Saudiya Arabistoni Qur’oni karimning tahqirlanishini keskin qoraladi
Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi Shvetsiyada ekstremistlar tomonidan Qur’oni karim qasddan tahqirlangani hamda musulmonlarga nisbatan provokatsiya sodir etilganini keskin qoraladi. Bu haqda SPA axborot agentligi xabar berdi.
Saudiya tashqi siyosat mahkamasi dunyo ahlini nafrat, ekstremizm hamda diniy muqaddasotlarni tahqirlashdan qaytarib, o‘zaro muloqot, bag‘rikenglik hamda totuvlikka undagan.
O‘tgan hafta daniyalik o‘ta o‘ng harakat rahbari, irqchilik va ayirmachilik ruhidagi chiqishlari bilan otning qashqasidek taniqli bo‘lgan Rasmus Paludan Shvetsiya janubidagi Linchyoping shahrida Qur’oni karimni namoyishkorona yoqib yubordi. Asosan musulmonlar yashaydigan mavzeda ro‘y bergan ushbu fitnakor harakat mahalliy politsiya himoyasida amalga oshirilgan. Shvetsiya mas’ul idoralari an’anaviy ravishda musulmonlarni muqaddas kitob poymol etilishiga toqatli bo‘lishga undagan. Pirovardida ilohiy kitobga nisbatan hurmatsizlik ommaviy norozilik namoyishlari va to‘qnashuvlarga ulanib ketgan.
Rasmus Paludan avval ham bir necha bor Qur’oni karimni namoyishkorona tahqirlagan. Erkinlikni suiiste’mol qilgan bu shaxs 2020 yili Daniya huquq idoralari tomonidan irqchilikda ayblanib qamoqqa olingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter