Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karimovdan oldingi rahbar, mashhur «qulupnay voqeasi»: Rafiq Nishonov kim edi?

Karimovdan oldingi rahbar, mashhur «qulupnay voqeasi»: Rafiq Nishonov kim edi?

O‘zbekistonning sobiq ittifoq davridagi so‘nggi rahbarlaridan biri Rafiq Nishonov 96 yoshida vafot etdi. Xo‘sh, tarixning ziddiyatli davrida rahbar bo‘lgan bu inson respublika tarixida qanday iz qoldirgan edi?

«O‘zbek ishi», «qayta qurish» davridagi taloto‘plar, Farg‘onadagi qulupnay voqeasi va hokazolar bu shaxsga qay darajada bog‘liq bo‘lgan?

Mansab pillapoyalaridan ko‘tarilish

Nishonov 1926-yil 16-yanvarda hozirgi Bo‘stonliq tumanida dehqon oilasida dunyoga kelgan. Uning ota-bobolari asli shahrisabzlik bo‘lgan. 1945-1950-yillarda armiyada xizmat qilgan yosh Nishonov 1949-yili Kommunistik partiya safiga o‘tadi. 1959-yilda Toshkent pedagogika instituti kechki yo‘nalishini tugatib, tarix o‘qituvchisi mutaxassisligini oladi. 

Rahbarlik pillapoyasiga Toshkent shahridagi tumanlaridan birida qadam qo‘yadi. 1962-yilda Toshkent shahri ijroiya qo‘mitasi rahbari, 1963-yildan O‘zbekiston kommunistik partiyasi markaziy kengashi byurosi a’zosi va kotibi lavozimlarida ishlaydi. 

Sergey Lavrov Nishonovning qo‘l ostida ishlagan

1970-yildan Rafiq Nishonov diplomatga aylanadi. Dastlab 1978-yilgacha sobiq Ittifoqning Shri-Lankadagi elchisi (Maldiv orollari bilan birga), so‘ngra Iordaniyada ishlaydi. 

Fakt: Rossiya TIVning hozirgi rahbari Sergey Lavrov o‘z diplomatik faoliyatini Rafiq Nishonov yordamchisi (Shri-Lankada elchi yordamchisi) sifatida boshlagan. 

1985-yil vatanga qaytib, O‘zbekiston SSR tashqi ishlar vaziri lavozimini egallaydi. 1986-88-yillarda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezdiumi raisi. 

Rafiq Nishonov 1988-yil 12-yanvardan 1989-yil 23-iyunga qadar O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi birinchi kotibi lavozimida ishlagan, shundan keyin Islom Karimov ilk bor hokimiyat tepasiga keladi. Karimov ushbu sanadan toki 2016-yil sentyabrgacha O‘zbekistonni uzluksiz boshqaradi. 

Sharof Rashidov bilan bog‘liq xotiralar

Sobiq Ittifoqda turg‘unlik deya nom olgan davrdan keyin taloto‘plar, tekshiruvlar avj oldi. Jumladan, respublikaning yirik rahbarlaridan biri Sharof Rashidov faoliyati ham muhokamalar markazidan o‘rin olgan. 

«Sharof Rashidovich bilan yelkama-yelka yetti yil do‘stona ruhda olib borilgan mehnat faoliyatim samarali kechdi. Uning vafotidan so‘ng KPSS MK kotibiyati bosimi ostida chaqirilgan O‘zbekiston Kompartiyasi MKning iyun oyi plenumi bo‘lib o‘tdi. Minbardan turib O‘zbekiston KP MK birinchi kotibi I.B.Usmonxo‘jayev o‘zidan avvalgi rahbarni noto‘g‘ri boshqaruv uslubi, paxtachilikdagi holatlar uchun qattiq tanqid qildi.

O‘tgan asr 60-yillari oxirida Moskvadan qaytib kelayotgan Sh.Rashidov menga: «Paxta ko‘rsatkichlarini yana oshirib ko‘rsatish kerak. Siyosiy byuro a’zolarining tushligi paytida Leonid Ilich mendan «Nega to‘rt million to‘qqiz yuz ming tonna paxta yozilgan, deb, rejani besh millionga yetkazish kerakligini aytdi. Men shunchaki xo‘rsinib, hammaning oldida Brejnevga e’tiroz bildirolmadim», degan edi.

Aslida, ayb Moskvada ekanligi ko‘pchilikka ayon. Brejnevning o‘zi Rashidovni majburlab turgan bo‘lsa, u nima qila olardi?!», — deya eslaydi Rafiq Nishonov. 

«Navro‘zning taqiqlanishiga qarshi chiqqanman...»

Nishonov davrida Navro‘z bayrami bilan bog‘liq tortishuvlar partiya rahbariyati darajasiga chiqadi. Nishonov 2015-yil mart oyida BBC O‘zbek xizmati nashriga bergan intervyusida Navro‘zni taqiqlash tashabbusi bilan chiqqanini qat’iyan rad etadi va O‘zbekiston kompartiyasining mafkura bo‘yicha kotibasi R.Abdullayeva nomi bilan bog‘laydi.

«Bir vaqtlar Sovet hukumati davrida ayrim rahbarlar Navro‘zni diniy bayram, uni yo‘qotish kerak deb ahmoqlik qilishgan. Katta bir majlisda Navro‘zni Sharq xalqlari avvaldan bayram qilib kelgan deb bu fikrni yo‘q qilganmiz. 

Muhokama vaqtida aytganman, men yaqinda Sharqdan keldim, u yerda Navro‘zni katta bayram qilib o‘tkazishadi deb. Navro‘zga diniy tus berish xato bo‘lgan», deya fikrini bayon etgan Nishonov. 

Shuningdek, sobiq siyosatchi BBC muxbirining «Kompartiya arxividagi stengorammada qayd etilishicha Navro‘zni ko‘kalamzorlashtirish bayramiga aylantirishni taklif etgan ekansiz», degan savolini ochiq qoldirib, bayramni taqiqlash yoki o‘zgartirishni taklif etmaganini aytadi. 

Farg‘onadagi qonli voqealar

Rafiq Nishonov davrida, 1989-yilda Farg‘onada vodiysida qonli to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan. Unda 100dan ziyod kishi halok bo‘lgani aytiladi. Ta’kidlash joizki, ayrim tarixchilar fikricha, Nishonovning vaziyatdan operativ xabardor emasligi va siyosiy iroda ko‘rsata olmagani, mojaroning avj olishiga sabab bo‘ladi. 

Ayni shu voqeadan keyin Nishonov lavozimdan ketdi, uning o‘rniga Islom Karimov iqtidorga keldi.

Sobiq siyosatchining Farg‘ona voqealari xususida fikrlari:

«Menda vaziyatning tahlili u yoqda tursin, komissiya a’zolaridan ishonchli ma’lumotlar ham yo‘q edi. Bu haqda minbarga chiqmasdan, o‘tirgan joyimdan aytdim. Keyin ma’lumotlarimga ko‘ra, tartibsizliklar bozorda kuchli janjal - mesxeti turk o‘zbek sotuvchisi bilan urishib, bir tovoq qulupnayini ag‘darib tashlagani natijasida kelib chiqqan, deya qo‘shimcha qildim. Yaqin atrofdagi bir guruh o‘zbeklar ayolni himoya qildi. Mojaro qonli jangga aylanib, mahalliy yigitning o‘limi bilan yakunlandi. Keyinchalik bu gapim uchun meni qattiq tanqid qilishgandi. Meni sodir bo‘lgan hodisaning ko‘lamini tushunmaganlikda aybladilar. Men-ku hammasini tushundim: kundalik mojaro bunday ayanchli oqibatlarga olib kelishi uchun odamlarning qalbida qancha qahr, g‘azab saqlanib qolgan edi».

«O‘zbeklar ishi» iborasi meni ham qaqshatardi. Aniqlanmagan to‘g‘ri-noto‘g‘ri faktlarni butun bir xalq nomi bilan atash mumkinmi, axir?! Bundan tashqari, sodir bo‘layotgan voqea-xodisalarning asosiy qurboni odamlar bo‘lgan. Avvalo, yovuzlik aynan xalqqa qarshi qaratilgan, paxtakorlarga to‘lanmagan pullar ham respublikada, ham Moskvada poraga ishlatilgan, ularga «Volga» avtomobillari, dabdabali qasrlar, taqinchoqlar olingan», deya eslaydi u.

Nishonov Shavkat Mirziyoyev haqida nima degandi?

Rafiq Nishonovning yangi davrdagi so‘nggi chiqishlaridan biri O‘zAga bergan intervyusi bo‘lgan. 

U amaldagi davlat rahbari siyosatiga yuqori baho berib, «Prezident Shavkat Mirziyoyev chinakam «tinch» inqilobni amalga oshirdi. U eski ko‘rsatma va tushunchalardan qat’iyat va xotirjamlik bilan voz kechib, O‘zbekistonning yanada izchil rivojlanishi uchun sharoit yaratdi», deya ta’kidlaydi.

Darvoqe, yana bir necha kundan so‘ng, 16 yanvarda Rafiq Nishonov 97 yoshga qadam qo‘yardi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring