Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil daxlsiz sanalgan maskanga hujum uyushtirdi

Isroil daxlsiz sanalgan maskanga hujum uyushtirdi

Hujum oqibatida ikki haftalik chaqaloq ham halok bo‘ldi.

Foto: AFP

Yakshanba kuni Isroil harbiylari G‘azo sektoridagi Mag‘oza qochqinlar lagerini bombardimon qildi. Daxlsiz sanalgan maskanga uyushtirilgan hujumda kamida 70 kishi, jumladan, ikki haftalik chaqaloq halok bo‘ldi. O‘nlab odam jarohatlangan, yana o‘nlab kishi vayron bo‘lgan binolar ostida qolgan.

Mag‘oza qochqinlar lageri G‘azodagi aholi zich hududlardan biri hisoblanadi. «Al-Jazira» xabariga ko‘ra, avvalroq Isroil harbiylari falastinliklarga xavfsiz joy sifatida mazkur lagerdan qo‘nim topishni tavsiya qilgan.

«The Guardian» gazetasining yozishicha, Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Ashraf al-Qudra Mag‘oza lagerida o‘nlab odam o‘ldirilganini qatliom deb atagan.

So‘nggi hodisalarga munosabat bildirgan BMTning bosib olingan Falastin hududlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze ham xalqaro hamjamiyatni G‘azoda ro‘y berayotgan genotsidga tomoshabin bo‘lib turishda ayblagan.

«Diqqat bilan kuzatsak, (G‘azodagi xunrezlik) tinch aholi qatliom qilingan boshqa fojialardan farq qilmasligiga amin bo‘lamiz. Genotsidni to‘xtatish kerak. Ammo jahon ahli xuddi Srebrenitsa va Ruandada bo‘lgani kabi, G‘azodagi holatga ham shunchaki tomoshabin bo‘lib turibdi», – deb yozgan BMT maxsus ma’ruzachisi.

HAMASning hujumiga javoban G‘azoda 7 oktyabrdan buyon keng ko‘lamli urush olib borayotgan Isroil kuchlari avval ham daxlsiz sanalgan maskanlarni bombardimon qilgan edi.

Oktyabr oyida «Al-Ahliy» shifoxonasiga raketa zarbasi berilishi oqibatida yuzlab begunoh odam halok bo‘ldi.

Noyabr oyida Jabaliya qochqinlar lageri bombardimon qilingani xalqaro tashkilotlar tomonidan keskin qoralandi.

Noyabr oyida Isroil harbiylari BMT tasarrufidagi «Al-Faxura» maktabini bombalashi oqibatida kamida 50 kishi halok bo‘ldi.

7 oktyabrdan buyon 20400 nafardan ziyod falastinlik halok bo‘ldi. G‘azoning 2,3 million aholisi hayotiga qirg‘in qurollaridan tashqari ochlik, tashnalik va yuqumli kasalliklar xavf solmoqda.

Kuni kecha BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azoda bir qarich ham xavfsiz joy qolmagani haqida bong urdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring