Konslagerdagi o‘zbeklar taqdiriga oid sirlar o‘rganilmoqda
Navoiy viloyat hokimi maslahatchisi «101 vatandosh izidan» ekspeditsiyasi rahbari sifatida O‘zbekistonning Polshadagi elchisi bilan uchrashdi.
O‘tgan yili G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan Navoiy viloyati hokimligi tashabbusi va homiyligida tashkil etilgan «101 vatandosh izidan» ekspeditsiyasining Germaniya-Niderlandiya-Polsha-Rossiya Federatsiyasi bo‘ylab ilmiy izlanishlari haqida ma’lumot berib borilgan edi.
Quvonarlisi, izlanish davomida urush davridagi o‘zbek askarlari, bedarak ketgan harbiylar va harbiy asirlariga oid hali O‘zbekiston jamoatchiligiga aniq bo‘lmagan qimmatli ma’lumotlar ochiqlandi.
Niderlandiyaning Amersfort shahridagi Russxof qabristonida dafn etilgan 101 o‘zbek askarlari qabriga O‘zbekistondan ilk rasmiy delegatsiya safari tashkil etildi. Ushbu qabristonda dafn etilgan nurotalik askar Saidqul Qahhorov hovlisidan tuproq olib borildi. Tadqiqotchi olim Remko Reydingga Amersfort xalqi timsolida ajdodlarimiz xotirasiga hurmati uchun minnatdorlik maktubi yetkazildi.
Toshkent shahridagi G‘alaba bog‘ida barpo etilgan 101 o‘zbek askari xotirasiga o‘rnatilgan xotira maydoni uchun Amersfort qabristonidan tuproq olib kelindi. Ilk bora Polsha Milliy xotira muzeyi va Navoiy viloyat hokimligi o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasiga asosan 22 nafar o‘zbek mahbuslari taqdiriga oid arxiv ma’lumotlari ochiqlandi, o‘zbek asirlari shaxsi aniqlandi. Hozirda 94 nafar o‘zbek harbiy asirlari taqdiriga oid ma’lumotlar o‘rganilmoqda.
Loyihaning ikkinchi bosqichi esa tarixiy hujjatlarni o‘rganish va o‘zbek harbiy va asirlari qarindoshlarini izlash, Amersfort konslagerida vafot etgan 101 o‘zbek askarlari shaxsini aniqlash, shuningdek Polshadagi Milliy Xotira instituti, Ausshvis xalqaro muzeyi taqdim etgan ma’lumot asosida o‘zimizda chop etilgan Xotira kitobidagi «bedarak yo‘qolgan» degan mavhum iboralarga aniqlik kiritish, o‘zbek xalqining ikkinchi jahon urushiga oid tarixini boyitishdan iboratdir.
Shu maqsadda, Navoiy viloyat hokimi maslahatchisi, ekspeditsiya rahbari Nazirjon Jo‘rayev Polshaning O‘zbekistondagi elchisi janob Yaroslav Grukning bilan muloqot o‘tkazdi.
Yaqin kunlarda Polsha elchisi Yaroslav Grukning Navoiy viloyatiga tashrifi kutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter