Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Katta siyosatchining «kichik uyi»ga sayohat — Angela Merkel (foto)

Katta siyosatchining «kichik uyi»ga sayohat — Angela Merkel (foto)

Foto: «Yandeks.Dzen»

Dunyoning eng katta ta’sir kuchiga ega ayollari ro‘yxatini so‘nggi o‘n yilliklarda hech kim Angela Merkelchalik ko‘p boshqarmagan. O‘n olti yildirki, hech bir siyosatchi erkakka Germaniyadek qudratli davlat hukumati jilovini bu nozik qo‘llardan olish nasib etmadi.

Uncha ko‘zga tashlanmaydigan, yuzlariga upa-elik begona, odmigina kiyinadigan Merkel xonim. Keyinchalik ayni shu kamtarlik uning «tashrif qog‘ozi»ga aylandi. Katta siyosatchi, maoshi zo‘r, biroq oddiy kvartirada yashab, bozorni o‘zi qiladigan haqiqiy nemis ayoli.

Oltinchi uy

Angela Merkel ishxonasiga yaqin joyda — Kupfergraben ko‘chasidagi besh qavatli 6-uydagi kvartirasida yashaydi. Derazasidan pastga qaralsa, Shpreye daryosi ko‘zga tashlanadi.

Foto: «Pikabu»
Foto: «Obzor»

Kupfergraben — Berlindagi oddiy ko‘chalardan biri. Bu ko‘chadan ham tinmay tramvaylar o‘tib turadi. Darvoqe, bu xizmat kvartirasi emas, nemis hukumatini boshqarishga kelishidan avval Merkel xonim shu uyga ko‘chib kirgan.

Angela Merkeldan oldingi kansler Gerxard Shryoder hukumat ajratgan 200 kvadrat metrli keng va shinam xonadonda yayrab ishlagan. Merkel esa Berlindagi eski uyidan ishga qatnayotganini eshitib, to‘g‘risi, nemislarning unga bo‘lgan hayrat, hurmat, ishonchi karrasiga oshib ketdi.

Merkelning uyi oldida politsiya patrullari tinmay navbatchilik qiladi. Biroq kansler yashaydigan uy oldi hech qachon to‘siqlar bilan o‘rab olinmagan, Kupfergraben ko‘chasi biron marta bekitilmagan. Uy pod’yezdiga kelib, qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lganlarning ko‘zi professor Yoaxim Zauyerning nomi yozilgan lavhaga tushishi mumkin — kanslerning turmush o‘rtog‘i.

Uyni suratga olish, xavfsizlikni ko‘zda tutib, taqiqlangan. Bir necha yillar avval kanslerning uyi fasadini «Google Street View»da bejab qo‘yishni taklif qilishganida rad qilgandi: «Nega endi? Qayerda yashashimni shundoq ham hamma bilsa».

Qum rangli, deraza romlari yog‘ochdan ishlangan uyning to‘rtinchi qavatida Merkel xonim turmush o‘rtog‘i bilan yashaydi. Yon-atrofida restoranlar, suvenir do‘konlari, supermarket bor. Mahalliy jurnalistlar va blogerlar Merkel va erining boshqa ko‘chmas mulklarini ham qidirib, rosa ovora bo‘lishgan. Shuncha pullari bo‘lsayu oddiy kvartirada yashashsa, mantiq qani?..

Germaniya OAVlari yozishicha, Merkel yiliga 300 ming yevro ishlaydi.

Oxiri topishdi, siyosatchining dachasi bor ekan.

Angela Merkelning qishloqdagi uyi. Foto: «Obzor»

Berlindan 100 chaqirim olisda, Templin shahriga yaqinroqdagi oddiy qishloq uyi. Yaqin-atrofida na bir oshxona, na bir do‘kon bor. Er-xotin dam olish kunlari borib turisharkan: chiroyli tabiatni tomosha qilish, toza havoda sayr qilish, o‘rmon kezish, ko‘lda cho‘milish uchun.

Angela Merkel va Yoaxim Zauer. Foto: «Yandeks.Dzen»

Mehmon-pehmon kelib qolsa, Merkel xonim o‘z polizida yetishtirilgan sabzavotlardan qilingan ovqatlar bilan siylashni xush ko‘radi. Tanish-bilishlari bir sirni ochishdi: ayniqsa, olmali pirogi va kartoshkali sho‘rvasi boshqacha.

Eski odatlar va yangi davr

Kansler xonim bozor-o‘charni o‘zi qilishini aytdik, ammo yon-atrofida doim tansoqchilar hushyor turishadi. Internet Merkelning supermarketdagi fotolari bilan to‘lib ketgan. Qizig‘i, xuddi boshqa tejamkor nemislar kabi kansler ham do‘konga o‘z sumkasi bilan boradi.

Foto: «Obzor»

Angela Merkel sharqiy Germaniya (GDR) tug‘ilib voyaga yetgan. Shuning uchun keyinchalik yangicha hayot tarziga ko‘nikishi oson kechmaganiga o‘zi ham iqror bo‘lgan.

Er-xotin hashamatli kurortlar o‘rniga tog‘lar bag‘rida joylashgan oddiyroq otellarni tanlashadi. Masalan, Janubiy Tiroldagi yarim pansion toifali mehmonxonaning ikki xonalisida bir kecha qolish — 200 yevro. Xonaning derazasidan eng baland Ortler tog‘i ko‘rinib turadi, sauna va basseynlar mehmonlar xizmatida.

Merkel xonim dam olishga odatda tarixiy kitoblarini olib ketadi — paparatsilar uning balkonda kitob o‘qib o‘tirganini ko‘p suratga olishgan. Mashhurlarni ovlovchilar uchun bundan ortiq jazo bo‘lmasa kerak...

Angela Merkel qoyilmaqom g‘oyalari, esda qolarli imiji bilan hech qachon hech kimni lol qoldirmagan. Notiqligi ham o‘rtamiyona. Nemislar nima uchun yoqtirishadi? Hamma minadigan «Volkswagen Golf»da yuradi, shahar tashqarisidagi tomorqasida ekin-tikin qiladi, qo‘li shirin — xullas, oddiy nemis ayoli. Bir necha marta pazandalik ko‘rsatuvlariga borib, sevimli ovqatlarini qanday tayyorlashini ko‘rsatib berganidan keyin ko‘plar unga «onajon» deb nom qo‘yib olishgan.

Ba’zi birovlarning fikricha, Angelaga liderlik sifati yetishmaydi, ko‘ngilchan, ko‘zga tashlanmas, har xil tuzoqlarga tushirish oson. Katta-katta va’dalar bermaydi, biroq debatlardan o‘zini olib qochmaydi, savollarga to‘g‘ri javobni aytib qo‘yaveradi.

Aksariyat kuzatuvchilar Merkelni qattiqqo‘llik yetishmasligida ayblashadi, hatto nemis tilida «merkeln» (merkellash) fe’li ham paydo bo‘lgan, buni «qat’iyatsiz bo‘lmoq» deb tarjima qilish mumkin.

Angela Merkelning ish kabineti. Foto: «Yandeks.Dzen»

Ammo... nemis xalqining o‘zi Merkelni aynan samarali boshqaruvchiligi, har qanday vaziyatdan olib chiqib keta oladigan rahbar sifatida hurmat qiladi.

Oila boshlig‘i

Kansler ko‘pchilik insonlar kabi shaxsiy hayotini ochiqlashni istamaydi. Shunisi ma’lumki, birinchi marta universitetda o‘qib yurganida turmushga chiqqan. Besh yil davom etgan nikohdan hozirgi familiyasi qolgan. Oldingi turmushi va hozirgisidan farzand ko‘rmagan.

Angela ikkinchi turmush o‘rtog‘i Yoaxim Zauer bilan GDR Fanlar akademiyasida 80-yillarda tanishgan. Merkel siyosat olamida qanchalik mashhur bo‘lsa, Zauer fan olamida undan kam bo‘lmagan nufuzga ega dunyoga taniqli tadqiqotchi olim. Oila bilan bordi-keldisi bor insonlar shohidlik berishicha, bu oilada ko‘proq Yoaximning so‘zlari tosh bosadi.

Gumboldt nomidagi Berlin universiteti professori, kvant kimyosi bo‘yicha mutaxassis, professor Zauer chinakam olimligining bir isboti — doim ko‘zdan narida bo‘lishga urinadi. Hatto rafiqasining bironta inauguratsiyasida ko‘rinish bermagan. Faqat madaniy tadbirlarga birga borib turadi.

Angela Merkel va Yoaxim Zauer. Foto: «DW» 

2021 yil 26 sentyabr kuni o‘tkaziladigan saylovlardan so‘ng Germaniyaning yangi kansleri ish boshlaydi. Angela Merkel nafaqat mamlakatdagi eng katta lavozimdan, balki siyosatdan butkul ketishini allaqachon e’lon qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring