Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kevin Speysining ahvoli yaxshi, u Toshkent kinofestivalidan mamnun! – Kinofestival Axborot xizmati

Kevin Speysining ahvoli yaxshi, u Toshkent kinofestivalidan mamnun! – Kinofestival Axborot xizmati

Mashhur amerikalik aktyor Kevin Speysi «Ipak yo‘li durdonasi» XV Toshkent xalqaro kinofestivalining yopilish marosimida so‘zga chiqib, taassurotlari bilan o‘rtoqlashgandi. Taniqli yulduz shu bilan birga o‘z sog‘lig‘i haqida ham ma’lumot bergan edi:

– Kim tinchlikni sevmaydi? Taraqqiyotga kelsak, men kecha suratga olish maydonchasida bo‘ldim va bu yerdagi professionallik darajasi o‘zim ishtirok etgan boshqa suratga olish maydonlarining hech biridan kam emas. Maksimal sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda, shunday ekan bugungi natijalar yetti yil oldin bo‘lganidan juda farq qiladi.

Ta’lim? Festival davomida bo‘lib o‘tgan o‘nlab ajoyib mahorat darslarini ko‘ring va baho bering. Bu yosh kinoijodkorlarga o‘zini rivojlantirish uchun yangi tajribalar olish imkonini berdi. Bu qanchalik muhimligini bilaman.

Men ham yosh bo‘lganman va shu orqali tajriba ortirganman. Yoshligimda, kinoni ilk bor kashf qilganimda, meni maftun etgan taniqli kinoyulduzlarga qarardim. Bu yerda qilayotgan ishlaringiz, ayniqsa, aholining 60 foizini tashkil etuvchi yoshlar uchun juda muhim. Bugun festival doirasida taniqli rejissyorning filmlari namoyish etilganda, hatto qorong‘u burchakda o‘tirgan o‘g‘il yoki qiz ham ulardan ilhom oladi. Festivalning mazmun-mohiyati ham shundan iborat, - dedi Speysi.

Kinoaktyor festival misolida Markaziy Osiyo mamlakatlari birlashayotganini ta’kidlab o‘tdi: «Siz amalga oshirayotgan shunday ajoyib loyihangiz bilan faxrlanishingiz kerak va bu sahnada siz bilan birga turish men uchun katta sharaf», – dedi aktyor.

Aynan shu yerda Speysi butun dunyo jamoatchiligini xavotirga solayotgan sog‘lig‘i haqida ma’lumot berib o‘tdi va Samarqand tibbiy xizmatini ham yuqori baholagan.

– Afrosiyob» muzeyi devoridagi freskalarni tomosha qilayotganimda birdan chap qo‘lim uyushib qoldi. Darhol hamrohlik qilayotgan odamlarga nima bo‘layotganini aytdim. Ular tezda tibbiy markazga borishni maslahat berishdi. Safardan keyin yarim kunni turli tibbiy ko‘riklar bilan o‘tkazishni kutmagandim. Menga g‘amxo‘rlik qilgan shifokorlar juda ehtiyotkor bo‘lishdi va ulardan juda minnatdorman. Nafaqat ushbu tarixiy shahar, balki bu yerda joylashgan ajoyib, zamonaviy tibbiyot muassasasi mavjudligi uchun ham xursand bo‘ldim. Shunday qilib, menda hammasi yaxshi kechdi, – dedi Speysi.

Bundan tashqari, aktyor «Markaziy Osiyo kinosi» tanlovi sovrindorlarini taqdirlash marosimi hamda muxlislar bilan suratga tushishlarda shaxsan ishtirok etdi. Yopilish marosimining ertasi kuni (3 oktyabr) bir guruh kinofestival ishtirokchilari bilan birgalikda Kevin Speysi ham «Afrosiyob» tezyurar poyezdida Toshkentga yetib keldi va shu kunning o‘zida poytaxtdan vataniga jo‘nab ketdi.

Toshkent xalqaro kinofestivali Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda Kevin Speysining ahvoli yaxshi. Shuningdek, aktyor xorijiy va mahalliy nashrlarda aytilganidek Toshkentda emas, balki Samarqandda sog‘ligida noqulaylik sezganini bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring