Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Komil Allamjonov LGBT haqida: Aslida, bunaqa gaplar odam eshitganda seskanadigan...

Komil Allamjonov LGBT haqida: Aslida, bunaqa gaplar odam eshitganda seskanadigan...

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida ro‘y bergan holatlar bo‘yicha turli xabarlar tarqalgandi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov bunga o‘z munosabatini bildirdi.

«Xorijiy tashkilotlar O‘zbekiston yoki boshqa har qanday davlatga biror talab qo‘yishdan oldin millatning mentaliteti, dini, madaniyati, urf-odatlarini inobatga olishi kerak.

Albatta, inson huquqlari muhim masala va har bir fuqaro yurish-turishidan qati nazar, davlat himoyasida bo‘ladi. Lekin asosiy qismini musulmonlar tashkil etgan bizning yurtda g‘ayritabiiy erkak va ayollarni jamiyat qabul qilmaydi! Muqaddas Islom dinimiz, madaniyatimiz bunga yo‘l qo‘ymaydi.

Mana, Bozorov misolini olaylik, o‘ylab-o‘ylamay gapirishning o‘zi qanday oqibatlarga olib keldi?!

Aslida, bizniki kabi davlatlarda besoqolbozlikka qarshi qonunlar yengillashtirilsa ham, jamiyat buni qabul qilmaydi va bu quruq qog‘ozda qolib ketaveradi. Chunki, jazo bekor qilinib, bunday toifalar bemalol ko‘cha-ko‘yda o‘zini ko‘rsata boshlasa, «samosud»lar ko‘payib ketishi mumkin. Rasmiy jazo belgilanmagan taqdirda ham, musulmonlardan iborat jamiyat ularni baribir qo‘ymaydi. O‘z-o‘zidan kichik betartibliklar katta muammolarni keltirib chiqaradi.

Shuning o‘zi — hamma savolga javob bo‘lishi kerak!

O‘rni kelganda, barcha ommaviy axborot vositalari, blogerlarni LGBT mavzusini tinimsiz yoritishni to‘xtatishga chaqiraman. Bu masalaning hadeb muhokama qilinishi odamlarning etini o‘ldiradi. O‘ta yoqimsiz mavzuni oddiy holdek qabul qila boshlaymiz, bu ketishda. Aslida, bunaqa gaplar odam eshitganda seskanadigan darajada kam quloqqa chalinishi kerak.

Ommaviy muhokama kimlarningdir (ayniqsa, ruhiyati to‘liq shakllanmagan o‘smir-yoshlarning) beixtiyor qiziqishini oshiradi. Natijada, ushbu yaramas holat jamiyat ongiga kishi bilmas singdiriladi. Aqlni ishlataylik, provokatsiyalarga berilmaylik.

Demokratiya so‘zining tub ma’nosi — xalq hokimiyati, degani. Modomiki, xalqning asosiy qismi nimagadir qarshi ekan, demak, uning xohish-tanlovini inobatga olish shart, ana shu — demokratiya!

Kuni-kecha bo‘lib o‘tgan voqealarning sababchilari — blogerlar faoliyatiga AOKA qonuniy baho berishi va qonunni buzgan barchaga jazo qo‘llanilishi zarur.

Men har qanday noqonuniy namoyishlar hamda bezorilikni keskin qoralayman», — dedi Komil Allamjonov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring