Ishdan ortmagan ota o‘g‘lining o‘limidan so‘ng ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga murojaat qildi
Portlendlik (AQSh) Jey Ar Storment oxirgi sakkiz yilini faqat ishga bag‘ishladi. Mehnatlari zoye ketmadi — oilasini yaxshi ta’minlay oluvchi biznesni yo‘lga qo‘ydi. Biroq... Pul topaman deb ko‘p narsani yo‘qotib qo‘yganini endi anglamoqda.
«Roppa-rosa sakkiz yil avval biz egiz farzandlar ko‘rdik, yana men «Cloudability» asoschilaridan biri bo‘ldim. Uch oy oldin men kompaniyaning to‘laqonli xo‘jayiniga aylandim. Uch hafta ilgari esa egizaklarimizdan biridan ajralib qoldik».
Jey Ar Storment
Xotini noxush xabarni aytish uchun qo‘ng‘iroq qilganida Storment yig‘ilishda edi. «Vayli o‘ldi», — dedi Jessika sovuq ovozda. Jey Ar shu on uyiga uchdi. Uyiga kelsa bir nechta tez yordam va politsiya mashinalari turibdi. Sakkiz yoshli bola qo‘qqisdan vafot etsa, buning tagida jinoyat alomatlarini qidirishadi.
«O‘g‘ilginamni ko‘rish uchun ikki soatdan ortiq azobli onlarni boshdan o‘tkazdim. «...» Bizga xonaga kirishga ruxsat berishganida, meni yoqimsiz xotirjamlik chulg‘ab oldi. Uning krovatiga yonma-yon yotib, qo‘llarini ushlab: «Nima bo‘ldi, og‘ayni?», deb so‘radim».
Jey Ar Storment
Vaylining joni kechasi uzilgan ekan. Ertalab onasi uxlayapti deb o‘ylab, uyg‘otmagan. Keyin kelib qarasa, tanasi sovigan... Hech narsadan bexabar ukasi yonida aypad o‘ynab o‘tirgan.
O‘tgan yili Vayliga xavfsiz rolandik epilepsiya tashxisini qo‘yishgandi. Ota-onasining fikricha, bola tutqanoq paytidagi favqulodda o‘lim sindromidan nobud bo‘lgan.
«Biz gaplashgan hamma pediatrlar va nevrologlar xavotirlanishga hojat yo‘qligini aytishgandi. Epilepsiyasi bor har 4500 ta bolaning bittasida shu sindrom borligini aytishgandi. Vrachlarga, statistikaga ishonibmiz».
Jey Ar Storment
Fojiadan bir hafta o‘tib ota-ona qalbidagi g‘am-alamni butun dunyodagi hamkasblariga to‘kib-sochishdi. Jey Ar va Jessika hayotdan asl maqsadni anglab yetish, oila bilan o‘tkaziladigan har bir onni qadrlashga chorlashdi.
«Bu vaziyatda olganlarimiz shu bo‘ldiki, hayot juda nozik, berilgan vaqt esa juda qisqa».
Jessika Brandes
«Ko‘plar bizga qanday yordam kerak, deyishmoqda. Bolalaringizni bag‘ringizga bosing. Ishda kech qolib ketmang. Vaqti qazongiz yetib kelganida, umringizni behuda o‘tkazganingizga kuyinib qolmang».
Jey Ar Storment.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter