Karantinda mehmonga borgan prokuror iste’foga chiqariladi — Yaponiya
So‘nggi kunlarda bo‘lib o‘tgan mojarolar ortidan Tokio bosh prokurori Xiromu Kurokava iste’foga chiqarilmoqda.
«RIA Novosti» yozishicha, iste’foga ketishini atrofidagilariga Kurokavaning o‘zi aytgan. Yaponiya adliya vaziri Masako Mori «Kiodo» agentligiga bergan bayonotida Kurokavaning taqdiri kun oxirigacha hal bo‘lishini aytib, bu qaror «qattiq» bo‘lishiga va’da bergan.
OAVga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda favqulodda vaziyat hukm surayotgan, hukumat aholidan muloqotlarni 70-80 foizga kamaytirishni so‘rayotgan bir pallada Tokio bosh prokurori tanish jurnalistinikiga ikki marta mehmonga boradi.
Eng qizig‘i, Yaponiyada karantinni buzganlik uchun jazo yo‘q, shuning uchun ham jamoatchilik prokurorni har qancha tanqid qilmasin, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonunbuzar sanalmaydi.
Ammo ikkinchi holat ham bor: prokuror mehmonga borganida o‘rtaga pul tikib madjong o‘ynagan. Kunchiqar yurtda qimor o‘yinlari taqiqlangan.
Voqea prokuratura to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish masalasi parlamentda ko‘rib chiqilayotgan bir paytda sodir bo‘lgani esa olovga moy sepgandek bo‘ldi. Yangi qonunda pensiya yoshini uzaytirish ham ko‘zda tutilgan, bu esa Yaponiya bosh prokurorligiga intilayotgan Kurokava va atrofidagilar uchun ayni muddao edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter