Isroil yana «qizil chiziq»larni bosdi
G‘azoda harbiy amaliyot o‘tkazayotgan Isroil armiyasi shanba va yakshanba kunlari xalqaro hamjamiyat «dahshatli» deb baholagan hujumlarni amalga oshirdi.
Shanba kuni Isroil harbiylari BMTning Jabaliya shahridagi «Al-Faxura» maktabiga bomba tashlagan. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi portlash oqibatida kamida 50 kishi halok bo‘lgani, 200 ga yaqin odam jarohat olganini ma’lum qilgan.
Yahudiy davlati harbiylari Tal az-Zaatardagi maktabga ham hujum uyushtirgan. Oqibatda o‘nlab odam halok bo‘lgan.
Maktablarda vayronalar ostida odamlar qolib ketgani, qurbonlar soni yana oshishi aytilmoqda.
Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, G‘azodagi jon saqlash uchun xavfsiz joy qolmagan. Ayni paytda bir necha yuz ming g‘azolik Isroil bombalaridan qochib BMT maktablariga berkingan. Ammo maktablarda ham jon saqlash amrimahol bo‘lib qolmoqda.
BMTning Falastin qochqinlar agentligi (UNRWA) bosh komissari Filipp Lazzarini maktablar bombalanishidan dahshatga tushganini ma’lum qilgan.
«Bunday hujumlar odatiy holga aylanishi mumkin emas, unga chek qo‘yish kerak. Gumanitar maqsadda o‘t ochishni to‘xtatishni aslo cho‘zib bo‘lmaydi», – degan bosh komissar F.Lazzarini.
Bosh kotib Antoniu Guterrish esa Isroilga BMT ob’yektlari daxlsiz ekanini eslatgan.
Xalqaro tashkilotlarning e’tiroziga qaramay, Isroil so‘nggi haftalarda maktab, shifoxona, qochqinlar lageri, masjid va cherkovlarni nishonga olib kelmoqda.
Isroil harbiy kuchlari G‘azo sektoridagi Jabaliya qochqinlar lagerini bir necha hafta avval ham bombardimon qilgan, oqibatda 200 ga yaqin tinch aholi vakili hayotdan ko‘z yumgan edi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha idorasi mazkur hujum harbiy jinoyatga tenglashtirilishi mumkinligini bildirgan.
Avvalroq «Al-Ahliy» shifoxonasiga raketa zarbasi berilishi oqibatida yuzlab begunoh odam halok bo‘lgan edi.
«Chegara bilmas shifokorlar» xabariga ko‘ra, 19 noyabr kuni G‘azoda tashkilotga qarashli 137 kishidan iborat gumanitar karvon qasddan o‘qqa tutilgan. Xalqaro tashkilot tibbiyot xodimlari va ularning yaqinlariga uyushtirilgan hujumni keskin qoralagan.
BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) matbuot kotibi Jeyms Elder Isroil bombardimoni oqibatida G‘azo bolalar uchun qabristonga aylangani haqida bong urdi. Xalqaro tashkilot vakili o‘t ochishni to‘xtatish va gumanitar halokatga yuz tutgan mintaqaga zudlik bilan insonparvarlik ko‘magi kiritishni talab qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter