Islom sivilizatsiyasi markazi binosida yuzaga kelgan yong‘in o‘chirildi
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi binosida yong‘in yuzaga kelgani haqida xabar berilgan edi.
Favqulotda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2019-yilning 5-dekabr kuni soat 16:38da Toshkent shahar Olmazor tumani Zarqaynar 14-berk ko‘chasida joylashgan Islom sivilizatsiyasi markazining yangi qurilayotgan binosida yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan.
Xabar asosida voqea joyiga 10 ta asosiy yong‘in o‘chirish avtoekipajlari hamda 6 ta maxsus va yordamchi yong‘in o‘chirish texnikalari jalb etilgan.
Birinchi bo‘linmalar chaqirilgan manzilga soat 16:44 yetib borgan va 16:54 da yong‘in qurshab olinib, soat 17:06 da to‘liq bartaraf etilgan.
Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar qayd etilmagan.
Yong‘in oqibatida qurilayotgan bino yerto‘lasida joylashgan ta’mirlash uchun olib kelingan teploizolyasiya (penoplast) qurilish materiallari 150 kv.metr maydonda yongan.
Yong‘inning kelib chiqish sabab va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter