Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jarimalar shahri. Dunyodagi iflos shahar qanday qilib eng ozoda maskanga aylandi?

Jarimalar shahri. Dunyodagi iflos shahar qanday qilib eng ozoda maskanga aylandi?

Ko‘chaga qog‘oz uloqtirgan odamga ming dollar jarima solinadi.

Foto: «CNN.com»

Singapurda shirakayf haydovchilarni o‘rta asrlar uslubiga ko‘ra tayoq bilan savalaydilar. Chiqindi tashlaganlar farrosh bo‘lib ishlaydilar. Ko‘chaga qog‘oz uloqtirgan odamga ming dollar jarima solinadi.

Singapurning eng e’tibor tortadigan jihatlaridan biri — tozalik. Eng gavjum yo‘lkalar va ko‘chalar ham yog‘ tushsa yalagudek ozoda bo‘lib, o‘nlab odamlar bir chiqindi idishi yoniga turib olib, sigareta chekishadi va kulini yerga emas, ana shu idishga tashlaydilar.

Buni ular Singapurda joriy etilgan ayovsiz qonunlarga bo‘ysungan holda amalga oshirishadi. Agar asfaltga tamaki kulini tashlasangiz, 500 singapur dollari (salkam 2 million so‘m) miqdorida jarima to‘laysiz. Agar ruxsat etilmagan joyda cheksangiz, ming dollarga tushasiz. Hech kim ko‘rmaydi, deb o‘ylash mumkin, ammo atrof videokuzatuv kameralari bilan to‘la va ularni politsiyaning maxsus bo‘linmasi alohida nazorat qiladi. Bundan tashqari, politsiya xodimlari ko‘chalarda «izg‘ib» yurishadi.

Shaharda bir shior bor: «Singapore is a fine city». Bu ibora ikki xil ma’noni anglatadi: birinchisi, «Singapur — ajoyib shahar», ikkinchisi esa «Singapur — jarimalar shahri». U yerda biz uchun juda mayda hisoblangan holatlar ham taqiqlanadi. Masalan, metroda saqich chaynab yurish yoki yo‘lga suv sepish katta jarimalarga olib keladi.

«Men Singapurga 1968-yili kelganman, — deya so‘zlaydi Britaniya sayyohlik agentligi rahbari Elison Xeymett. — O‘sha paytda manzara juda ayanchli edi. Ko‘chalar chiqindiga to‘la, liftlarda sigareta tutunlari suzar, chivinlar dastidan yurib bo‘lmasdi. Mast holda rulga o‘tirish odatiy hol edi, yo‘l harakati qoidalariga, o‘sha paytdagi singapurliklarning fikricha, faqat qo‘rqoqlargina amal qilardi. Hukumat chiroyli yo‘l tutdi: televideniye orqali shaharni ozoda tutish haqida reklamalarni aylantirishdi, shirakayf haydovchilar haqida gazetalarda maqolalar yozishdi, lekin ish bermadi. Katta jarimalar joriy etilgach, barchasi iziga tusha boshladi».

Shundan so‘ng shahar ozodaligi uchun ayovsiz choralar qo‘llanildi. Nima uchun metroda saqich chaynash mumkin emas? Yo‘lovchilar avval saqichni istalgan joyga tuflab ketishgan: rezina vagon eshiklariga yopishgan, mexanizmni ishdan chiqargan va bu holatlar poyezd harakatlariga xalal bergan. Shuningdek, metroga ichimlik va yegulik olib kirish ham taqiqlandi (700 dollar jarima). Suv to‘kish, tupurish ham ming dollarlik jarimaga sabab bo‘ladi, bu chora chivinlarga qarshi kurashish uchun joriy etilgan.

Bundan tashqari, ko‘cha hayvonlari va qushlarga ovqat berish, hovlida mushakbozlik qilish, ko‘chani mumkin bo‘lmagan joydan kesib o‘tish kabi holatlar uchun 500 dan 1000 dollargacha jarimalarga tortiladi.

Agar asfaltga tamaki kulini tashlasangiz, 500 dollar miqdorida jarima to‘laysiz.
Foto: «AiF.ru»

Singapur sohillari ham eng ozoda maskanlardan hisoblanadi. Sohilga dam olish uchun kelgan odam chiqindisini olib ketmasa, 800 dollar to‘laydi. Kamiga 3 haftagacha har kuni 2 soatdan tozalash ishlariga jalb etiladi. Eng qattiq choralar avtomobil haydovchilari uchun joriy etilgan. Rulda telefon orqali gaplashgan kishi hibsga olinadi va avtomobil haydash huquqidan mahrum qilinadi. Tezlikni me’yordan oshirganlarni 3 oylik qamoq kutyapti. Mast holda mashina haydaganlar olti darradan kaltaklanadi va yarim yilga qamaladi. Shuning uchun Singapur ko‘chalarida haydovchilar «muloyim mushuk»ka aylanadilar.

Qolaversa, voyaga yetmagan shaxslarga sigareta va alkogol ichimlik sotgan sotuvchi ham tayoq yeydi: do‘kon xo‘jayini jarimaga tortilib, sotuvchi ishdan haydaladi va bir yilga ozodlikdan mahrum etiladi.

«Singapur jarimalari dunyodagi eng og‘ir jazo turlari hisoblanadi, — deydi analitik Jonatan Chong. — Lekin barcha joyda ham bu qoidalarga amal qilaverishmaydi. Singapur tumanlaridan biri — «Kichik Hindiston» hududiga kechga tomon borib ko‘ring: hamma joy chiqindi va tamaki kuliga to‘lib ketadi. Lekin baribir odamlar jarimadan qo‘rqishadi. Singapurliklar ham oldin e’tiroz bildirishgan, norozi bo‘lishgan, biroq hozir qonunga bo‘ysunish ular uchun urfga kirgan va o‘zlarining megapolisi naqadar ozoda ekanidan faxrlanishadi. Kechirasiz-u, jamoat hojatxonalariga kirgan har to‘rt odamning bittasi suvni oqizmas edi. 600 dollarlik jarima joriy etilgach, muammo hal bo‘ldi».

Singapurda jarimadan bexabar qolishning imkoni yo‘q. Hamma joyga ogohlantiruvchi yozuvlar va belgilar ilib tashlangan. Xo‘sh, O‘zbekistonda bu holat qanday ko‘rinish olgan? Javobi oddiy: ko‘chalarda chiqindilar bor, chekish uchun maxsus joylar ham. Lekin odamlarda madaniyat biroz yetishmaydi. Amaldorlarning o‘zlari istagan joyida tamaki tutatishadi, chiqindi tashlashadi. Tanganing ikkinchi tomoni ham yo‘q emas: jamoat joylari va ko‘chalarda chiqindi tashlash buyumlari yetishmaydi.

Haydovchilarni-ku, aytmasa ham bo‘ladi: har kuni necha minglab shirakayf aniqlanadi, nechta haydovchi qizil chiroqdan o‘tadi yoki tezlikni oshiradi. Yo‘l-transport hodisalari va undan jabrlanganlar soni ham shunga yarasha. Balki bizda ham mazkur holatlarga hukumat darajasida e’tibor berish vaqti kelgandir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring