Jurnalist qishloq kezdi: «Ichimdan nimadir chirt uzilganday bo‘ldi...»
Tanasi boshqa dard bilmas, degan gap bor. To‘g‘ri-da, qishning qahratonida bir tutam o‘tin yoki ikki chelak ko‘mir topolmay sovuqda qiynalib yashayotgan odamlarning ahvolini «zangori olov»ni gurillatib yoqib, bola-chaqasi bilan issiqqina uyda o‘tirgan qaydan bilsin?! Tasavvur qilishi mumkindir-u baribir his qilmaydi, gap shunda.
Xullas, Gurlan tumanidagi Shang‘i qishlog‘iga yo‘limiz tushdi.
Qishda vaqt peshindan og‘dimi, kunning barakasi o‘chdi hisob. Qishloqqa peshindan keyin kirib borib, bir-ikkita odam bilan gaplashishga ulgurmay, oqshom cho‘kdi. Eh, hali qiladigan ishlarim ko‘p, yana qancha kishi bilan gaplashishim kerak edi-ya... Jurnalistligimni bilgan shu yerlik Mahmudjon taklif kiritdi: «Muxbir aka, bugun biznikida mehmon bo‘lasiz. Ertaga ishingizni bitkazib ketaverasiz...» Iloj qancha? Rozi bo‘ldim.
Qishloqda gaz degani anqoning urug‘i ekan. Sovuqdan aziyat chekayotganlar qancha?! Qishloq 2013-yili gaz tarmog‘idan uzilgan, odamlari olti yildirki uylarini ko‘mir va o‘tinda isitib, qish chiqaradi. Ko‘mir yoki o‘tinga kuchiga yetmaganlar g‘o‘zapoya bilan kifoyalanishga majbur. Xonalarda golland pechkalari qurilgan. Kechqurun pechkalarga solingan ko‘mir tongga bormay kulga aylanadi...
Mahmudjon aka menga uyining issiqroq xonasidan joy qilib berdi. Uning «Mehmon, kiyimingiz bilan yotavering, tongga yaqin sovqotasiz» deganigayam sabab shu.
Xonadon egasi nevaralarining boshida quloqchin, egnida issiq kiyim... Shu bilan yotadi, shu bilan turadi. Bolalar bunga allaqachon ko‘nikib ham ketishgan.
Ichimdan nimadir chirt uzilganday bo‘ldi...
Shang‘i qishlog‘i «Nurli yo‘l» va «Paxtakor» mahallalaridan iborat. Qishloq ahli tuman markaziga borish uchun 10 kilometr yo‘l yurishi kerak. Yaqin o‘tmishda bu qishloq qanday edi-ya... Endi-chi? Qishloqqa bu yaqin orada umuman e’tibor bo‘lmaganligi shundoqqina ko‘rinib turibdi. Yo‘llar rasvo, o‘ydim-chuqur, toza ichimlik suvi yo‘q. Gazni-ku aytmay qo‘yavering.
Ertalab mahalla fuqarolar yig‘ini raislari bilan suhbatlashish uchun qishloqdagi yakkayu yagona ta’lim dargohi bo‘lmish 30-maktabga bordim. Har ikkala mahalla fuqarolar yig‘ini maktabning eski binosida joylashgan ekan. Endi bu yerni mahallaning binosi deyishga tiling bormaydi. Eski bino baribir eski-da.
— Nimayam qilardik, ahvolni ko‘rib turibsiz, shugina joyda bir amallab ishlayapmiz, —deydi «Paxtakor» mahallasi fuqarolar yig‘ini raisi Komiljon Solayev.
Qishloqning har ikki mahallasida jami 5281 nafar aholi istiqomat qilishar ekan. Ikki mahallada bittagina maktab, bir bog‘chadan boshqa ijtimoiy ob’yektlar umuman yo‘q. Umumta’lim maktabda 1000 nafardan oshiq o‘quvchi ta’lim tarbiya olishmoqda. Maktab torligi sabab, uning «snos»ga tushgan eski binosida ham dars o‘tilayotganiga guvoh bo‘ldik. Gaz yo‘q, maktab qanday isitilayotgan ekan, dersiz? Ko‘mir bilan, albatta. Ko‘mirki, uni xalq tilida «kul ko‘mir» deyishadi. Ya’ni, mayda. Sinf xonalari golland pechkalar va qozonxona orqali isitiladi. Mayda ko‘mir, bilasiz, yonmaydi. Shuning uchun uni «g‘isht qilib» quyib, keyin pechkalarga tiqishmoqda. Balli azamatlar, deyishdan boshqa ilojingiz yo‘q.
— Mahallamiz aholisining yarmidan ko‘piga 500 kilogrammdan ham ko‘mir tegmadi, — deydi «Nurli yo‘l» mahallasi oqsoqoli O‘rolboy Gulimov. — Bu, albatta oz. Boriyam o‘ta sifatsiz. Aholi bir amallab kun ko‘rmoqda. Ichki yo‘llar, ko‘priklar ta’miri haqida mutasaddi tashkilotlarga uch to‘rt marotoba chiqdik. Foydasi bo‘lmadi.
«Aholini ish bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish borasida qanday ishlarni amalga oshirayapsizlar?» degan savolimizga fuqarolar yig‘ini raislari yelka qisib qo‘ya qolishdi.
Mahallada uch-to‘rta sholi oqlovchi va un qiluvchi tegirmon, sanoqli maishiy xizmat do‘konlari bor, xolos. Qishloqda boshqa tadbirkorlik ob’yektlarini uchratmadik, hisobi. Katta korxonani qo‘ying, kichik korxona degani ham mahalla ahli uchun ertak. Fermer xo‘jaliklarida ishlayotgan odamlarning ahvoli-ku ayon. O‘zining qorni to‘ymay, boshqaning qornini to‘ydiradigan fermerni uchratganmisiz?!
...Shang‘i qishlog‘iga qilgan safarimiz ham qaridi. Yana ko‘p holatlar haqida yozishimiz mumkin edi. Biroq tiyildik. Qisman qalamga olinganlarining o‘zi haqiqiy ahvol haqida tasavvur berib turibdi. Muammoni aytish oson, yozish oson. Shu bilan ish bitsa, qani?! Hamma gap ularning yechimida.
Boltaboy Matqurbonov
Xorazm
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter