Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kichik biznesni rivojlantirishda Yaponiya tajribasi o‘rganiladi

Kichik biznesni rivojlantirishda Yaponiya tajribasi o‘rganiladi

Joriy yilning 22-aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Biznesni rivojlantirish banki” va Yaponiyaning Yamagata universiteti o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari hamda kutilayotgan natijalar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi a’zolari, “Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” AJ mas’ul xodimlari, Yamagata universiteti delegatsiyasi a’zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil  14-sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturini samarali amalga oshirish va uni doimiy ravishda takomillashtirib borish bo‘yicha asosiy tayanch bank sifatida belgilangan.

Dasturga asosan tashabbuskorlarning biznes ko‘nikmalarini shakllantirish yo‘nalishidagi qisqa va o‘rta muddatli amaliy o‘quv kurslari bank qoshidagi “Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” tomonidan hududlarda tashkil etilgan 14 ta “Kichik biznesga ko‘maklashish markazlari”da olib borilmoqda.

Yaponiyaning nufuzli universiteti bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan o‘quv kurslarida tadbirkorlar biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish, biznes-rejani ishlab chiqish, loyihalarni moliyalashtirish manbalarini topish kabi yo‘nalishlarda o‘qitiladi.

Shuningdek, yaponiyalik mutaxassislar ko‘magida mahalliy kadrlar orasidan mentorlar tayyorlanadi. Kelgusida “Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” tomonidan tadbirkorlarni o‘qitish ishlari mentorlar yordamida tashkil etilishi rejalanmoqda.

Matbuot anjumanida mazkur muhim vazifa ijrosi va bu borada talab etiladigan ko‘nikmalar xususida ma’lumot berib o‘tildi. Bir qancha hududlarda bo‘lib, tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilgan yaponiyalik mutaxassislar kichik va o‘rta biznes egalaridagi asosiy uchraydigan kamchiliklar xususida ham so‘zladi.

Eng asosiysi, boshlanadigan asosiy mashg‘ulotlar yanada samarali bo‘lishiga tayyorgarlikning muhim jihatlari bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Qayd etish joizki, tadbirkorlikka o‘qitish dasturining Lean Management metodikasi ilk bor Yamagata universiteti tomonidan O‘zbekistonga olib kirilmoqda.

Ma’lumot uchun: 1949-yili tashkil etilgan Yamagata universiteti Yaponiyaning milliy universiteti bo‘lib, jahondagi eng yaxshi 600 universitetlar qatoriga kiradi. Yamagata universiteti 18 mamlakatdagi 48 ta universitet va institutlar bilan hamkorlik qiladi. U yerda faoliyat yuritadigan professor olimlar AQShning “Silikon vodiysi”dagi nufuzli kompaniyalar, “Lyenovo”, “Mitsui” kabi korporatsiyalarning boshqaruvi a’zolari hisoblanishadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring