Jinoyat izi: 10 ta barmoq izidan uchtasi begonaniki bo‘lib chiqdi
Kogon shahrida sodir etilgan o‘g‘irlik jinoyati «SONDA» avtomatlashtirilgan identifikatsion tizim orqali olib borilgan kriminalistik tadqiqotlar natijasida fosh etildi, deya xabar berdi Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.
2021-yil 11-fevral kuni Kogon shahar Uzumzor ko‘chasida yashovchi 1965-yilda tug‘ilgan L.N. shahar Ichki ishlar bo‘limiga ariza orqali murojaat qildi. Unga ko‘ra 2021-yil 8-fevral kuni soat 18:00 dan 11-fevral kuni soat 15:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma’lum shaxs uning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, yotoqxonasidan 2,5 million so‘mlik televizori, 150 ming so‘mlik telefonini o‘g‘irlab ketganligini bildirgan.
Mazkur murojaatga aniqlik kiritish maqsadida shahar Ichki ishlar bo‘limi tergov-tezkor guruhi tomonidan kechiktirib bo‘lmas tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zdan kechirilganda, voqea joyidan 10 dona qo‘l barmoq izlari olingan.
Holat yuzasidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borildi.
Hodisa sodir bo‘lgan joydan olingan 10 dona qo‘l barmoq izlari ustida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Ekspert kriminalistika bo‘limi xodimlari tomonidan turli kriminalistik tadqiqotlar o‘tkazilib, barmoq izlarining 3 tasi o‘zga shaxs tomonidan qoldirilganligi aniqlandi.
Mutaxassislar tomonidan bo‘limda mavjud «SONDA» avtomatlashtirilgan identifikatsion tizim orqali olib borilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, mazkur 3 dona qo‘l barmoq izlari Kogon shahar Qorovulbozorshoh ko‘chasida yashovchi, 1969-yilda tug‘ilgan A.O‘. ismli shaxsga tegishli ekanligi tasdiqlandi.
Shundan so‘ng shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida, haqiqatan ham, mazkur o‘g‘irlik jinoyatini A.O‘. ismli shaxs o‘zining jinoiy sherigi Kogon tumani Xo‘ja Yakshaba mahallasida yashovchi 1984-yilda tug‘ilgan T.A. bilan oldindan jinoiy til biriktirgan holda sodir etganligi aniqlanib, gumon qilinuvchilardan jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan rangli televizor ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.
Hozirda ushbu gumon qilinuvchilarga nisbatan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, boshqa shu kabi fosh etilmasdan qolgan jinoyatlarga aloqadorlik darajasi o‘rganilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter