Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

ITSM «Smart Land» ilovasining taqdimotini o‘tkazdi

ITSM «Smart Land» ilovasining taqdimotini o‘tkazdi

Joriy yilning 23 sentyabr kuni poytaxtimizning 110-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida «Smart Land» interaktiv virtual ta’lim platformasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Bugun biz gadjetlar olamida yashar ekanmiz, har birimiz kamida telefon va kompyuterga egamiz. Bu esa o‘z-o‘zidan savol tug‘diradi: «Xo‘sh, mazkur gadjetlarni qanday qilib bizning do‘stlarimizga aylantirishimiz mumkin?». Bunda ulardan qay tarzda foydalanishimiz muhim o‘rin tutadi. Axir ulardan to‘g‘ri foydalanishimiz vaqtimizni tejash hamda imkon boricha ko‘proq foydaga ega bo‘lish imkonini beradi.

«Smart Land» virtual ta’lim platformasi vaqtimizni unumli, ya’ni qiziqarli hamda foyda bilan o‘tkazishda samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy ilova bolalarni har tomonlama rivojlantirishga hamda umumta’lim maktablari o‘qituvchilariga metodik yordam ko‘rsatish evaziga ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan.

Ushbu platformadan dars paytida foydalanish, ta’lim jarayonida yangi usul va uslublarni yaratish uchun katta imkoniyatlarni taqdim etadi. Shubhasiz, bu o‘qituvchining o‘quv va ilmiy-tadqiqot faoliyatida o‘z ustida ishlash lozimligini talab qilib, o‘quvchilarning bilim faolligini oshiradi. O‘quv jarayonini yana-da yorqinroq va qiziqarli qiladi.

— «Smart Land» 15 ta fan bo‘yicha rus va o‘zbek tillarida bo‘lgan 2008 ta o‘yin va mashqlarni o‘z ichiga olgan. Foydalanuvchi o‘ziga qulay bo‘lgan til hamda butun o‘yin davomida unga hamroh bo‘ladigan qahramonni tanlash imkoniga ega. O‘yinni boshlagach, u turli mamlakatlar bo‘ylab sayohatga chiqadi hamda u yerdagi diqqatga sazovor joylar bilan tanishib, dunyoqarashini kengaytiradi. Turli mashq va vazifalarni bajarish natijasida esa bilimini mustahkamlaydi. Mamlakatlar sinflar bo‘yicha taqsimlangan, 1-4 sinflarda qahramon O‘zbekiston va Italiya bo‘ylab, 5-9 sinflarda Xitoy va Buyuk Britaniyaga, 10-11 sinflarda esa AQSh bo‘ylab sayohat qiladi, — deydi Maktabdan tashqari ta’lim va elektron resurslarni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Aleksandr Zaxarov.

Taqdimot davomida ilova maktab o‘quvchilari tomonidan sinovdan o‘tkazildi. Bundan tashqari «Smart Land» doirasida viktorina tashkil etilib, g‘oliblar qimmatbaho sovg‘alarni qo‘lga kiritishdi.

Kelajakda PISA va TIMSS xalqaro baholash tizimlariga ko‘ra ilovadagi topshiriqlarni takomillashtirish, shuningdek, platformaga fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha virtual laboratoriya joriy etish rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring