Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil vaziridan Falastin borasida «tesha tegmagan» taklif

Isroil vaziridan Falastin borasida «tesha tegmagan» taklif

Isroil infrastruktura, energetika va suv ta’minoti vaziri Israel Kats G‘azo sohillarida sun’iy orollar barpo etishni taklif qildi. Ushbu bahsli loyihani u Yevropa Ittifoqi dvlatlari tashqi ishlari vazirlari e’tiboriga havola qilgan.  

Minglab tinch aholi vakillari o‘limiga olib kelgan urush davom etar ekan, Isroil G‘azo sektorini bosib olib, falastinliklarni boshqa hududlarga ko‘chirishni ko‘zlayotgani haqidagi xavotirlar tobora kuchaymoqda.

Israel Kats ilgari surgan loyihani YeI vazirlari rad etgan. Yevropa diplomatlari Tel-Avivga amalga oshirib bo‘lmas tashabbuslar o‘rniga G‘azodagi gumanitar inqirozni hal etishga e’tibor qaratish ma’qulligini aytgan. Xususan, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel mintaqada tinchlik o‘rnatish, jumladan, Isroil xavfsizligini ta’minlashning asosiy sharti Falastin davlatini tuzish ekanini eslatgan. Ammo YeI diplomatlari G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish borasida yagona to‘xtamga kela olmagan.

Keyingi vaqtlarda Isroil hukumati vakillari g‘azoliklarni surgun qilish haqida ochiq-oshkora bayonotlar bermoqda. Xususan, 2024 yil boshida Falastinga nisbatan radikal qarashlari bilan tanilgan moliya vaziri Betsalel Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir G‘azo aholisini surgun qilib, hududni egallash haqida gapirdi.

Xalqaro huquq va insoniylik tamoyillariga butkul zid bu taklifga Isroilning yaqin ittifoqchilari ham qarshi chiqdi.

Avvalroq Buyuk Britaniyaning «The Guardian» gazetasida chop etilgan maqolada Tel-Aviv ma’muriyati vaziyatdan foydalanib, G‘azoning 2,3 million aholisini majburiy ravishda Misrning Sinay yarim oroliga ko‘chirish va shu orqali hududni bosib olishni ko‘zlayotgani haqidagi taxmin ilgari surilgan edi.

Falastinning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Javad Muhammad Avad ham ayni shu xavotirli reja haqida gapirgandi.

«Isroilning hozirgi harakatlari biror guruh, xususan, HAMASga qarshi shunchaki kurash emas. Balki bu Falastin xalqiga qarshi urushdir. Bundan ko‘zlangan maqsad esa G‘azo sektorida qolgan falastinliklarni Sinay sahrosiga siqib chiqarishdir», – degan doktor Javad Muhammad Avad.

Tahlilchilar ikkinchi Naqba (1948 yilda yuz minglab falastinlik vatanidan ko‘chirilgani «Naqba», ya’ni «Fojia» deb ataladi) ro‘y berishidan ogohlantirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring