Kelgusi yildan mansabdorlarni lavozimga tayinlashda yangi tizim joriy etiladi
Hukumatning davlat organlari faoliyatida inson huquq va erkinliklarini ta’minlanishiga rioya etilayotganini aniqlash tartibini joriy etishga oid qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Mazkur hujjat loyihasiga ko‘ra, davlat organlari faoliyatida inson huquq va erkinliklarini ta’minlanishiga rioya etilayotganini reyting asosida baholovchi Inson huquq va erkinliklari indeksi joriy etiladi.
Bunda, Inson huquq va erkinliklari indeksi quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlar va o‘tkaziladigan ijtimoiy so‘rovlar natijalari asosida aniqlanadi:
- jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini davlat organining rahbari yoki boshqa mansabdor shaxsi tomonidan shaxsiy qabullari holati;
- jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini davlat organining rahbari yoki boshqa mansabdor shaxsi tomonidan sayyor shaxsiy qabullari holati;
- jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini davlat organining rahbari yoki boshqa mansabdor shaxsi tomonidan ommaviy qabullari holati;
- Prezident Xalq qabulxonalari, Virtual qabulxona veb-sayti, “Onlayn mahalla” platformasi, ishonch telefon raqami, mobil ilova orqali kelib tushgan shikoyatlar holati;
- davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqishi holati.
Shuningdek, loyihada 2025-yil 1-yanvardan boshlab mansabdor shaxslarni lavozimga tayinlash (saylash), xizmat bo‘yicha lavozimini ko‘tarish yoki tushirishda, maxsus unvonlar berishda Inson huquq va erkinliklari indeksi natijalarini inobatga olish rejalashtirilmoqda.
Hujjat loyihasi bilan Inson huquq va erkinliklari indeksini aks ettiruvchi indikatorlar hamda ushbu indeksni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanyapti.
Inson huquq va erkinliklari indeksini aniqlash avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Davlat organlari hamda Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan tizimga tegishli statistik ma’lumotlar har yili 1-fevralga qadar kiritib boriladi.
Mazkur hujjatni qabul qilinishi yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 20-moddasida belgilangan normalarni, xususan insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qilishi, shuningdek insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilashini aniqlash mexanizmi yaratiladi.
Shuningdek, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatida inson huquq va erkinliklari ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter