Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Joylarda un narxi oshayotgani aytilgandi: Qishloq xo‘jaligi vazirligi rasmiy izoh berdi

Joylarda un narxi oshayotgani aytilgandi: Qishloq xo‘jaligi vazirligi rasmiy izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda, un va non mahsulotlari narxi oshayotgani va narxlarning tez orada «o‘z joyiga qaytishi» haqidagi xabarlar tarqaldi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi mazkur xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, aholini un mahsuloti bilan ta’minlash maqsadida har yili O‘zbekistonda 8 mln tonna atrofida bug‘doy yetishtirilayotganini, talab esa taklifdan 4,4 foiz ortiqni tashkil etayotganini bildirdi.

Shuningdek, vazirlikka ko‘ra, sentyabr oyida hududlardagi dehqon bozorlaridagi narxlar o‘rganilgan va ulardagi chakana savdoda Rossiya va Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan ayrim nomlardagi oliy va 1-navli unlar qadog‘iga qarab – 5 000 so‘mdan 7 500 so‘mgacha sotilayotgani, ulgurji savdoda esa – 5000 – 7 000 so‘mni tashkil etgani kuzatilgan.

«Bu narx o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 200-300 so‘mga oshganini (joylarda savdo rastalarida erkin narx belgilanishi oqibatida bundan ortiq darajada oshganini) ko‘rsatadi. Buning sabablaridan biri, Rossiya va Qozog‘istondan kirib kelayotgan mahsulot aylanmasi xorijiy valyutada amalga oshirilishi natijasi hisoblanadi.

Bundan tashqari, Qozog‘iston tomoni un tegirmonlarida mavsumiy texnik ko‘rik va sanitar tozalash ishlari uchun korxonalarini 15 kunga yopishi haqidagi e’lon ham mazkur sigmentda narx beqarorligini keltirib chiqaruvchi omillardan biri bo‘ldi. Bu har yili bo‘ladigan mavsumiy tebranish hisoblanib, o‘tgan yilning mos davrida ham ayni holat kuzatilgan. 20 kunlik hisobotda narxlar nafaqat o‘z joyiga qaytgan, balki, tushish tendensiyasini ham ko‘rsatgan. Buni bozorimizdagi vaziyat tahlili ham tasdiqlaydi», – deyiladi vazirlik izohida.

Bundan tashqari, vazirlikka ko‘ra, Qozog‘iston ichki bozorida ham narx oshgan va bu g‘alla o‘rimi boshlanayotgani bilan izohlanadi. Ya’ni o‘rimga qadar omborlarda qolgan bug‘doy sotuvda kamaygan. Bundan rossiyalik treyderlar ham foydalanib, vaqtinchalik imkoniyatlar darchasida narxlarni oshirdi.

Ammo Chikago birja bozorida kelgusi yil uchun g‘alla shartnomasining narxi ancha pasayib ketgan. Shunga qaramay, Qozog‘istonda o‘rim boshlanib, hosil yig‘ib olingach, narxlar barqarorlashishi prognoz qilinyapti. Ayni kunlarda noqulay ob-havo sharoiti tufayli o‘rim kechikmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan un mahsulotlarining ulgurji narxi, ayni kunlarda 4 000 – 4 500 so‘mni, chakana savdoda esa 5 000 – 6 000 so‘mni tashkil etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring