Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kechikish uchun ham qobiliyat kerak (ashaddiy ishga kech qoluvchi bilan suhbat)

Kechikish uchun ham qobiliyat kerak (ashaddiy ishga kech qoluvchi bilan suhbat)

Foto: «Xabar.uz»

— Suhbatimizni ishga kech qolishning inson salomatligiga ta’siridan boshlasak.

— Ichuvchilar nazarida spirtli ichimliklar iste’mol qilishning sog‘liqqa foydasi bo‘lgani kabi kech qolishning ham odam organizmiga nafi juda katta. Eng avvalo yurak ekstremal vaziyatlarda ishlashga o‘rganadi, demak, chiniqadi. Kishi epchil va abjir bo‘ladi, ko‘rish va eshitish qobiliyati oshadi, nostandart fikrlash shakllanadi. Lekin har narsada bo‘lgani kabi bu yerda ham me’yor zarur. Chunki ishdan haydash uchun mo‘ljallangan tepkidan na baquvvat yurak va na chaqqonlik qutqarib qola oladi.

— Sizlarda ham vatanparvarlik, yurtga sadoqat hissi bormi?

– Albatta bor. Biz faqat o‘z vatanimizda ishga kech qolamiz. Axir o‘zga yurtlarda bizni umuman qadrlashmaydi-da. Mazza qilib kech qololmaysanam. Darrov oyligingni qirqishadi yoki pattani qo‘lga tutqazishadi. Shu o‘rinda xorijda ishlayman deb, ishga kech qolib yurgan vatandoshlarimizga aytmoqchimanki, o‘zga yurtlarda dakki eshitib yurgandan ko‘ra xuddi shu gaplarni o‘z uyida, o‘z davlatida, jonajon ona tilida eshitib yurishsa bo‘lmasmidi?

Kollaj «Xabar.uz»

— Sohani rivojlantirish bo‘yicha takliflaringiz bormi?

– Rag‘bat bor joyda o‘sish ham bo‘ladi. Taklifim yurtimizda «Xizmat ko‘rsatgan ishga kech qoluvchi», «Xalq kech qoluvchisi» faxriy unvonlari, «Kech qolishdagi xizmatlari uchun» medali, «Faxriy kech qoluvchi» esdalik nishoni joriy etilsin.

— Ustoz-shogird an’anasi yo‘lga qo‘yilganmi?

– Ustoz ko‘rmagan chalasavodlar har hafta, har oy ishxonani o‘zgartirishga majbur. Ustoz etagini tutishda gap ko‘p. Ustozlarimning aksariyati endilikda tiriklar orasida, qolganlari esa hamon ishga kelganlar orasida yo‘q.

— Dushmanlaringiz bormi?

– Ishga ancha erta keluvchilar ashaddiy dushmanlarimiz. Ularning dastidan ishga maza qilib kech kelolmaysan ham. Xudoning o‘zi insof bersin ularga.

— Kech qolishning hayotingizga ta’siri haqida nima deya olasiz?

– Kech qolish qon-qonimga singib ketgan. Nafaqat ishga, boshqa joylarga ham doim kechikaman. Masalan, farzandimni tug‘ruqxonadan olib chiqishga borsam, yangangizning uyga borganiga bir oydan oshgan ekan. Birinchi sinfda o‘qiydigan qizimni maktabdan olay desam, ikkiga o‘tibdi, qarang. Bir kuni fotihagarchilikka borib, uy egalariga sabr tilasam, xonadonda bayram bo‘layotgan ekan. To‘g‘risini aytay, to‘yimga ham kechikib borganim uchun sevganimgamas, boshqasiga uylanganman. Hammasi mayliku-ya, hatto chimildiqqa ham kechikib kirganimga nima deysiz?

— Biz uchun qimmatli vaqtingizni ajratganingiz uchun katta rahmat.

– Albatta, vaqtim juda qimmat. Chunki shu paytgacha ne-yechta joyga kech qolishga ulgurardim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring