Islom Karimov Rossiyaning «NTV» telekanali ig‘vosiga qanday javob bergan edi?

Islom Karimov fondining «Feysbuk» tarmog‘idagi sahifasida sobiq davlat maslahatchisi Narzulla Jo‘rayevning birinchi Prezidentimiz haqidagi xotiralari e’lon qilingan edi.
Jo‘rayev o‘z xotiralarida Islom Karimov bilan bog‘liq ko‘plab voqealarni yodga olgan. Jumladan, mustaqillikning dastlabki yillarida Tolibonlar bilan bog‘liq qiziqarli voqeani ham so‘zlab bergan.
«Tolibonlarga qarshi kurash koalitsiyasi faoliyat yuritayotgan paytlar strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq, Qashqadaryoning Xonobodidan AQShning qarorgohiga joy berib qo‘yildi. Ana shunda birdaniga Moskva televidiyeniyesi, aniqrog‘i «NTV» telekanali «Tolibonlar Amudaryodan o‘tib, Termizni egallab olishdi. O‘zbekistonda urush boshlanishi muqarrar», degan ig‘vo tarqatdi.
Islom Karimov bu voqeaga go‘yoki mutlaqo e’tibor bermagandek bo‘lib, ertasi kuni maxsus samolyotda O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy jurnalistlardan iborat katta delegatsiyani o‘zi bilan birga Termizga olib bordi. Ularni ham mehmon qildi, ham Termizni sayohat qildirdi va o‘sha yerda to‘g‘ridan-to‘g‘ri bayonot berdi: «Qani toliblar? Topib beringlar menga?» O‘sha yerda Rossiya diplomatik korpusi ham turibdi, o‘sha «NTV» vakili ham turibdi. Mana sizga siyosiy diplomatiya! Bu eng ta’sirchan, eng samarali usul bu.
Keyin mehmonlarni qoldirib, o‘zi chegarachilar bilan uchrashuvga bordi. Chegarachilar bilan suhbat qildi. U kishi sog‘lom, kuchli yigitlarni ko‘rsa otadek quvonib ketadigan, otalik tuyg‘usi nihoyatda jo‘shqin, mehrli odam edi. «Butun O‘zbekiston bolalari — mening bolalarim» degan gap uning hayotining mazmuni edi.
Bir payt buni qarangki, bo‘yi ikki metr keladigan askarni unga ro‘baro qilishdi. Shunday borib, quvonib, «mening shunday bolalarim, polvon bolalarim bormi? Shular bor ekan, mening chegaramdan pashsha ham bosib o‘ta olmaydi», deb uni quchoqlab, yerdan uch marta ko‘tarib-ko‘tarib qo‘ydi.
So‘ng askarlar bilan xayrlashib, «Hayraton» ko‘prigiga bordi. «Hayraton» — O‘zbekiston bilan Afg‘onistonni bog‘lab turgan yagona ko‘prik. Bu yerdan poyezd ham o‘tadi hozir, temiryo‘l qurildi. Shu yerga kelib, «Xo‘sh, toliblar shu ko‘prikdan o‘tadimi?, dedi. O‘tib kelsin, ko‘ray men. Agar toliblar shu ko‘prikdan o‘tadigan bo‘lsa, men ko‘prikka ko‘ndalang yotib olaman — oldin meni bosib olsin, keyin yurtimga kiradi» dedi. Mana Prezidentning vatanparvarlik tuyg‘usi!», — deya eslaydi Narzulla Jo‘rayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter