Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Issiq ob-havoda quyosh nuridan qanday himoyalanamiz?

Issiq ob-havoda quyosh nuridan qanday himoyalanamiz?

Foto: Sport-ekspress

Kundan-kunga havo harorati ko‘tarilib, quyosh nuri qizdirishni boshladi. Agar quyosh nurida uzoq vaqt bo‘lsak, nafaqat bolalarga, balki kattalarga ham zarar yetkazishi mumkin. Bola tanasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nuri tushishi ham foydali, ham zararli bo‘lishi mumkin.

Quyosh nurining organizmga foydasi

Quyosh nurlari teriga tushganda D vitamini ishlab chiqariladi, natijada,kalsiy, fosforning so‘rilishiga yordam beradi. Bu bolaning immunitetini mustahkamlash va raxit rivojlanishidan himoya qilish uchun zarurdir.

Quyosh nurining zararli tomonlari

Shuni esda tutish kerakki, bolaning terisi kattalarnikiga qaraganda nozikroq. Shuning uchun quyoshga uzoq vaqt ta’sir qilish issiqlik urishiga olib kelishi mumkin. Natijada bola suvsizlanib, ahvoli yomonlashadi.

Bola teri kuyishini olish uchun jazirama quyosh ostida bir necha daqiqa turishi kifoya. Buni teri qizarib, shaffof suyuqlik bilan to‘lgan pufakchalar paydo bo‘lishidan bilib olishimiz mumkin. Bundan tashqari, kuyish yaralari ham paydo bo‘lishi mumkin.

Agar jazirama quyosh vaqtida ko‘chaga chiqishingiz kerak bo‘lsa, albatta, boshingiz va bo‘yiningizni yopishingiz va ko‘zoynakdan foydalanishingiz kerak.

Kichkina bolangizga quyosh nuridan himoyalovchi bosh kiyim (panama, kepka) va ko‘zoynak oling.

Bundan tashqari, yuqori himoya faktorli maxsus SPF 30-50 quyoshdan himoya kremlaridan foydalaning.

Ochiq suzish havzalarida suzgandan so‘ng ikki soatdan keyin bolaning tanasiga kremni qayta qo‘llash kerak.

Bolalarning quyoshda o‘tkazadigan vaqtini har kuni 15-30 daqiqaga oshirib, terini  quyosh nurlariga moslashtirish zarur. Shunda teri quyosh nuridan zararlanmaydi va kuymaydi.

Soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida chaqaloqlar ham, katta yoshdagi bolalar ham ochiq quyoshga chiqmasligi kerak. Soat 10:00 gacha va 16:00 dan keyingi quyosh nuri eng foydalisidir.

Bundan tashqari, issiq haroratda ko‘p suyuqlik ichishni ham unutmang.

Tibbiy materiallarga asoslanib, Nodira Adilova tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring