Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jalaquduqda sement zavodi odamlar hayotiga xavf solmoqda. Mutasaddilar nega jim?

Jalaquduqda sement zavodi odamlar hayotiga xavf solmoqda. Mutasaddilar nega jim?

«Xabar.uz» tahririyatiga Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi Hasanqovoq mahallasi fuqarolari nomidan murojaat keldi.  Quyida ana shu murojaatni e’tiboringizga havola etamiz.

«Assalomu alaykum hurmatli «Xabar.uz» tahririyati! Biz yozayotgan muammo hech qaysi tashkilotni qiziqtirmagach, sizlarga yozishga qaror qildik. Zora bizni eshitishni istamagan mutasaddilar shundan keyin dodimizga quloq tutsa.

Gap shundaki, mahallamiz yaqinidagi Qo‘rg‘ontepa tumani hududida yangi sement zavodi qurilib 1-bosqichi ishga tushirilgan. Albatta, biror bir hududda yangi korxona ishga tushishi juda quvonarli hol, buning ustiga bugun davlatimiz rahbari qo‘yayotgan asosiy talab ham shu — tadbirkorlik va ishlab chiqarishni ko‘paytirish, rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash. Chunki bu orqali hududda yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, iqtisodiyot rivojiga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shiladi. Ammo bu — bizning nazarimizda, shu hududda yashayotgan odamlar va atrof-muhitning hayotiga xavf solishi evaziga bo‘lmasligi kerak.

Sement zavodi

Zavod ishga tushgandan beri kuchli shovqin, ishlab chiqarish changi va tutini mahallamiz tinchini buzdi, sog‘lig‘imiz va hayotimizni jiddiy xavf ostiga qo‘ydi. 2018 yil yanvar oyidan beri davom etib kelayotgan bu holat yuzasidan murojaat qilinmagan tashkilotning o‘zi qolmadi. Tuman hokimligidan tortib, prokuratura, ekologiya bo‘limi, sanitariya-epidemiologiya stansiyasigacha... Biz murojaatimizda korxonani butunlay yo‘q qilishni emas, balki biz yashaydigan joydan uzoqroqqa ko‘chirishni so‘radik. Ammo ming afsuski, arzimizni tinglaydigan biror kishi yo tashkilot topilganicha yo‘q.

Sement zavodi

Biz Prezidentning virtual kabulxonasiga ham ariza bilan murojaat qildik. Shundan so‘ng, 3 aprel kuni viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari kelib mahallamiz xonadonlaridan atmosfera havosini olib tekshiruv o‘tkazdi. Natijada havoda ifloslantiruvchi moddalar miqdori me’yoridan ancha ortiq ekani aniqlandi. Lekin baribir hech narsa o‘zgargani yo‘q: muammo — muammoligicha qolmoqda.

Qurib borayotgan nihollar

Bilamiz, sement zavodi egasiga, davlatimizga moddiy naf keltiryapti. Lekin tarozining ikkinchi pallasiga shu yerda yashaydigan odamlarning sog‘ligi, dehqonchiligi, dov-daraxti va chorvasini qo‘ysak, qaysi tomon og‘ir keladi?!

Havoda ifloslantiruvchi moddalar miqdori me’yoridan ancha ortiq ekani aniqlandi

Bugun Prezident olib borayotgan islohotlar insonlarning orzularini ro‘yobga chiqarishga qaratilganini ommaviy axborot vositalari orqali ko‘rib, o‘qib, eshitib turibmiz. Ana shu narsani o‘z hayotimizda ro‘y berishini, uning ahamiyatini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, qalbimiz bilan his etishni istaymiz. Agar O‘zbekistonda inson qadri baland ekani rost bo‘lsa, zararli havodan bizni qutqaring!

Umid bilan, Hasanqovoq mahallasi aholisi nomidan M. Komolov, R.Mo‘minov, M.Husanov, M.Tojiboyev, S.Mo‘ydinxo‘jayev, K.Nasriddinov, D. Jumaboyev, S.Djabborov».


Tahririyatdan: «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali ushbu masala yuzasidan mutasaddilardan izoh kutib qoladi. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring