Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kimligimni bilasanmi, men hokimman!»

«Kimligimni bilasanmi, men hokimman!»

Foto: «Pngtree»

«Xabar.uz» saytida «127 yillik kutubxonani kim qutqaradi?» sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Unda Farg‘onadagi ilmiy-tibbiy kutubxona binosi maydoni shahar hokimligining qarori bilan xususiy korxonaga ajratilgani sababli yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turgani achinish bilan tilga olingan va mutassaddilar bu masalaga jiddiy qarashidan umid qilingandi.

Bizga ma’lum qilinishicha, afsuski, hech kim kutubxona fidoyilarining kuyinishlariga e’tibor ham bermagan. Aksincha, bir asrdan ziyod davrdan buyon viloyat shifokorlari bilimlarini oshirishga va mustahkamlashga xizmat qilib kelayotgan xazina asrab-avaylanish o‘rniga har yerga uloqtirilgan.

Kutubxonaning ko‘chirilish jarayoni. Foto: «Xabar.uz»

Kutubxona direktori Elmira Dobrova qo‘ng‘iroq qilib, quyidagilarni gapirib berdi:

— Taassuflarkim, bizning ilmiy-tibbiy kutubxonamiz binosini allaqachon buzib bo‘lishdi. 11 mart, yakshanba kuni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidan navbatchi qo‘ng‘iroq qilib, kutubxona binosi buzilayotganini aytdi. Hang-mang bo‘lgancha yetib borsam yuk mashinalari, obodonlashtirish xo‘jaligi ishchilari, viloyat, shahar hokimlari o‘rinbosarlari, boshqarmamiz boshlig‘i o‘rinbosarlari, ichki ishlar xodimlari jam bo‘lishibdi.

«Yomg‘ir yog‘yapti. Ertaga qoldiraylik. Kitoblar nam tortadi», dedim zorlanib. Ular tushunganday bo‘lib turishgandi, bir bir kishi g‘azab bilan kelib, «Kimligimni bilasanlarmi, men shahar hokimiman!» deganicha eshikni buzishga kirishdi. Ichki ishlar xodimlari meni uning oldiga yo‘latishmadi. «Axir yomg‘ir...» deganimcha qolaverdim. Bu nopisandlik dilimni vayron qilayotgan bo‘lsa-da, o‘zimni qo‘lga olgancha, kuzatib turishga majbur bo‘ldim.

Kitobini o‘g‘irlatgan insonning holi tushunarli. Biroq davlatning, elu yurtining kitoblarini o‘g‘irlatgan kutubxonachining, kutubxona direktorining ahvolini tasavvur eta olasizmi?!

Kutubxonani ko‘chirish azal-azaldan fojiali hol sanaladi. Eziladi, titiladi, tuzatib bo‘lmas shikastlanishlar kitoblarimizni adoyi tamom qiladi. Alaqanchasi o‘g‘irlanishi, noyob kitoblarning yo‘qlikka yuz tutishi... qaysi birini aytay. Kitobini o‘g‘irlatgan insonning holi tushunarli. Biroq davlatning, elu yurtining kitoblarini o‘g‘irlatgan kutubxonachining, kutubxona direktorining ahvolini tasavvur eta olasizmi?!

Kitoblarni g‘ishtni irg‘itganday yuk mashinasiga uloqtirishayotganini ko‘rish va bunga dosh berish... Qaysi kutubxonachi va ma’rifatparvar bunga dosh bera oladi?

Kitoblar, men uchun jon qadar qadrli kitoblar qayerlarga olib ketilayotganini ham bilmay qolaverdim. Biror hujjat taqdim etishni ham lozim ko‘rishmadi. Ertasiga ma’lum bo‘ldiki, bir qism kitoblar viloyat AKMga vaqtincha saqlash uchun (hech qanday hujjat rasmiylashtirilmay), qolgani ko‘ptarmoqli bolalar shifoxonasining harbiy xizmatga chaqiriluvchilar tibbiy ko‘rigi bo‘limiga yetkazilibdi. U yerda 7ta kichkina-kichkina xonalar bo‘lib, bizning kitoblarimiz joy bo‘lishi amrimahol. Avvalgisidan teng yarmiga kichik. Qolaversa, mukammal ta’mirga muhtoj. Chakka o‘tib yotibdi.

Qattiq inventarlarimiz «Ekstrenniy»ning bir xonasida turibdi. Qachon muqim joy berishguncha turaveradi, deb kalitini menga topshirishdi. Hozir tibbiyot xodimlari, tibbiyot oliygohlari, kollejlari talabalari va o‘qituvchi-olimlariga beminnat xizmat qilib kelgan ilmiy-tibbiy kutubxonamiz taqdiri rahbarlarni mutlaqo qiziqtirmayapti.

Ushbu masalada shifokor Muzaffar Abdullayev ham o‘zi fikrini bildirdi:

— Men bu kutubxonadan foydalanib kelayotganimga o‘ttiz yillardan oshdi. Darhaqiqat, ko‘zlarga surgulik noyob kitoblari nihoyatda ko‘p. Shifokor tibbiyot tarixi, buyuk shifokorlar tajribalaridan voqif bo‘lib turishi farz. Men faoliyatimda qancha yutuqlarga erishgan bo‘lsam shu kutubxona tufayli. Tinimsiz o‘qib o‘rganganim sharofatidir.

2000 yilgacha mazkur kutubxonaga yangi tibbiy ilmiy adabiyotlar, badiiy adabiyotlar (40 foizi badiiy adabiyotlar bo‘lib, barcha ulug‘ o‘zbek adiblari va shoirlari, chet el adabiyoti namoyandalari asarlari bor), davriy nashrlar bilan ta’minlanishi zo‘r bo‘lgan. Xorij tibbiyot maktablarining jurnallari ham kelardi. Monografiyalarni aytmaysizmi! Biz ulardan o‘rganardik, ishimizda ijobiy o‘zgarishlar ham salmoqli bo‘lardi. Endi bunday nashrlar orzu bo‘lib qolmoqda.

Kutubxona binosini buzishdan oldin kutubxonachilarga mana bunga ko‘ching, deb munosib bino taqdim etilsa bo‘lardiku.

Hozir o‘zimizda nashr etilayotgan gazeta va jurnallar asosan o‘quvchilar tibbiy savodxonligini oshirishga mo‘ljallangan, o‘rni bor, biroq vrachlarga ko‘p narsa bermaydi. Yetuk shifokorlarga huquqiy asosga ega bo‘lmagan internet materiallaridan ham naf kam. Kutubxona binosini buzishdan oldin kutubxonachilarga mana bunga ko‘ching, deb munosib bino taqdim etilsa bo‘lardiku.

Respublika shoshilinch tibbiy-ilmiy markazi viloyat filialining ilmiy ishlar bilan shug‘ullanuvchi shifokor-olimlari, amaliyotchilari, tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali talabalari, tibbiyot kollejlari o‘quvchilarining kutubxonasi uchun yangi bino qurib berilishi o‘rniga bundayin kechirib bo‘lmas munosabatda bo‘linayotgani behad taajjublanarli, ajablanarli hol.

Prezidentimiz kitob mutolaasi, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga katta ahamiyat berayotgan paytda-ya? Bizning bu muammomiz ijobiy yakun topadi, degan umiddamiz.


Tibbiyot xodimlarining kuyunganlaricha bor. Kitobga bo‘lgan bunday munosabatni nima deb atash mumkin? Yoqimsiz, dahshatli so‘zni aytmoqqa til bormaydi. Kitobni bunday xor qilib bo‘lmaslik, uning uvolidan qo‘rqish hissi vallomat rahbarlarning qalbida bormikin asti...

Hafiza Salyahova, «Xabar» muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring