«Eco Expo Central Asia 2025»: «yashil» texnologiyalar namoyishi va barqaror taraqqiyotning ajralmas qismiga aylanish imkoni

Toshkentdagi «CAEx Uzbekistan» ko‘rgazmalar majmuasida «Eco Expo Central Asia 2025» xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasi mintaqada ilk bor tashkil etilmoqda.
Ushbu keng ko‘lamli tadbir 30 dan ortiq davlatlarni birlashtirib, ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashish, konstruktiv muloqot olib borish va «yashil» transformatsiyani ilgari surish uchun yetakchi platformaga aylanmoqda.
Qayd etish joizki, ko‘rgazma doirasida zamonaviy ekologik yechimlar taqdim etilib, iqlim barqarorligi, resurslarni tejash hamda toza texnologiyalarni joriy etish kabi dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Sun’iy intellekt va yashil energetika sohasidagi innovatsiyalarning o‘ziga xos namunalaridan tortib, suvni tejash va ekologik ta’limga oid ilg‘or yechimlargacha — ko‘rgazma kelajak texnologiyalarining keng qamrovli yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan.
Ishtirokchi mamlakatlar orasida Fransiya, Janubiy Koreya, Tojikiston, Rossiya, Turkmaniston, Italiya, Qozog‘iston, Avstriya, Shveysariya, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Qatar, Xitoy, Xorvatiya, Singapur, BAA, Belarus, Belgiya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Norvegiya, Vengriya, Turkiya, Gruziya, Bangladesh, Misr, Latviya va Falastin kabi davlatlar bor. Bu esa Markaziy Osiyoda ekologik kun tartibiga bo‘lgan yuqori xalqaro qiziqishni yaqqol namoyon etadi.
Global iqlim o‘zgarishi va sanoat inqilobi sharoitida mamlakatda barqaror ekologik muhitni ta’minlashda Davlat ekologik ekspertizasining o‘rni va ahamiyati beqiyos.
«Eco Expo Central Asia 2025» ko‘rgazmasi doirasida Davlat ekologik ekspertizasi uchun alohida pavilon tashkil etilgan.
Ushbu pavilonda Davlat ekologik ekspertizasi xulosalari asosida sanoat korxonalari uchun belgilangan asosiy ekologik talablar — chang-gaz tozalash uskunalari, lokal oqova suv tozalash tizimlari, atmosfera havosini ifloslantiruvchi doimiy manbalarda o‘rnatiladigan avtomatik stansiyalar hamda «yashil belbog‘»larning texnologik maketlari namoyish etilmoqda.
Pavilon shartli ravishda ikki kontrast zonaga — Ekologik ekspertizasiz muhit (ekologik muammolar zonasi) va Ekologik ekspertiza asosidagi rivojlanish (barqaror kelajak zonasi)ga bo‘lingan. Bu ikki hududni ajratib turuvchi markaziy element — tabiatni ifoda etuvchi ramziy daraxt maketi bo‘lib, u yarim qurigan, yarim yashil holda transformatsiya g‘oyasini ifodalaydi.
Ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan e’lon qilingan «Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili» doirasida o‘tkazilmoqda. Ushbu tashabbus O‘zbekistonning ekologik islohotlarni chuqurlashtirish, «yashil» texnologiyalarni keng joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi qat’iy irodasini yaqqol namoyon etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter