Kogonda chiqindilarni saralash va qayta ishlash zavodi ish boshladi
Buxoro viloyatining Kogon tumanida chiqindilarni saralash va qayta ishlash zavodi ish boshladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Korxonaga tumandagi foydalanilmay yotgan bo‘sh bino va inshootlar investitsiya kiritish majburiyati bilan «nol» qiymatda berildi. Shartnomaga ko‘ra, 1,6 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, yordamchi binolar ta’mirlandi. 5,5 milliard so‘mlik investitsiya kiritilib, zavodning asosiy ishlab chiqarish binolari qurildi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va uning viloyat filiali tomonidan ajratilgan 6 million AQSh dollaridan ziyod kredit hisobidan loyihaning birinchi bosqichi nihoyasiga yetkazildi. Xitoyda ishlab chiqarilgan chiqindilarni saralash liniyasi o‘rnatildi. U bir kecha-kunduzda 450 tonnagacha chiqindini qabul qilish quvvatiga ega. Zavodning chiqindilarni saralash liniyasi, aniqrog‘i, korxonasida konveyer asosida dastlab og‘ir jismlar – metall, tosh va shisha, so‘ngra yaroqsiz rezina va avtoshinalar, yog‘och-taxta bo‘laklari, shox-shabba va xazon, makalatura, qurilish chiqindilari, plastmassa idishlar, yaroqsiz va qiyqim matolar saralanadi. Barcha jarayon to‘liq va yarim to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda boshqariladi.
Chiqindilardan tayyorlanayotgan isitish qozonxonalarida foydalaniladigan muqobil piroliz yoqilg‘isi, briket, sintetik tola, qog‘oz karton, to‘qimachilik matosi, pishgan g‘isht, biogumus va boshqa mahsulotlar xaridorgir. Hademay, mato qiyqimlari va yaroqsiz matolardan to‘qimachilik gazlamasi ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Hozirgi paytda chiqindilarni tashish xizmati, saralash, qayta ishlash, qadoqlash sexlari va boshqa yordamchi bo‘linmalarda 350 dan ziyod kishi mehnat qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter