Italiyada «asr sudi» boshlandi: qora kursida — mafiya a’zolari, siyosatchilar, politsiyachilar, sobiq deputatlar, merlar...
«Asr sudi» — Italiya matbuoti Kalabriyada 13-yanvar kuni boshlangan sud eshituvlarini shunday ta’riflamoqda. Sud majlislari xavfsizlik choralari o‘ta kuchaytirilgan muhitda, maxsus jihozlangan uch ming kvadrat metrlik bunkerda o‘tmoqda. Qora kursida o‘tirganlar — 300 dan ziyod kishi, ular orasida janubiy Italiya aholisini qo‘rquvga solib kelgan qudratli jinoiy tashkilot «Ndrangeta» bosslari ham bor. Ne qilmishlari ularni bu yerga keltirdi?
Mafiya otasi qamoqda ham bossligicha qoladi — jinoyat olamining birinchi qoidasi bu. Bunkerga keltirilgan 323 nafar ayblanuvchi — klanlar a’zolari, siyosatchilar, politsiyachilar, sobiq deputatlar, merlar o‘nlab alohida kameralarda saqlanmoqda. Buni bir paytning o‘zida «Ndrangeta» tartib-taomillariga «hurmat» deb ham, bunkerda qo‘shxavfsizlikni ta’minlash ham deb tushunish mumkin.
Ayblovni umrining yarmidan ko‘pini davlat himoyasi ostida o‘tkazgan mashhur prokuror Gratteri e’lon qiladi:
«Ndrangeta»ni ich-ichidan bilaman. Kichkinaligimda mafiya bosslarining bolalari bilan bir maktabga borganman. Bir paytlar tanaffusda men bilan o‘ynab yurgan bolalar katta bo‘lgach mafiya klanlariga bosh bo‘lib ketishdi. Shuning uchun ham mafiya falsafasini, ularning qanday mushohada yuritishini his eta olaman. Maktabga ko‘pincha yayov ketardim, yo‘l chetida o‘ldirib ketilganlarning jasadlarini ko‘p uchratganman».
«Ndrangeta-2020» — albatta, prokurorning bolalik xotiralaridagi «Ndrangeta» emas. Sudning maqsadlaridan biri ham shu — mafiya qanchalik rivojlanganini ko‘rsatib berish. Guvohlikka chaqirilganlarning o‘zi naq 900 kishi. Ayblovlar orasida eng asosiysi mafiyaning bosh daromad manbai bo‘lmish narkotrafik.
Eng qiyini — tovlamachilik va korrupsiya. «Ndrangeta» hammayoqqa odamlarini tiqib tashlagan. Qudratli Mankuzo oilasi (sud kursisida Luiji amaki laqabli klan otasi o‘tiribdi) shartnomalar va ko‘chmas mulkdan pul ishlashning havosini olgan. Klan o‘z manfaati yo‘lida qo‘pol kuch ishlatish bilan birga, siyosiy aloqalarni ham ishga solishdan qaytmaydi. Mafiyaning uzun qo‘llari narkotiklar savdosidan tashqari, ko‘chmas mulklar sotib olish, yirik tijoriy loyihalargacha yetib borgan.
«Ndrangeta»ning qudrati oilaviy qadriyatlarga qurilganida — juda qattiq gorizontal tuzilma, yaqin qarindoshlar orasidagi nikohlar. Bunaqasi na «Koza Nostra», na neapolliklar «Kamorra»sida uchraydi. Shu boisdan ham klan rahbarining jiyani Emmanuele ushbu sud jarayonining bosh sensatsiyasiga aylandi. «Ndrangeta» tarixida ilk marotaba oila a’zosi tergov bilan hamkorlik qilishga rozilik berdi va bu unga qimmatga tushdi. U karserdan oila garovga olgan ikki yashar qizini himoya qilishni so‘rab ochiq xat jo‘natdi. Biroq tazarru qilgan mafiya a’zosining xotini guvohlarni himoya qilish dasturi ishtirokchisi bo‘lishni istamadi — mafiya qonunlariga bo‘ysunib, klanda qoldi.
«Bugungi «Ndrangeta» — mafiyalarning eng xavflisi. Butun dunyo bo‘ylab tomir otgan. Mafiyalarning eng boyi, chunki Yevropaga kokain olib kirish uning nazorati ostida», — dedi prokuror Nikola Gratteri.
Dunyo «Koza Nostra» haqidagi seriallarga mahliyo bo‘lib o‘tirganida «Ndrangeta» qaddini tiklab oldi. Kalabriyalik qotil Germaniyada olti kishini hech qanday guvoh qoldirmay otib tashlagan 2007-yilda «Ndrangeta» o‘zining ilk so‘zlarini aytgandi. Keyinchalik Germaniya politsiyasi italiyalik tergovchilar yordamida aniqlashicha, bu qonli intiqom edi. O‘shanda vendetta (o‘ch olinishi)dan xavfsiragan, o‘q izlarini hatto cherkov devorida ham uchratish odatiy hol bo‘lgan San-Luka (Kalabriya) shaharchasi blok-postlar bilan o‘rab olingandi.
Darvoqe, Germaniya ham ushbu sud jarayonidan chetda emas — «Ndrangeta» nemis zaminini salkam ikkinchi vatanga aylantirib olgan, qo‘lgan olinganlarning ayrimlari o‘sha yerdan.
Asr sudida 600 nafar advokat qatnashadi. Pandemiya nafasi shu yergacha yetib kelgan — ayblanuvchilarning ayrimlari ko‘rsatmalarni videoaloqa vositasida masofadan beradi.
Sud bir necha yillarga cho‘zilishi tayin. Gap sudlanuvchilarning ko‘p sonli ekanida emas. Italiya sudi sekin, ammo muqarrar ishlaydi. Deyarli... Da’vo muddati o‘tib ketib yoki jinoyat tarkibi yo‘qligi ro‘kach qilinib ozodlikka chiqarish ham mamlakat serqirra sud tarixining o‘ziga xos jihatlaridan sanaladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter