COVID-19 bilan kasallanganlar koronavirusga qarshi emlansa nima bo‘ladi?
COVID-19 bilan kasallanganlar koronavirusga qarshi emlanishi zarur, dedi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bosh tadqiqotchisi Sumya Svaminatan.
«Ilgari kasallikni yuqtirgan yoki yuqtirmaganligidan qat’i nazar, emlanishni tavsiya etamiz», — dedi u JSSTning YouTube kanaliga bergan intervyusida.
Rasmiyning ta’kidlashicha, kasal bo‘lganlarning aksariyatida immunitet hosil bo‘ladi, ammo ularning ba’zilarida yetarlicha kuchli bo‘lmaydi. Gap, avvalo, infeksiyaning alomatsiz tashuvchilari haqida bormoqda. Aynan shuning uchun JSST emlashni tavsiya etadi, dedi Svaminatan.
«Ijobiy tomoni shundaki, immun tizim o‘xshash antigen va proteinni eslab qoladi», — deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.
Bu shuni anglatadiki, agar bemor infeksiyani allaqachon boshidan o‘tkazgan bo‘lsa, vaksina immun javobni kuchaytiradi. Shu bilan birga, JSST vakilining ta’kidlashicha, hozircha faqat kattalar emlanishi mumkin.
Svaminatan tashkilotdagilar COVID-19 bilan kasallanganlarda immunitet qancha vaqtgacha saqlanishini hozircha bilmasligini qo‘shimcha qildi.
Dunyo bo‘yicha 109,5 milliondan ortiq odam koronavirusga chalingan bo‘lib, ulardan qariyb 2,4 million nafari hayotdan ko‘z yumdi. Kasallanish va qurbonlar, ayniqsa, AQSh, Hindiston va Braziliyada ko‘proq qayd etilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter