Jidda uchrashuvi: Ukrainaga doir qanday jiddiy kelishuvga erishildi?
Joriy yil 5-6-avgust kunlari Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Ukrainada tinchlik o‘rnatish masalasida yirik xalqaro mashvarat bo‘lib o‘tdi. Qirqdan ziyod mamlakat vakillari – milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar, maxsus elchi va diplomatlar qatnashgan uchrashuvda qanday kelishuvga erishildi?
Saudiya rasmiy axborot agentligi xabariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi, bosh vazir Muhammad bin Salmon sa’y-harakati bilan tashkil etilgan anjumanda tinchlik yo‘lida umumiy maxrajga kelish muhimligi ta’kidlangan.
Tahlilchilar ham turli pozitsiyadagi davlatlarning yagona to‘xtamga kelish istagini izhor etganini mashvaratning asosiy yutug‘i deb baholamoqda.
Muzokara davomida Ukraina boshqa davlatlardan o‘zining tinchlik rejasini qabul qilishni talab qilmagan. O‘z navbatida, boshqa davlatlar Kiyevdan tinchlik formulasidan voz kechishni so‘ramagan. Joriy yil iyun oyida Daniya poytaxti Kopengahen shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bu borada jiddiy ixtilof kuzatilgan edi.
Uchrashuvda bevosita qatnashgan Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Jiddada kechgan maslahatlashuvlarni «samarali» deb baholagan.
Muzokaralarda Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suvereniteti, xalqaro huquq ustuvorligi, ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal etish borasida mushtarak pozitsiya bildirilgan.
Kiyev delegatsiyasi tinchlik formulasi (Ukrainaning yadro, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, asirlarni ozod qilish, BMT hujjatlari va mamlakat hududiy yaxlitligiga rioya etish kabilar) haqida gapirgan.
Avvalroq Saudiya Arabistoni Ukraina hududiy yaxlitligini saqlash, barcha yo‘nalishlarda o‘t ochishni to‘xtatish, BMT nazorati ostida muzokara boshlash kabi bandlarni o‘z ichiga olgan tinchlik dasturini taklif etgani haqida xabar bergan edik.
Jidda maslahatlashuvida YeI, AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Hindiston, Yaponiya, Braziliya kabi yirik davlatlar qatorida ilk bor Xitoy hukumatining maxsus elchisi Li Xuey qatnashgan. Tahlilchilar Kremlga kuchli ta’sirga ega Pekinning maslahatlashuvga qo‘shilishida ijobiy alomat ko‘rmoqda.
Jidda uchrashuviga Rossiya taklif etilmagan. Mezbon davlat Moskvani maslahatlashuv yakunidan xabardor qilishi kutilmoqda.
Saudiya hukumati ushbu uchrashuv inqirozni siyosiy va diplomatik choralar orqali hal etish yo‘lida muhim qadam bo‘lishiga umid bildirgan.
Saudiya Arabistoni Ukraina urushi boshlangan ilk oylardayoq uni bartaraf etish borasida vositachilik rolini taklif qilgan. Muvozanat tamoyiliga asoslangan tashqi siyosat yuritayotgan Riyoz Moskva bilan ham, Kiyev bilan ham iliq munosabatga ega. Bu esa muzokaralarda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shunga ko‘ra kuzatuvchilar Jidda uchrashuvini Saudiyaning ko‘p qutbli diplomatiyasi samarasi deb baholamoqda.
Avval xabar berganimizdek, Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal etish uchun xalqaro sa’y-harakatlarni shaxsan qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini aytgan.
O‘tgan yili podshohlik vositachiligida Rossiya–Ukraina urushida asir olingan chel el fuqarolari ozod qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter