qo‘llab ham ko‘rishar.
Ekoturizm
Ko‘pincha toqqa chiqish, dam olish deganda tasavvurlarimiz Bo‘stonliq tumani bilan chegaralanadi. Chorvoq, Bildirsoy va Yusufxonaga bo‘lgan hurmatimiz ulkan, ammo O‘zbekiston undan ham ulkanroq. Keng va juda keng. Tog‘lari, ko‘llari va dashtlari bir olam.
Shu ma’noda ko‘rgazma juda manfaatli bo‘lmoqda. Birgina xaritada ekoturizmning hamma salohiyatini ko‘rishingiz mumkin. Zamonaviy pavilonda cho‘l manzarasi tiklab qo‘yilgani esa, alohida masala. Bularni ko‘rarkansiz, hali boradigan joylaringiz ko‘p ekanini his qilasiz.
Ekomobil
Zamonaviy dunyoning eng katta muammolaridan biri - tirbandlik. Sababi esa o‘zimizda. Ko‘chada yurganingizda bir qiziqib ko‘ring, tirbandlikda turgan aksariyat mashinalarda yakka haydovchi o‘tirganini ko‘rasiz. Oddiy Matiz bo‘ladimi, yoki o‘zi bir uycha chiqadigan kattakon mashinami, bir kishiga xizmat qiladi xolos.
Turin universiteti tomonidan namoyish qilingan ixchamgina elektromobil esa shu ma’noda chinakam haloskor bo‘lishi mumkin. Tasavvur qiling, tirbandlikda energiya isrof qilmaydigan, osongina yo‘lini topib ketadigan, to‘xtab turish uchun katta joy talab qilmaydigan bunday avtomobil qancha muammolarni hal qilgan bo‘lardi. Eng yaxshi tomoni – bunaqa mashina yo‘lakni bir chetida turaveradi, joy talashib qo‘shnilar bilan janjallashishga ham hojat yo‘q.
O‘zimizning odat
Har bir millatning o‘ziga hos jihatlari bo‘ladi, bizga yaqinrog‘i esa – o‘z vaqtida shifokorga bormaslik bo‘lsa kerak. Tan olaylik, hammamiz ham og‘rib qolganimiz hamono shifoxonaga chopavermaymiz.
Shu tomonlama Eco Expo Central Asia 2025da namoyish etilgan tibbiy moslama juda manfaatli bo‘lishi mumkin. Bu moslama bir vaqtning o‘zida kishining bo‘yi, vazni, harorati, qon bosimi, undagi kislorod miqdori va boshqa ko‘rsatkichlarni aniqlab bera oladi. Qulay tomoni, uni istalgan joyga o‘rnatsa bo‘ladi – metro, supermarketlar, konsert zallari va hokazo. Muhimi – qimmat ham emas.
Havo tozalagich
Vahimalarning turi har-xil bo‘ladi, so‘nggi yillarda ommalashgani esa – havo ifloslanishi. Bu ekologik xavfning oldini olish oson emas, ammo mumkin. Eng avvalo tabiatni asrashimiz lozim, qolaversa uy havosini tozalab turish ham katta ahamiyatga ega.
Siz suratda ko‘rib turgan moslama xonadoningiz havosini tezda tozalab beradi. Xorijdagi muqobillariga nisbatan ancha arzon va samarali, uni yasash uchun ham ko‘p narsa kerak emas. Muhimi – tozalagich filtrlarini esa uch oyda almashtirsangiz kifoya.
MehrGo
Endilikda yo‘l chetida taksi kutib turish tarixda qolgan, zamonaviy dunyoni onlayn taksi xizmatisiz tasavvur qilish qiyin. Ammo qanaqa taksi keladi, bilmaysiz. Shu tomonlama MehrGo startapi juda qimmatli – u bilan ayniqsa bolalarni kerakli joyga muammosiz yuborishingiz mumkin. Qulay va xavfsiz.
Startaplar dunyosi
Eco Expo Central Asia 2025 xalqaro ko‘rgazmasi davomida shu qadar ko‘p startaplar namoyish etildiki, har biriga soatlab vaqt ajratsa arziydi. Dala chetidan turib boshqariladigan urug‘ qadagich, tinch maqsadlarda qo‘llaniladigan dronlar, suvni tozalash moslamalari – ularning har biri hayotimizni yaxshilashga qaratilgan. Zotan ko‘rgazmaning maqsadi ham aynan shu edi, har bir o‘tgan kun avvalgisidan yaxshiroq bo‘lishi lozim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter