«Kapitalbank» bankomati daryodan topildi
Joriy yilning 26 yanvar kuniga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar tomonidan O‘rtachirchiq tumani Toshkent yo‘li ko‘chasiga o‘rnatilgan bahosi 145 mln. so‘mlik bankomat o‘g‘irlab ketilgan. Bu haqda «Kapitalbank» ATB amaliyot boshqaruvchisi O‘rtachirchiq tuman Ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘rtachirchiq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 169-moddasi 4-qismi «a» bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida, mazkur jinoyat O‘rtachirchiq tumanida yashovchi 24 yoshli E.A., 22 yoshli S.N. va 23 yoshli Yu.D.lar tomonidan bir guruh bo‘lib sodir etilganligi aniqlangan.
Tergov davomida, qonunbuzarlardan mazkur bankomatni qayerga yashirganlari so‘ralganda, ular bankomatni temir jism yordamida buzib ochishgani, biroq bankomat ichida pul bo‘lmaganligi sababli uni Toshkent shahar Bektemir tuman hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosiga tashlab yuborishganini bildirgan.
Hozirda, ushbu shaxslarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter