Jazirama kuchaymoqda: qanday choralar ko‘rmoq kerak?
Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yili kuzatilgan anomal issiq harorat Yevropada 60 000 nafardan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan. Bu — avval prognoz qilinganidan uch barobar ko‘p ko‘rsatkich.
Xavotirli jihati, sayyoramizda global isish jarayoni davom etar ekan, mazkur raqamlar yildan yilga ortishi mumkin.
Shu bois Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi jaziramadan saqlanish bo‘yicha quyidagi tavsiyalarini e’lon qildi.
Anomal harorat kuzatilayotgan davrda issiq o‘lkalarga sayohat qilishdan avval ob-havo prognozidan xabardor bo‘lib, ehtiyot choralarini ko‘rgan holda yo‘lga chiqish zarur.
Jaziramada doim yoningizda salqin suv olib yurishni unutmang. Zarurat bo‘lmasa, harorat yuqori soatlarda ko‘chaga chiqmaslik va og‘ir jismoniy ishlar bilan shug‘ullanmaslik kerak.
Bunday vaziyatda transport vositalarida bolalar va hayvonlarni qoldirish to‘g‘ri emas. Iloji bo‘lsa, kunduzi kamida ikki-uch soat davomida salqin joyda vaqt o‘tkazgan ma’qul.
Tunda xona derazalarini ochish, kunduzi oftob nurini qaytarish uchun xonalarga pardalar tutish va jazirima kunlarda imkon qadar o‘zidan issiq chiqaruvchi elektr moslamalaridan kamroq foydalanish maqsadga muvofiq.
Organizmning suvsizlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kuniga yetarli miqdorda suyuqlik iste’mol qilish juda muhim.
Mutaxassislar, shuningdek, yengil, tabiiy matodan tikilgan va keng liboslar kiyishni, imkon qadar tez-tez salqin dush yoki vanna qabul qilishni, shakarli, alkogolli yoki kofeinli ichimliklardan voz kechishni tavsiya qiladi.
Ko‘p vaqtini yolg‘iz o‘tkazadigan yaqinlar, do‘stlar va qo‘shnilar sog‘lig‘idan muntazam xabardor bo‘lishni yoddan chiqarmaylik. Chunki issiq kunlarda zaif odamlar yordamga muhtoj bo‘lishi mumkin.
Anomal harorat ta’sirida o‘zingiz yoki yaqinlaringizda bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, holsizlik, bosh og‘rig‘i kabi alomatlar kuzatilsa, shifokorga uchrashing.
Avvalroq joriy yilning 24-27 iyul kunlari O‘zbekiston hududiga issiq havo kirib kelishini ma’lum qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter