Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xavotirli statistikani e’lon qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xavotirli statistikani e’lon qildi

So‘nggi o‘n yilda dunyo bo‘yicha 2,5 million kishi cho‘kish oqibatida bevaqt hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hisobotida so‘z boradi.

Baxtsiz hodisalarning 90 foizi qashshoq va kambag‘al davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Cho‘kish oqibatida vafot etganlarning asosiy qismi 1-4 va 5-9 yoshdagi bolalardir.

Vaziyatni xavotirli deb baholagan JSST fojialarning oldini olish uchun amaliy harakatlar qilish, birinchi navbatda bog‘cha yoshidagi bolalarga suzishni o‘rgatishni tavsiya qilgan. Bu maqsadda sarflangan bir dollar o‘n karra yuqori daromad keltiradi. Eng asosiysi, yuz minglab o‘lim va baxtsiz hodisalarning oldi olinadi, deb hisoblaydi xalqaro tashkilot.

«Samarali profilaktik chora-tadbirlar, tizimga ko‘proq mablag‘ ajratish va aholi xabardorligini oshirish ko‘plab insonlar hayotini saqlab qolish imkonini beradi», – deydi JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus.

Qayd etilishicha, Bangladesh, Janubiy Afrika Respublikasi, Tayland, Vetnam kabi davlatlar cho‘kishning oldini olish bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rmoqda. Xalqaro tuzilma boshqa davlatlarni ham ushbu muammoga e’tibor qaratishga undamoqda.

Joriy yil may oyida JSST ilk bor cho‘kishlarning oldini olishga doir rezolyusiya qabul qildi. Ushbu hujjatga ko‘ra, bu bo‘yicha global ittifoq tuziladi.

O‘zbekistonda ham cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar tez-tez ro‘y beradi. Rasmiy raqamlarga ko‘ra, joriy yilning 5 oyi davomida 57 kishi suvda cho‘kib vafot etgan, ulardan 26 nafari voyaga yetmaganlardir. Masalan, joriy yil iyun oyida Toshkent viloyatida 6 yoshli bola cho‘kib ketgan. Marhum bolakayning jasadini topishda ham muammo yuzaga kelgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring