Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ko‘p kvartirali uylar tekshiriladi

Ko‘p kvartirali uylar tekshiriladi

Foto: «Xabar.uz»

«O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga ko‘ra,  2023-yil 1-sentyabrdan:

  • seysmik faol zonada joylashgan seysmik xavfsizligi III-IV toifaga kiruvchi ko‘p kvartirali uylardagi umumiy foydalaniladigan joylarda (zinapoya yo‘laklari, cherdak va umumiy foydalanishdagi oshxonalarda) o‘zboshimchalik bilan qurilgan konstruksiyalar;
  • ko‘p kvartirali uylarning, shu jumladan ularning yerto‘la va birinchi qavatidagi zilzilabardoshlikka ta’sir qiluvchi konstruksiyalarga o‘zboshimchalik bilan kiritilgan o‘zgartirishlar aniqlanadi.

Aniqlangan noqonuniy holatlar bo‘yicha qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi.

Seysmik xavfsizligi II–IV toifadagi qurilayotgan yoki mavjud ob’yektlarning konstruksiyasini o‘zgartirish (qavatlar sonini o‘zgartirish, yonma-yon qurish, ustiga qavat qurish) bo‘yicha qurilish ishlarini boshlashga faqat loyihaning o‘zgartirilgan shaharsozlik hujjatlari qayta ekspertizadan o‘tkazilib, ijobiy xulosa olingandan so‘ng ruxsat etiladi.

2023-yil 1-iyundan:

  • seysmik xavfsizligi IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish Loyiha-qidiruv tashkilotlari elektron reytingida «S» va undan yuqori toifaga ega tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi;
  • seysmik xavfsizligi III–IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha qurilish ishlari Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida «SSS» va undan yuqori toifaga (shu jumladan «A» va «B» turdagi barcha toifalarga) ega bo‘lgan qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan bajariladi.

2023-yil 1-oktyabrdan seysmik xavfsizligi II–IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va nazorat funksiyalarini amalga oshirish yo‘nalishlaridagi faoliyat yurituvchi mutaxassislarni sertifikatlash tartibi joriy etiladi.

2024-yil 1-yanvardan ob’yektlarda davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati tadbirlarini tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus bilim va sertifikatga ega mutaxassislar tomonidan amalga oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilarni «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimiga kiritib borish majburiy hisoblanadi va ma’lumotlarning jamoatchilik uchun ochiqligi ta’minlanadi:

  • qurilish ob’yektlari ustidan davlat nazorati;
  • buyurtmachining texnik nazorati;
  • ishlab chiquvchining mualliflik nazorati;
  • pudratchining ichki nazorati tadbirlari;
  • ularda aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlar;
  • ularni bartaraf etish to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring