Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Otabekov: «Karantinga rioya etmaslik oqibati yaxshi bo‘lmaydi»

Otabekov: «Karantinga rioya etmaslik oqibati yaxshi bo‘lmaydi»
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov yurtimizdagi epidemiologik vaziyat xususida ma’lumot berdi:
 
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 3078 nafarga yetdi. 2492 nafar, ya’ni 81 foiz bemor to‘liq sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda 573 bemor davolanmoqda, 4 nafarining ahvoli og‘ir.
 
Bizga qo‘shni davlatlar, xususan Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalarida koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyat o‘ta murakkabligicha saqlanib turibdi.
 
Karantin tadbirlari davom etayotganini bila turib guruh-guruh bo‘lib to‘planish, xonadonma xonadon yurish, ko‘chaga doka niqoblarsiz chiqish yoki uni taqish qoidalariga rioya etmaslik, uyga qaytganimizda qo‘llarimizni antiseptik vositalar bilan zararsizlantirmaslikning oqibatlari yaxshi bo‘lmaydi. Bir birimizni bayram bilan qutlagimiz, ko‘rishgimiz, bag‘rimizga bosgimiz keladi. Lekin hozir buning mavridi emas. Aynan mana shu harakatlarimiz epidemik vaziyatni murakkablashtirib yuborishi mumkinligini yoddan chiqarmang.
 
Atrofimizda kasallikka chalinganlar yo‘qligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Ikki kun oldin Navoiy viloyatida 15 holatda, Samarqand viloyatida 13 holatda aholi orasida koronavirus kasalligi aniqlandi. Buni yuqoridagi fikrlarimizning isboti sifatida qabul qilishingizni so‘rardik.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring