Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Janubiy Koreyada minglab vakillariga koronavirusni yuqtirgan diniy sekta yetakchisi hibsga olindi

Janubiy Koreyada minglab vakillariga koronavirusni yuqtirgan diniy sekta yetakchisi hibsga olindi

Foto: «Pri.org»

Janubiy Koreyada koronavirusning keng tarqalishiga sabab bo‘lgani uchun Sinchonji xristian sektasi yetakchisi Li Man Xi hibsga olindi. Bu haqda «BBC News» xabar berdi.

Tergov natijalariga ko‘ra, mazhabda besh mingdan ortiq kishi xastalikka chalingan. Ular mamlakatda COVID-19 bilan kasallanganlarning qariyb uchdan bir qismini tashkil etadi. Hukumat Li Man Xini koronavirusni yuqtirganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yashirishda hamda kasallanganlar bilan aloqada bo‘lganlarni nazorat qiluvchi xodimlardan maxfiy ravishda ommaviy yig‘ilishlar o‘tkazishda ayblamoqda. Sekta a’zolari fevral oyida virusni yuqtirganligi, keyin esa karantin davrida mamlakat bo‘ylab noqonuniy harakatlanganligi taxmin qilinmoqda.

Sudyaning fikricha, Li Man Xi ishida dalillarni yo‘qotish alomatlari mavjud. Bundan tashqari, u 4,7 million dollarni noqonuniy sarflab yuborganlikda gumon qilinmoqda. O‘zini himoya qilish maqsadida sektaning 88 yoshli yetakchisi qavmining shaxsiy hayoti sirlari haqida qayg‘urganini, lekin hech qachon tergovga xalaqit bermaganini ro‘kach qilmoqda.

Li Man Xi 1984-yilda diniy sektaga asos solgan. Sinchonji koreys tilidan tarjima qilinganda «yangi osmon va yer» degan ma’noni anglatadi. Hozirgi kunda Janubiy Koreyada sektaning 230 mingta a’zosi hisobga olingan, ulardan 20 ming nafari xorijda — asosan Xitoy, Yaponiya va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida istiqomat qilishadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreyada 14 336 kishida COVID-19 aniqlangan. Mamlakat virusga qarshi eng muvaffaqiyatli kurashayotgan davlatlardan biri hisoblanadi. Dunyo bo‘yicha umumiy kasallanganlar soni 18 million kishidan oshib ketgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring