Janjalkash xotinlar hamda yuzko‘rmas aka-uka brendi: «Adidas» va «Puma»
Xersogenaurax. Nimanidir eslatmayaptimi? Garchi bu yerda birorta mashhurroq sport klubi bo‘lmasa-da, butun Germaniya uchun u muhim sport shahri hisoblanadi. Aynan Aurax daryosi bo‘yida dunyodagi eng mashhur sport brendlari bo‘lmish «Adidas» va «Puma»ning shtab-kvartiralari joylashgan. Bugungi kunda ularning mahsulotlari butun dunyoda sevib kiyilmoqda. O‘tgan asrning birinchi yarmida aka-uka Rudolf va Adolf Dasslerlar o‘zaro raqobat qilishmaganida hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi.
Bolalikdagi raqib. Umumiy firma
Etikdo‘z va kir yuvuvchining farzandlari – Rudolf va Adolf bolaligidan kirxonada ishlashdi. Keyin otasi bilan kunini ustaxonada o‘tkazishdi. Ular juda inoq edi, biroq doim bahslashishni xush ko‘rishardi: kim tezroq yuguradi, kim balandroq sakraydi yoki kim ko‘proq narsa biladi?
1914-yili Birinchi jahon urushi boshlanganida Rudolfni harbiy xizmatga chaqirishdi. Adolf ikki yosh kichik bo‘lgani uchun frontga ham sal keyinroq, urush yakunlanayotganda bordi. Jangu-jadallar ularga jiddiy jarohat yetkazmadi. Adolf uyga qaytdi, Rudolf esa politsiya kurslarida o‘qish uchun Myunxenga yo‘l oldi. Ukasi fabrika ochayotganidan xabar topgach, darhol Xersogenauraxga otlandi.
1924-yilda sport poyabzallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan «Gebrüder Dassler» firmasi ishga tushdi. Bu ishni boshlash uchun anchagina jasorat kerak edi. Zero, endigina urushdan chiqqan va inqirozni boshidan o‘tkazayotgan mamlakatda sport bilan aytarli hech kim shug‘ullanmas edi. Biroq aka-ukalarning harakatlari besamar ketmadi. Adolf zo‘r usta edi: u turli oyoqkiyimlar bichimini tayyorlar va ishlab chiqarishni yaxshi tushunar edi. Rudolf esa mijoz topishda tengi yo‘q edi. Biznes gullagan sari firmaga yangi ishchilar olina boshladi.
1928-yili Rudolf 18 yoshli Fridl ismli qizga uylandi. Adolf esa olti yildan so‘ng 17 yoshli Katarina bilan turmush qurdi. Qizlar ularga fabrikada yordam berishar edi, ammo ular ham erlari singari raqobatni kanda qilishmasdi. Jizzaki Katarina ko‘proq hukmini o‘tkazishga harakat qilar, kamtar va mulohazali Fridlga bu narsa unchalik yoqmas edi.
«Fridl shanba va yakshanba kunlari ham ishlardi, – deb eslaydi uning singlisi Betti. – U hisob-kitob ishlari bilan ham band bo‘lar, korxona uchun juda ko‘p ish qilardi». Katarina esa ancha yosh bo‘lib, bunday ishlarga hushi yo‘q edi. Uning o‘z yo‘li va qiziqishlari bor edi. Shuning uchun u doim Adolfni ajralib chiqishga, firmani o‘z qo‘liga olishga undardi».
Hitler hokimiyat tepasida. Dasslerlarga xudo berdi...
1933-yili Hitler hokimiyat tepasiga kelishi bilan Dasslerlar biznesi uchun yangi imkoniyatlar ochildi. Natsional-sotsialistlar Berlinda o‘tkaziladigan 1936-yilgi olimpiada uchun juda ko‘p pul tikishdi. Ular shu orqali o‘z tuzumlarining obro‘sini oshirishga harakat qilishardi. Ikki oylardan so‘ng Rudolf va Adolf ham natsistlar partiyaga a’zo bo‘lishdi.
«Natsistlar sportga juda qiziqishardi. Shuning uchun aka-ukalar bundan foydalanishga harakat qilishdi, – deb hikoya qiladi «Adidas» arxivchisi Karl-Xayns Lang. — Yoshlarni sport orqali partiyaga jalb etishar, buning uchun esa ko‘p poyabzal ishlab chiqarish talab qilinar edi. Keyinchalik aka-ukalar natsistlar bilan hamkorlik qilishgani uchun qattiq afsuslanishdi».
«U paytda har qanday nemis kompaniyasi partiya bilan aloqa qilmasdan biror natijaga erisha olmasdi, – deydi «Adidas» va «Puma» kurashiga bag‘ishlangan «Sneaker Wars» kitobining muallifi Barbara Smit. – Ayniqsa natsistlarning targ‘ibot mashinasining asosi bo‘lgan sport haqida gap ketganda buning iloji yo‘q edi».
Dasslerlar olimpiada boshlangunga qadar boyib ketishdi. Ularni Xersogenauraxning eng boy kishilari deb atashardi. Katta uy sotib olib, birgalikda yashay boshlashdi: birinchi qavatda – Adolfning oilasi, ikkinchi qavatda – Rudolfniki. Eng yuqorida esa – ota-onalari. Avvaliga hammasi risoladagidek edi. Fridl va Katarinaning kelishmovchiligi ana shu xotirjamlikni buzdi, xotinlar janjallashishar, erlari ularning tarafini olishardi.
Dasslerlarni katta janjaldan yagona maqsad – o‘z ishtiroki bilan firmani olimpiada o‘yinlarida reklama qiladigan zo‘r sportchini topish to‘xtatib turardi. Adolf shu haqida amerikalik yengil atletikachi Jessi Ouens bilan gaplashish uchun olimpiya shaharchasiga yo‘l oldi. Uni ko‘ndirish uchun bir chamadon tishli poyabzal olib bordi.
«Uning tishli oyoqkiyimlari poyabzal biznesini ostin-ustun qilib yubordi. Ouens ularni kiyib ko‘rganida hayratdan yoqa ushladi, – deb hikoya qiladi Barbara Smit. – Garchi afroamerikaliklar bilan hamkorlik qilish katta tavakkalchilik bo‘lsa-da, Dasslerlar buni qoyilmaqom qilib uddalashdi».
Ouens ishonchni oqladi: u to‘rtta oltin medal olib, fabrika shuhratini ko‘kka ko‘tardi. Shundan so‘ng Dasslerlar kuniga mingdan ortiq poyabzal ishlab chiqara boshlashdi.
Bir yil ichida ular juda katta daromad qilib (400 ming marka), ishlab chiqarish uchun yangi bino sotib olishdi. Bu hali boshlanishi ekanligini tushunib turishardi. Ammo Ikkinchi jahon urushi ularning barcha rejasini chippakka chiqardi.
Yana urush. Aka-ukalar janjali...
1939-yilda aka-uka Dasslerlarni frontga jo‘natishdi, fabrikani esa qurol ishlab chiqarishga moslashtirishdi. Biroz vaqt o‘tib Adolfni uyga, askarlarga oyoqkiyimlar ishlab chiqarish uchun qaytarishdi. Bu paytda urushda bo‘lgan Rudolf ukasining qaytganini eshitib, g‘azablandi.
«Qaytadan armiyaga olishganida har ikkisining yoshi qirqdan o‘tgan edi. Adolfga javob berishgach, u firmaga qaytdi», – deydi «Adidas» arxivchisi Karl-Xayns Lang. «Puma» tarixchisi Helmut Fisher esa: «Rudolfning gestapoda xizmat qilishi haqida mish-mish tarqaldi. Keyinchalik u buni inkor qildi. Shunchaki unga ukasining bir o‘zi ishni davom ettirish uchun uyga qaytgani yoqmagan edi», — deb qo‘shimcha qiladi.
Ittifoqchilar samolyotlari Xersogenaurax atrofiga bomba yog‘dirayotgan paytda Rudolfning xotini Fridl singlisi, o‘g‘li Armin hamda Adolfning oilasi bilan uy yerto‘lasida jon saqlashardi. Adolf yashirinish chog‘ida «Bu to‘ng‘izlar yana qaytishdi!» deydi. Fridl negadir bu gapni o‘ziga oladi.
«Men unga bir necha marta Adolf biz haqimizda emas, dushman samolyotlari haqida gapirdi desam ham quloq solmadi», – deb xotirlaydi Fridlning singlisi. Bu voqea Dasslerlarning munosabatini yanada yomonlashtirdi. Aka-uka deyarli gaplashishmasdi. Bunday vaziyat fabrikaning taqdirini hal qilib bo‘lmasdi.
Urush tugagan paytda Bavariyaning bir qismi hisoblangan Xersogenaurax Amerika okkupatsiya zonasi tarkibida edi. Dasslerlarni obdan so‘roqqa tutishdi. Bu safar ham Rudolfga oson bo‘lmadi. Gestapo bilan bog‘liq ishlari uchun uni sobiq harbiylar lageriga jo‘natishdi. Adolfni esa, aksincha, ishini davom ettirishi uchun shaharda qoldirishdi. Amerikaliklarga Adolfning o‘tgan olimpiadada ularning sportchilarini qanday qilib poyabzallar bilan ta’minlagani haqidagi hikoyalari yoqib qolgan edi.
«Har ikkalasi ham bosh bo‘lishni xohlar edi, – deydi Rudolfning nabirasi Yorg. – Mening bobomni amerikaliklar chaqirishganida, u gestapo bilan aloqadorligini tan oladi. Keyinchalik o‘z so‘zidan qaytsa-da, uni lagerga jo‘natishadi. U yerda unga seni o‘zingnikilardan kimdir sotdi deyishadi. Albatta, Rudolf birinchi navbatda ukasidan shubhalanib, unga nafrati oshadi».
Rudolfni lagerda bir yilcha ushlab turishdi. Bu paytda Adolf boshchiligidagi firma amerikaliklarning buyurtmasi bilan basketbol va beysbol poyabzallarini ishlab chiqarishga kirishgan edi. Orada uni yana so‘roqqa chaqirishdi. Ma’lum bo‘lishicha, Rudolf lagerda uning ishlari chappasiga ketishi uchun turli bo‘htonlarni o‘ylab topgan ekan. To‘g‘ri, qondoshlarning chaqimchiligi tez orada amerikaliklarning ham joniga tegdi va bunga unchalik e’tibor bermay qo‘yishdi.
Rudolf qaytganida aka-ukalar bundan buyon birga ishlamaslikka kelishib olishdi.
Fabrikani bo‘lib olish. Pele va Germaniya terma jamoasi bilan tuzilgan shartnomalar
Dasslerlar shu paytgacha umumiy brend hisoblangan «Gebrüder Dassler»dan foydalanmaslikka kelishib olishdi. Kunlardan birida ular fabrikaning barcha ishchilarni bir joyga yig‘ib, prinsipial masalani o‘rtaga tashlashdi — Rudolf va Adolfdan birini tanlashlari kerakligini aytishdi. «Bu ishni ochiq-oydin qilish muhim edi, shuning uchun ham hech kim hech kimni ayblamadi», – deb eslaydi fabrika ishchisi Georg Xetsler.
Ishchilar aka-ukaning munosabatidan xabardor bo‘lsa-da, bunchalik tez qaror chiqarishlarini hech kim kutmagandi. Ko‘proq xodimlar Adolf tomonga, kamrog‘i uning akasi tomonga o‘tdi. «Meni Rudolf ishga yollagandi. Undan hayiqmas edim, shuning uchun u tomonga o‘tdim. Yuqoridagi xonamizga chiqqanimizda xo‘jayin: “Nihoyat nimalarga qodir ekanligimizni ko‘rsatish vaqti keldi!” – dedi», – deb eslaydi Xetsler.
«Gebrüder Dassler»ning bo‘linib ketishi 1949-yilga kelib Xersogenuraxda bir paytning o‘zida ikkita katta sport fabrikasi «Adidas» va «Puma»ni vujudga keltirdi. «Rudolf avvaliga o‘z firmasini “Ruda” deb atadi. Biroz vaqtdan so‘ng fikrini o‘zgartirib “Ruda”ni “Puma”ga aylantirdi», – deydi Barbara Smit.
Biznesning ikkiga bo‘linishi yana bitta «urush»ni keltirib chiqardi. Odamlarning poyabzaliga qarab, kim kimning tarafida ekanligini bilsa bo‘lardi. «Qahvaxonalarda “Puma” va “Adidas” ishchilari bitta stolda o‘tirishmas edi. Qo‘rqishganidanmi yoki o‘ta sodiqlikdanmi ular o‘z boshliqlarini shunday qo‘llab-quvvatlashar edi», – deydi Georg Xetsler.
Fabrikalar bir-biridan 500 metr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, har biri ommaviyroq bo‘lishga intilardi. Dastlabki «Adidas» katta muvaffaqiyatga erishdi: futbol bo‘yicha Germaniya federativ respublikasi terma jamoasining murabbiyi Zepp Xerberger Adolfning nam maydonga moslashtirilgan tishli butsalarini kiyib ko‘rdi va yashirincha shartnoma imzoladi. Tez orada butun jamoa uch yo‘lli poyabzallarda shug‘ullana boshladi. «Rudolf juda g‘azablandi, – deydi Helmut Fisher. – Zepp avvaliga bizga kelgan, ammo fabrikamizda hamkorlik uchun yetarlicha mablag‘ yo‘q edi».
«Kamida o‘n ikkita odam oyoqkiyim tishiga patent olish uchun ariza bergan bo‘lsa-da, eng muhimi bu tizimning birinchi marta ishga tushgani edi», – deydi «Adidas» vakili Karl Xayns Lang.
* * *
Aka-ukalarning raqobati shunchalik kuchayib borardiki, ular bir-birini ayg‘oqchilikda ayblashgacha borishdi. Adolf atrofidagi har bir xodimdan, hatto o‘zi bilan ancha yillardan buyon ishlayotgan yordamchilaridan ham shubhalana boshladi. «Bir kuni xo‘jayin rivojlantirish bo‘limiga kirib, u yerda yelim ishlab chiqaruvchini ko‘rdi. Unga g‘alati qaradi va: “Agar kimligingni yaxshi bilmaganimda shu yerda otib tashlagan bo‘lardim”, – dedi», – deb xotirlaydi «Adidas» vakili Maykl Bauer.
Xuddi shunga o‘xshagan holat «Puma»da ham sodir bo‘lgan. «Bir gal shoshib Rudolfning xonasiga kirdim. Uning stolida ikkiga bo‘lingan «Adidas» butsalari turardi. U o‘z kompaniyasining texnologiyasi o‘g‘irlanganmi-yo‘qmi bilishni istar edi», – deydi Georg Xetsler.
Adolf («Adidas») akasidan har jihatdan o‘zib ketdi. Ammo 1970-yilga kelib «Puma» ajoyib reklamaga qo‘l urdi. Fabrikalar dunyoning eng zo‘r futbolchisi bilan shartnoma imzolamaslik haqidagi hujjat — «Pele pakti»ni imzolashgan bo‘lsa-da, Rudolf maxfiy tarzda o‘g‘li Arminni jahon chempionati bo‘lib o‘tayotgan Meksikaga bir chamadon pul bilan jo‘natadi. Pele 10 ming dollar pulni qo‘yarga joy topa olmay, oxiri gultuvakka yashiradi», – deb hikoya qiladi Rudolfning nabirasi Yorg.
Adolf akasining ayyorligini bilib qolgach, darhol o‘g‘li Xorstni ham Meksikaga jo‘natadi. U amakivachchasi Arminni to‘xtatishi va bo‘lajak kelishuvdan voz kechishga chaqirishi lozim edi. Lekin u kech qoladi: Pele terma jamoaning sariq libosida va «Puma»ning qora butsasida maydonga tushishga ulgurgan edi.
Aka-ukalar to‘qnashuvining eng qizg‘in nuqtasi shubhasiz 1974-yilda Germaniyada bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionatiga to‘g‘ri keldi. Turnirdan oldin Germaniya terma jamoasiga har ikki firmaning agentlari to‘xtovsiz ravishda murojaat qilishar, Adolf hatto o‘z haydovchisi Bernhard Nadlerni terma jamoa himoyachisi Berti Fogts oldiga jo‘natadi. «Xo‘jayin buni tezda kiyib olishingizni aytdi!», – deydi haydovchi. Berti butsalarni olib, obdan aylantirib ko‘radi va: «Ichida hech nima yo‘q-ku!», – deb javob beradi. Nima bo‘lganiga tushunmagan haydovchi bor gapni xo‘jayiniga yetkazgach, Adolf miyig‘ida kulib qo‘yadi.
Vaziyat shu darajagacha bordiki, terma jamoa futbolchilari brend bilan hamkorlik qilingani uchun qo‘shimcha mukofot talab qilishdi. Terma jamoa ishtiroki so‘roq ostida qoldi. «Baza oshxonasida barcha futbolchilar yig‘ildi, – deb xotirlaydi futbolchi Uli Hyoness. – Ular assotsiatsiyadan qo‘shimcha haq olish bo‘yicha kelisha olishmayotgan edi. Tuni bilan munozara qilgan sportchilarning ba’zilari hatto uyga ketishga ham rozi edi. Tonggi 6-00 da tortishuv yakunlandi».
«Oxirgi daqiqalarda masal hal bo‘ldi — ”Adidas” assotsiatsiya orqali futbolchilarga qo‘shimcha haq berishga rozi bo‘ldi. Natijada terma jamoa uning butsalarida maydonga tushadigan bo‘ldi», – deydi firma xodimi Xorst Vidmann.
Turnir finalida GFR Hollandiyani mag‘lub etib (2:1), kubokni qo‘lga kiritganida Adolf buni o‘zining g‘alabasi sifatida qabul qilgan edi.
Aka-ukalar baribir yarashmadi. Firmalar 60 yil o‘tib o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishdi
1974-yilning kuzida Rudolf o‘pka saratoniga chalingani aniqlandi. U o‘limi yaqinligini tushunib, Adolfni ko‘rishni xohladi. Ular oxirgi marta sport buyumlari ko‘rgazmasida uchrashishgan edi. Lekin ikkisi ham birinchi bo‘lib gap boshlashga botina olmadi. Aka-ukalar o‘rtasida vositachi bo‘lishga birinchi bo‘lib Armin urinib ko‘rdi. U Adolf amakisining oldiga borib, otasi haqida so‘z ochdi. Keyin mahalliy ruhoniy Zigbert Kiling ham urinib ko‘rdi: «Men har ikkisining yoniga bordim. Ular yarashishni xohlashardi».
Adolf akasidan xafa emasligini bot-bot takrorlasa-da, akasini ko‘rishga bormadi, hatto oktyabrning oxirida Rudolf vafot etganida dafn marosimida ham ishtirok etmadi. «Adidas» asoschisi to‘rt yil o‘tib, insultdan qazo qildi. Uni akasi bilan bir qabristonga, faqat boshqa tomonga dafn etishdi. Uning vafotidan keyin kompaniyani Keti va Xorst boshqarishdi. «Puma»ga esa Armin va uning kichik ukasi Gerd rahbarlik qilishdi.
2009-yilga kelib, 60 yillik tanaffusdan so‘ng kompaniyalar o‘rtasida yarashuv matchi tashkil etildi. Ular buni 21-sentyabr — xalqaro tinchlik kuni amalga oshirishdi. «Biz sport insonlarni yaqinlashtirishiga ishonamiz», – dedi «Adidas» boshqaruvi raisi Gerbert Gayner. Uni «Puma» xo‘jayini Yoxen Sayts qo‘llab-quvvatlab: «Bugun kompaniyalarimiz uchun juda muhim kun», – dedi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter