Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islom Karimov ishlatgan telefon, ilk televizor, markalar kolleksiyasi — Keling, muzeyga boramiz!

Islom Karimov ishlatgan telefon, ilk televizor, markalar kolleksiyasi — Keling, muzeyga boramiz!

Foto: «Xabar.uz»

Muzey tarix va bugunni birlashtiruvchi, ilm o‘rganish va o‘tmishga sayohatga chorlovchi joy. Dam olish kunini sifatli o‘tkazib, ham bilim olib, ham hordiq chiqarmoqchi bo‘lsangiz, albatta, muzeyga boring.

«Xabar.uz» Toshkent muzeylari faoliyati, eksponatlari haqida foto va maqolalar berib borishni maqsad qildi. Ilk sayohatni Aloqa tarixi muzeyidan boshladik.

Nomidan ham ma’lum, muzey aloqa sohasining rivojlanish tarixiga bag‘ishlangan.

Manzil: Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi 28a.

Kirish bepul.

Ish vaqti: 09:00 dan 18:00 gacha.

Tushlik: 13:00 dan 14:00 gacha.

Dam olish kuni: yakshanba.

To‘liq aylanish uchun: 40 daqiqadan 2 soatgacha vaqt sarflanadi.

 – Muzeyimiz 2009 yilda ish boshlagan, – deydi muzey direktori O‘roq To‘xtayev. – Mavzu jihatidan aloqa sohasining turlari: pochta, telegraf, telefon, radioaloqa, radioeshittirish, televideniye, mobil aloqa, zamonaviy aloqa texnologiyalarining tarixi kabi bo‘limlarga ajratilgan. Muzeyga aloqa korxonalari tomonidan sohaga oid eksponatlar, shaxsiy kolleksiyalardan ko‘plab eksponatlar taqdim etilgan. Hozirda ular soni 18 ming 600 dan ziyod. Bizda barcha xizmatlar bepul. Ekskursovodlarimiz guruh bo‘lib kelganlarga ham, bir nafar mehmonga ham bir xilda xizmat ko‘rsatadi.

Bizga hamrohlik qilgan muzey xodimi Nafisa Saidova ham ekskursiya davomida buni isbotladi. Bir xodim faqat siz uchun uch qavatli binoni aylanib, har bir eksponat haqida ma’lumot berib borsa, ishchi holatdagi eksponatlarni ishlatib ko‘rsatsa, savollaringizga erinmay javob bersa, siz esa bu xizmatlar uchun hech qanday haq to‘lamasangiz, hatto biroz noqulay ham bo‘lar ekan.

Muzeyning birinchi qavatida, musiqa va axborot saqlovchi vositalar, pochta aloqasi, telefon, telegraf va radio aloqa vositalari, televideniye kabi bo‘limlar mavjud. Biz hozir bularning barchasi bitta mobil telefonida mavjud bo‘lgan zamonda yashayapmiz. Grammofon, fonograf, patefon, plastinka kabilarni 30 yoshdan kichik avlod ko‘rmagandir ham.

Grammofon. 1930 yil

Masalan, 1990 yillarda Yulduz Usmonovaning «Sen meni ishontir...» deb nomlangan plastinkasi ko‘plab o‘zbek xonadonlariga kirib borgan. Suratini ko‘rishingiz bilan uni taniysiz. Yoki hozir ham ishchi holatida bo‘lgan grammofondan musiqa eshitish ko‘pchilikka qiziq bo‘lsa kerak.

—  Sodda qilib, bu «Festival» rusumli pultli radio 1958 yilda ishlab chiqarilgan desak, ko‘pchilik mehmonlar «pultli?!» deya qayta so‘raydi. Ikkinchi Jahon urushidan nogiron bo‘lib qaytganlarga ko‘proq asqotgan radioqabulqilgich rostdan ham besh metr masofadan pulti yordamida boshqarilgan, —  deydi Nafisa Saidova.

—  Aloqa muzeyiga qaysi yoshdagilar ko‘proq kelishadi?

—  Ko‘pincha maktab o‘quvchilari, aloqa sohasida ta’lim olayotgan talabalar turistlar kelishadi Oilaviy farzandlari bilan keladiganlar ham yo‘q emas. Hatto qayta-qayta keladiganlar bor.

—  Qaysi eksponat mehmonlarda ko‘proq qiziqish uyg‘otadi?

— Birinchi prezident Islom Karimov ishlatgan mobil telefonini ko‘proq so‘rashadi. Birinchi televizor ham qiziq ko‘pchilikka. Grammofondan musiqa qo‘yib bersak, zerikib turgan bolalar ham tinchib, eshitishadi.

Ushbu telefon apparatida birinchi prezident Islom Karimov 1992 yil 26 avgust kuni O‘zbekiston aloqa tarixida birinchi marta mobil telefon aloqani amalga oshirgan

—  Mehmonlar qiziq savollar ham berishsa kerak, a?

— Tomoshabinlar har xil bo‘ladi. Kimdir bilan 30-40 daqiqa ichida butun muzeyni aylanib tugatasiz. Biror savol bermay, tez-tez aylanadi chunki. Ayrimlar uchun 2-3 soat ham kamlik qiladi, har xil savollar beradi. Mehmonlarning savollari orqali o‘z ustimizda ishlab, o‘zimiz ham ko‘p narsa o‘rganib boramiz. Masalan, endi ishga kirgan vaqtlarim edi. Bir mehmon xat tashuvchi kabutarlar qanday qilib manzilni topib borgani haqida so‘radi. Javobini bilmay, o‘zim ham bunga qiziqib qoldim. Keyin o‘qib ko‘rsam, kabutarlar don yegan joyini eslab qolarkan. Don berib, qayta-qayta uchirib, bir yo‘nalish bo‘yicha xat tashishga o‘rgatilgach, ularning oyog‘iga xat bog‘lab uchirilar ekan.

Xalqaro aloqa bo‘yicha eng yaxshi telefonist U. Raxmatullayeva Namangan viloyati Chust tumanidagi yangi aloqa uyida, 1980 yil, 28 aprel.

Aloqa tarixi muzeyi O‘zbekiston davlat pochta markalarining saqlovchisi ham hisoblanadi. Muzeyning uchinchi qavatida O‘zbekiston markalari ko‘rgazmasi joylashgan. 1992 yilda «O‘zbekiston markasi» nashriyot markazi tashkil etilib, o‘sha yilning 7 may kuni mamlakatning eng birinchi pochta markasi chiqarilgan. Ushbu pochta markasi – o‘zbek xalqining mashhur shoirasi Nodirabegim tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlanadi. Ko‘rgazmada 30 yil mobaynida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan flora, fauna, tarixiy obidalar, san’at va madaniyat turkumidagi hamda o‘zbek allomalari yubileylariga bag‘ishlangan markalarni uzoq tomosha qilish mumkin. 

Mamlakatimiz tarixidagi birinchi pochta markasi. Nodirabegim. 1992 yil.

Aloqa tarixi muzeyi haqiqatan ham qiziq va rang-barang eksponatlarga boy. Muzeyga farzandlaringiz va ota-onalaringiz bilan borishga harakat qiling. Katta yoshlilar qachonlardir ko‘rgan-ishlatgan texnikalari haqida eslab, so‘zlab berishlari va bu sayohat bolalarga ham, kattalarga ham birdek maroqli bo‘lishi aniq.

Agar Sizda ham aloqa sohasiga doir tarixiy buyumlar bo‘lsa, uni minglab tomoshabinlar ko‘rishi uchun muzeyga sovg‘a qilishingiz mumkin.

Televizor
Telegraf apparati.
Telefon apparati. XX asr boshi.
Shaxsiy kolleksiyadan.

Videomagnitofon.
Festival rusumli radioqabulqilgich va uning pulti. 1958 yil

Dilroz Abrayeva,
Xabar.uz muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring