Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi

Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi

AQSh Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Rashida Tolib qonunchilik idorasidagi chiqishida Oq uyning G‘azo sektori bo‘yicha siyosatini tanqid qildi.

Kongress a’zolariga ochlik tufayli qoqsuyak holga kelgan falastinlik bolakayning fotosuratini ko‘rsatgan Rashida Tolib Isroil G‘azo sektoriga insonparvarlik ko‘magi o‘tkazishga to‘sqinlik qilayotgani, Oq uy esa Tel-Avivning bu qilmishidan ko‘z yumayotganini aytgan.

«Bayden insonparvarlik ko‘magi bo‘yicha (Isroilga bergan) 30 kunlik muddat haqida gapirmoqchiman. Bayden ma’muriyati Isroil hukumati G‘azo sektorida insonparvarlik ko‘magi yetkazishga to‘sqinlik qilayotgani haqidagi o‘z ekspertlari, shuningdek, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari va BMT hisobotlarini e’tiborsiz qoldirmoqda», – dedi kongressvumen.

Falastinlik bolalar ochlik tufayli hayvonlar ozuqasini ham yeyishga majbur bo‘layotganini ta’kidlagan deputat ayol insonparvarlik ko‘magini yetkazish va’dasida turmagani uchun Davlat kotibi Entoni Blinkenni iste’fo berishga chaqirgan.

Kongressdagi asli falastinlik yagona deputat sanalgan Rashida Tolib Isroil hukumati ishg‘ol ostidagi Falastin yerlarida aparteid siyosatini yuritayotganini aytib keladi.

Joriy yil 24 iyul kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh Kongressida ma’ruza qilganida ham Rashida Tolib «Harbiy jinoyatchi», «Qatliom aybdori» kabi jumlalar yozilgan peshlavha ko‘targan holda o‘z noroziligini bildirgandi.

G‘azo sektorida urush boshlangan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroil hujumlari oqibatida 43846 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 103740 nafari jarohatlangan.

Afsuski, dahshatli statistika kun sayin oshib bormoqda. Xalqaro tashkilotlar G‘azoda ko‘p sonli aholi bombalar, ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar tufayli halok bo‘layotgani haqida bong urmoqda.

BMT joriy yil iyun oyida e’lon qilgan surishtiruvda G‘azo sektorida aholi, xususan, bolalar qasddan qirib tashlanayotgani bayon qilingan.

Xalqaro tuzilma Isroil hatto G‘azoda vayronalar ostida qolgan odamlarni qutqarishga ruxsat bermayotganini ma’lum qilgan.

BMTning maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze Isroil Falastin yerlarida etnik tozalash, ayirmachilik va ishg‘ol siyosatini to‘xtatmaguncha qadar uning BMTdagi a’zoligini vaqtincha to‘xtatib turishni taklif qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring