Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kim Chen Inning singlisi AQShga po‘pisa qildi

Kim Chen Inning singlisi AQShga po‘pisa qildi

Foto: AP

Shimoliy Koreya zarurat tug‘ilsa AQSh hamda Janubiy Koreyaga qarshi shoshilinch va keng ko‘lamli choralar ko‘radi. Bu haqda mamlakat rahbari Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon nomidan bugun, 7 mart kuni tarqatilgan bayonotda so‘z boradi.

Shimoliy Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasida faoliyat yuritib kelayotgan siyosatchining po‘pisalarga boy bayonoti AQSh hamda Janubiy Koreya yirik harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazayotgan paytda yangramoqda. Harbiy mashg‘ulotlar doirada Koreya yarimoroli uzra AQShning yadro qurolini tashishga mo‘ljallangan V-52H uchog‘i parvoz qilmoqda.

Kim Yo Chjonga ko‘ra, Shimoliy Koreya Tinch okeaniga uchiradigan qit’alararo raketa Qo‘shma Shtatlar tomonidan urib tushirilgudek bo‘lsa, bu holat urush ochish deb qabul qilinadi. Bayonotda Shimoliy Koreya bunga javoban tegishli choralar ko‘rishi ta’kidlangan.

Gap shundaki, AQSh Hind-Tinch okeanlari qo‘mondonligi boshlig‘i, admiral Jon Akilino avvalroq agar Shimoliy Koreya Tinch okeaniga qit’alararo ballistik raketa uchirsa, urib tushirilishini ma’lum qilgan edi.   

So‘nggi vaqtlarda Vashington hamda Seulning harbiy hamkorligi kuchaygani Pxenyanning tinchini buzgan.

6 mart kuni ikki ittifoqchi V-52H uchog‘i ishtirokida havo mashqlarini o‘tkazdi. 13–23 mart kunlari ham ikki davlat Shimoliy Koreyaning yadro va raketa tahdidlariga javoban «Erkinlik qalqoni» deb atalgan mashg‘ulotlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Rasmiy Pxenyan Koreya yarimorolida AQSh harbiylarining faollashganini qoralab, real xavf sezilsa, javob choralari ko‘rilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 35 yoshli Kim Yo Chjon ayni paytda Shimoliy Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasining targ‘ibot va tashviqot bo‘limi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda. U akasining vorisi ekani aytiladi. 2020 yilda ham Kim Chen In yurak jarrohligi operatsiyasidan keyin o‘lim to‘shagida yotgani, uning o‘rnini singlisi egallashi haqida ovoza tarqalgan edi.

Ayni choqda, Kim Chen Inning ukasi Kim Pxyon Ir «zaxiradagi voris» o‘laroq ko‘rilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, katta siyosatda tobora nufuzi oshib borayotgan singil Pxenyan Janubiy Koreya bilan urushni to‘xtatishga tayyorligi, ammo buning ma’lum shartlari borligini ma’lum qilgan edi.

Shimoliy Koreya xalq demokratik respublikasi ta’sis etilgan 1948 yildan buyon o‘lkani Kimlar sulolasi idora etib keladi. Jumladan, Kim Ir Sen 1948–1994, Kim Chen Ir 1994–2011 yillarda rahbarlik qilgan. Bobosi va otasidan qolgan «taxt»ni esa 2011 yilda Kim Chen In egallagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring