Kattaqo‘rg‘ondagi “Oqtoshdon”ning filiali tugatilib, ishchilari “ko‘chaga haydalayotgani” aytildi. Ularga kompensatsiya to‘lanmaydimi?

Savol: Samarqand viloyatidagi “Oqtoshdon” AJga qarashli Kattaqo‘rg‘on filialida ishlayman. Korxonamizda 90 kishi ishlaydi, lekin 2022-yilning 6 oyi va 2023-yilning 3 oyi davomida korxonaning aybi bilan ishchilar oyliksiz mehnat ta’tiliga chiqarib yuborildi. Hozirda korxonani klaster bo‘ladi, deb tugatmoqchi. G‘alla o‘rim-yig‘imi boshlanganiga qaramay, ko‘p ishchilarga ogohlantirish xati ham berilmasdan ariza yozdirib olinmoqda.
Bunday hollarda ogohlantirish va tegishli tartibda kompensatsiya to‘lanishi kerak emasmi?
Avvalo ish beruvchi xodimni xohishisiz majburan ish haqi saqlanmaydigan ta’tilga chiqarishi g‘ayriqonuniy. MK 241-moddasi 2-qismiga ko‘ra, xodimning yozma arizasiga ko‘ra unga ish haqi saqlanmaydigan ta’til berilishi mumkin bo‘lib, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi.
Bundan tashqari ish haqi saqlanmaydigan oxirgi ta’til berilgan kundan e’tiboran kalendar yil davomida uzluksiz yoki jamlangan holda 3 oydan oshmasligi kerak.
Ish beruvchi xodimni majburan ish haqi saqlanmaydigan ta’tilga chiqarsa, bu MJtK 49-moddasiga ko‘ra, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda (3 million 300 ming so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘z navbatida esa, xodim ham ish beruvchi bilan kelishmasdan ish haqi saqlanmaydigan ta’tilga chiqa olmaydi, MK 242-moddasidagi holatlar bundan mustasno.
MK 266-moddasiga ko‘ra, ish beruvchining aybi bilan bekor turib qolingan vaqt uchun (iqtisodiy, texnologik, texnik yoki tashkiliy sabablarga ko‘ra ishni vaqtincha to‘xtatib turish) xodimning o‘rtacha ish haqi miqdorida haq to‘lanadi.
Ish beruvchiga va xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bekor turib qolingan vaqt uchun bekor turib qolingan vaqtga mutanosib ravishda hisoblangan tarif stavkasining (maoshining) kamida uchdan ikki qismi miqdorida haq to‘lanadi.
Savolingiz sal mavhumroq korxona tugatilyaptimi yoki qayta tashkil etilyaptimi? Shuni aniqlab olish zarur.
MK 156-moddasiga ko‘ra, tashkilotning mulkdori almashganda, xuddi shuningdek tashkilot qayta tashkil etilganda (qo‘shib yuborilganda, qo‘shib olinganda, bo‘linganda, ajratib chiqarilganda, o‘zgartirilganda) yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar xodimning roziligi bilan davom ettiriladi.
Demak, bu holatda xodimning roziligi bilan mehnat munosabatlari davom etaveradi, mehnat shartnomasi bekor qilinmaydi.
Agar xodim mehnat munosabatlari davom ettirishga rozi bo‘lmasa, mehnat shartnomasi ushbu Kodeksning 173-moddasiga muvofiq tegishli ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘langan holda MK 156-moddasi bilan bekor qilinadi.
Agar tashkilot tugatilayotgan bo‘lsa, tartib umuman boshqacha bo‘ladi. MK 161-moddasiga ko‘ra, nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish asoslangan bo‘lishi kerak.
MK 165-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasi tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) o‘z muassislarining (ishtirokchilarining) yoxud ta’sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga binoan tugatilganda ish beruvchi o‘zining mehnat shartnomasini bekor qilish niyati haqida xodimni kamida 2 oy oldin yozma shaklda (imzo qo‘ydirib) ogohlantirishi shart yoki xodimni ogohlantirish muddatlarini ogohlantirish muddatining davomiyligiga muvofiq keladigan pulli kompensatsiya bilan almashtirishga haqlidir.
Bu holatda ish beruvchi xodimlarni majburlab ariza yozdirib olishi mutlaqo g‘ayriqonuniy hisoblanadi.
Mehnat shartnomasi tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) o‘z muassislarining (ishtirokchilarining) yoxud ta’sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga binoan tugatilsa ish beruvchi xodimga 1-oy uchun MK 173-moddasiga ko‘ra ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lab berishi va 2-3-oylar uchun esa MK 100-moddasida belgilangan kafolatlarni to‘lab berishi zarur.
MK 19-moddasi va Fuqarolik kodeksining 47-moddasiga ko‘ra, tashkilotlarning filiallari, vakolatxonalari uning alohida bo‘linmasi hisoblanadi.
Yuqoridagilarni misol bilan tushuntirib beraman. Siz bilan mehnat shartnomasi tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) o‘z muassislarining (ishtirokchilarining) yoxud ta’sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga binoan tugatilganligi sababli MK 161-moddasi 2-qismi 1-bandiga ko‘ra bekor qilindi.
Demak, tasavvur qilaylik sizning vaziyatingizda 2 oylik ogohlantirish muddati pullik kompensatsiyaga almashtirildi va siz bilan shartnoma 1-iyunda bekor qilindi. Shartli ravishda 2 oylik pulli kompensatsiyani 4 million deb hisoblaymiz. Demak, 2 oylik pulli kompensatsiyani 4 millionni oldingiz. Bu hali boshlanishi.
Bundan tashqari ish beruvchi sizga 1-oy ya’ni iyun oyi uchun ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab beradi. MK 173-moddasiga ko‘ra, ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdori mazkur ish beruvchidagi ish stajiga bog‘liq bo‘ladi. Misol, siz tugatilayotgan korxonada 5 yildan beri ishlayapsiz. Sizga o‘rtacha oylik ish haqingizning 100 foizi miqdorida ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab beriladi. O‘rtacha ish haqingizni –taxminan 2 mln deb olamiz.
Bundan tashqari MK 100-moddasiga ko‘ra, ish qidirish davrida 2 oydan ortiq bo‘lmagan davr mobaynida sizning o‘rtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi, bunda xodimga to‘langan 1 oylik ishdan bo‘shatish nafaqasi ham qo‘shib hisobga olinadi.
E’tibor bering, xodimga to‘langan 1 oylik ishdan bo‘shatish nafaqasi ham qo‘shib hisobga olinadi deyilmoqda ya’ni 2 oylik davrning birinchi oyini ishdan bo‘shatish nafaqasi qamrab oladi. Demak, 1-oy uchun ishdan bo‘shatish nafaqasi 2 million (iyun) + 2 million (iyul) = 4 mln, agar mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab 30 kalendar kun mobaynida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tsangiz, mahalliy mehnat organi bergan ma’lumotnomaga binoan 3-oy uchun ya’ni avgust uchun ham o‘rtacha ish haqi olish huquqiga ega bo‘lasiz: 2+2+2=6 mln (3-oy uchun agar ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsangiz unda 3-oy avgust uchun pul to‘lanmaydi, agar shartnoma bekor qiliniboq ishga kirgan bo‘lsangiz faqatgina ishdan bo‘shatish nafaqasining o‘zi 2 mln to‘lanadi xolos )
Diqqat! Iyul oyi uchun 2 millionni avgustda, avgustning 2 millioni esa sentyabrda to‘lab beriladi. Chunki siz mazkur oylarda ishga joylashmaganligingizni mehnat daftarchasi yoxud elektron mehnat daftarchasining ko‘chirma nusxasi bilan tasdiqlashingiz shart.
Demak, yuqoridagi shartlar va talablarga rioya qilinsa, sizga 2 oylik pullik kompensatsiya ya’ni 4 milliondan tashqari yana 6 mln berilishi kerak. Shunda jami 10 million beriladi.
Diqqat! Agar o‘z xohishingiz bilan ariza yozib bersangiz va shartnoma siz bilan MK 160-moddasiga ko‘ra bekor bo‘lsa, 10 milliondan bir tiyin ham ololmaysiz.
Bundan tashqari sizga yuqoridagi to‘lovlardan tashqari MK 234-moddasiga ko‘ra, agar foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillaringiz bo‘lsa ular uchun ham alohida pulli kompensatsiya to‘lanadi.
Savollaringizni @xabargayoz_bot ga jo‘natishingiz mumkin.
Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter