Kimdan qo‘rqyapmiz, nimaga qo‘rqyapmiz?
Hassos Abdulla Qodiriy tavalludiga 125 yil to‘ldi. Bu sana keng nishonlanmoqda. Nashriyotlar adibning ko‘pjildlik asarlarini yangi alifboda chop qilib, o‘quvchilarga taqdim etayapti. Yana boshqa qancha tadbirlar o‘tkazildi, o‘tkazilmoqda. E’tiborlisiki, milliarder Alisher Usmonovning ko‘magida «O‘tkan kunlar» badiiy filmining to‘liq variantini tiklanib, qator telekanallar orqali tomoshabinlarga havola qilindi. Hammasi yaxshi, hammasi a’lo!
Biroq aksariyat tadbirlarda asl haqiqat chetlab o‘tilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Abdulla Qodiriy o‘tgan asrning 30-yillarida stalinizm davri qatag‘oni qurboni bo‘lgani ahyon-ahyonda aytilyapti. Biroq ana shu «qatag‘on mashinasi» richagining tezroq aylanishiga «hissa qo‘shgan» shaxslar haqida ochiq-oshkora gapirilayotgani yo‘q. Bu bilan «o‘zingdan chiqqan baloga, qayga borasan davoga?» qabilida ish tutilayotgandek...
O‘tgan asrning 80-yillarida adibning farzandi Habibulla Qodiriyning «Otam haqida», 90-yillarda esa yozuvchi Nabijon Boqiyning «Qatlnoma» kitoblari chop etilgan edi. Ushbu kitoblarda Abulla Qodiriy, Usmon Nosir kabi talantlarning yo‘q qilinishiga kimlar ko‘proq hissa qo‘shgani aniq hujjatlar asosida isbotlab berilgan...
Afsuski, har ikki kitobga bugun qanchalik ehtiyoj bo‘lmasin, noma’lum sabablarga ko‘ra qayta nashr qilinmadi. Bugun ochiqlik va shaffoflik haqida bong urilayotgan bir davrda ushbu kitoblar qayta chop qilinishi, undagi tarixiy haqiqatdan keng kitobxonlar ommasi xabardor bo‘lishi zarur.
Qodiriy hazratlarining juvormang qilinishida o‘sha paytning taniqli adiblari qo‘li borligi ko‘plarga sirmas. Biroq ularning shaxsi borasidagi haqiqatlar ular yaratgan asarlarga hech qachon soya sololmaydi. Chunki shaxs boshqa, ijod boshqa narsa. Tarix esa tarixligi qilishi, o‘tmishdagi hech narsa yashirilishi kerak emas. Zeroki, yolg‘on bilan sof e’tiqodli avlodni tarbiyalab bo‘lmaydi. Shu boisdan ham «Otam haqida» va «Qatlnoma» kitoblarini qayta nashr qilish ustida jiddiy bosh qotirish shart!
Erpo‘lat Baxt
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter