Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Katta yigirmalik» nimalarni kelishib oldi? Koronavirus, inqiroz, olimpiada, 5 trillion dollar...

«Katta yigirmalik» nimalarni kelishib oldi? Koronavirus, inqiroz, olimpiada, 5 trillion dollar...

Foto: «The Sun»

Shu kunga qadar butun dunyoni tashvishga solayotgan koronavirus allaqachon jahondagi 180 ga yaqin davlatda qayd etildi. Sayyoramizda 537 mingdan ziyod kishi uni yuqtirgan bo‘lib, 24 mingdan ortiq bemor vafot etdi, 124 ming kishi tuzaldi. AQSh kasallikka chalinganlar soni bo‘yicha (85,6 ming) Xitoy (81,3 ming) va Italiyadan (80,5 ming) ham o‘zib ketdi. Ulardan keyin Ispaniya (58 ming), Germaniya (47 ming), Eron va Fransiya (30 mingdan) bormoqda.

Kecha, 26-mart kuni «Katta yigirmalik» (G20) davlatlari yetakchilarining tarixda ilk marotaba virtual sammiti bo‘lib o‘tdi. Asosiy mavzu koronavirusga qarshi kurashga bag‘ishlandi va suhbatlar yopiq rejimda, ikki soat davomida o‘tkazildi.

Ushbu shoshilinch sammit Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan o‘tkazildi. Chunki mazkur formatdagi muloqotga joriy yilda saudiyaliklar raislik qilmoqda. Navbatdan tashqari sammitga Ispaniya, Iordaniya, Singapur, Vetnam, Ruanda, Shveysariya ham qo‘shildi.

Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud sammitni ochar ekan, «Pandemiyaga qarshi kurash barcha darajada va barcha choralarni ko‘rishni talab etadi. Biz — jahonning yirik iqtisodiyotini tashkil etuvchi davlatlar o‘z mas’luyatimizni ko‘rsatishimiz zarur», — deb ta’kidladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hozirgi murakkab vaziyatda davlat «har kim o‘zi uchun» tamoyili asosida ishlay olmasligiga urg‘u berib, koronavirusga qarshi yangi vaksina ishlab chiqarish yo‘lida barcha mamlakatlarni sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.

Putin Xalqaro valyuta jamg‘armasi shafe’ligida Markaziy banklarning hisobidan moliyalashtiriladigan va koronavirusga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun foizsiz qarz berishga yo‘naltiriladigan maxsus fond tashkil qilishni taklif qildi hamda koronavirus pandemiyasi davrida eng birinchi o‘rinda kerak bo‘lgan, asosiy mahsulotlarga qo‘yilgan sanksiyalarga moratoriy joriy etish masalasini ko‘tardi. U Rossiya Federatsiyasi yalpi ichki mahsulotining 1,2 foizini inqiroz bilan bog‘liq masalalarga yo‘naltirishini aytib o‘tdi.

Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In shifokorlar, olimlar va tadbirkorlarga chegaralarda erkin harakat qilish imkoniyatini ta’minlash zarurligini, bu ayniqsa hozirgi davrda juda muhum masalalardan ekanligini ta’kidladi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson esa hozirgi og‘ir vaziyatda barcha rivojlangan mamlakatlarni yangi vaksina ishlab chiqarish dasturlarini moliyalashtirishga chaqirdi. Jonsonning aytishicha, London epidemiyalardan ogohlantirish uchun innovatsiyalar bo‘yicha global koalitsiya deb nomlangan tashkilotni moliyalashtirish uchun 210 million dollar ajratgan.

Turkiya yetakchisi Erdo‘g‘on esa Jahon savdo tashkiloti talablariga qat’iy rioya qilish lozimligini barchaga eslatib o‘tdi.

XXR raisi Si Szinpin global ishlab chiqarish zanjirini saqlab qolish uchun mamlakatlarni faol choralar ko‘rishga da’vat etdi va uning mamlakati jahon iqtisodiyotini barqarorlashtirish bo‘yicha ishlarga o‘z hissasini qo‘shishini bildirdi. Buning uchun Xitoy tomoni bojxona bojlarini va mahsulotlar erkin aylanishi uchun to‘siqlarni olib tashlash tarafdor ekanini aytdi.

Argentina prezidenti Alberto Fernandes yanada ravshanroq fikr berdi: «Ochko‘zlik davri ortda qoldi. Biz atrofda bo‘layotgan hodisalarni qabul qilish uchun qalbimiz va ko‘zimizni kattaroq ochishimiz zarur. Bizning oldimizda katta dilemma turibdi — iqtisodni yoki insonlar hayotini saqlash. Biz hech ikkilanmay insonlar hayotini saqlashni tanlaymiz».

Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafoza barcha ishtirokchilarni sog‘liqni saqlash tizimi zaif rivojlangan va testlar foydalanish imkoni yo‘q Afrikaga yordam berishga chaqirdi.

Umuman olganda, barcha yetakchilar bu galgi inqiroz 2008-yildagidan ko‘ra xatarliroq va og‘irroq bo‘lishini qayd etishdi.

Yaponiyaning Yozgi Olimpiada o‘yinlarini kechiktirish bo‘yicha qarori olqishlandi.

Yakunda esa muhim qarorlar qabul qilindi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVID-19 bilan kurashish bo‘yicha vakolatlari kengaytiriladi. Tashkilotga ulkan mablag‘lar ajratish, shu bilan birga, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarni, ayniqsa, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon bankini ham bu jarayonda faol ishtirok etishga chaqirishdi.

Bu baloga qarshi davlatlar alohida kurashib bo‘lmasligini, iqtisodiyot oqibatlari ham mislsiz bo‘lishini tan olishdi va jahon iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kollektiv, ya’ni «yagona front»da turib, chora-tadbirlar qabul qilishga kelishib olishdi.

Jumladan, pandemiya oqibatlarini yengillashtirish uchun fiskal-budjet siyosati, iqtisodiy choralar va kafolat mexanizmlari doirasida global iqtisodiyotga 5 trillion dollar kiritiladi. Koronavirus oqibatlarining oldini olish bo‘yicha harakatlar rejasi ishlab chiqiladi. Chunki «Katta yigirmalik» davlatlari umumiy yalpi ichki mahsulotlari 2020-yilda 0,5 foizga qisqarishi kutilmoqda.

Darhaqiqat, global yetkazish xalqasining uzilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun chegaralar orqali birlamchi zaruriy mahsulotlar, dori-darmonlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining  uzluksiz o‘tkazilishini ta’minlash juda muhimdir.

G20 oliy darajadagi rahbarlar sammiti shu yil noyabrda Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan, biroq u an’anaviy uchrashuvlar shaklida bo‘ladimi yoki kechagidek virtual shaklda o‘tkaziladimi, hozircha noma’lum. Barchasi pandemiyani tarqalishi va uni bartaraf etish ko‘lamiga bog‘liq.


Kuni kecha Yevropa ittifoqining 27 mamlakati yetakchilari ham selektor yig‘ilishini o‘tkazishdi.

Xususan, Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron Yevropa mamlakatlari yetakchilarini ushbu pandemiya Yevropa ittifoqi asoslarini buzib yuborishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamjihatlik va qat’iy birdamlik ko‘rsatish zarur, dedi fransuzlar vakili.


Albatta, sayyoramiz misli ko‘rilmagan ofatga duchor bo‘lib turgan hozirgi vaziyatda eng rivojlangan barcha davlatlarning boshqa mamlakatlari ko‘magi va tezkor harakati ko‘p narsani o‘zgartirishga va insoniyatga yangi umid uchqunlarini baxsh etishga qodir.

Gulruxsor Ravshanova,
xalqaro sharhlovchi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring